Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunning 42-1-moddasining mazmuniga ko‘ra
qarzdor majburiyatini belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasi bo‘yicha yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdor jismoniy shaxsning O‘zbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli.
📄 E’tibor bergan bo‘lsangiz, qoidada “uzrsiz sabab” bilan qarzdor majburiyatni bajarmagandagina xorijga chiqishga taqiq qo‘yilishi aytilmoqda.
⚠️ Biroq qarzdorga aliment majburiyatini bajarish yuklatilganda, irjo hujjati chiqarilgandayoq qarzdorga taqiq qo‘yadi. Bir qarashda bu yuqoridagi qonunga ziddek ko‘rinishi mumkin.
✅ Lekin masalaga ikkinchi tomondan qaraydigan bo‘lsak, bunday ish tutish to‘g‘riligini ko‘rishimiz mumkin.
1️⃣ Aliment majburiyati davomli majburiyat toifasiga kiradi. Ya’ni aliment to‘lovchi har oyda belgilangan miqdorda aliment to‘lashi kerak.
2️⃣ Aliment begona shaxsga emas, aliment to‘lovchining voyaga yetmagan farzandiga to‘lanadi. Shunday bo‘lsa-da, statistik ma’lumotlar aliment to‘lovchi o‘z farzandining ta’minoti uchun ham o‘z majburiyatini bajarmaydigan holatlar anchagina ekanligini ko‘rsatadi.
3️⃣ Aliment to‘lovchi har oy o‘z majburiyatini bajarib kelayotgan bo‘lsa, unga taqiq qo‘ymaslik kerakligi normada belgilangandek ko‘rinadi. Biroq qarzdor O‘zbekiston Respublikasidan chiqqandan so‘ng navbatdagi muddatda o‘z majburiyatini bajarish yoki bajarmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.
❇️ Shunday ekan, aliment majburiyatini bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxsning xorijga chiqishiga taqiq qo‘yilishini to‘g‘ri deb hisoblayman.
◼️ Ana endi asosiy masalaga qaytsak. Garchi qarzdorga taqiq qo‘yilgan bo‘lsa-da, uni uchta usul orqali olib tashlash mumkin.
▪️ Qarzdor aliment to‘lovchining aliment undiruvchi bilan kelishishi. Bu eng yaxshi va kamchiqim usul hisoblanadi.
Yuqoridagi qonunning 40-moddasiga ko‘ra undiruvchi MIBga ariza beradigan bo‘lsa, ijro hujjati unga qaytariladi. Shundan so‘ng taqiq olib tashlanadi. Buning uchun esa, undiruvchi bilan kelishishi kerak bo‘ladi.
▪️ Navbatdagi usul alimentni oldindan to‘lash. Ushbu usulga ko‘ra alimentlarni oldindan to‘lash bola voyaga yetguniga qadar har qanday davr uchun 5️⃣ yildan kam bo‘lmagan muddatga amalga oshiriladi. Agar bolalar voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr 5️⃣ yildan kam bo‘lsa, alimentlarni oldindan to‘lash qolgan davr uchun amalga oshiriladi.
❇️ Soddaroq aytganda, aliment to‘lovchi:
👉 farzandi voyaga yetishiga 5 yildan ortiq vaqt bo‘lganda kamida besh yillik alimentni (masalan qarzdorning farzandi 4 yosh bo‘lsa, unda birdaniga 5 yillik summani);
👉 agar farzandi voyaga yetishiga 5 yildan kam bo‘lsa, unda fazandi voyaga yetguncha bo‘lgan davr uchun alimentni birdagina to‘lashi kerak. Misol uchun farzand 16 yoshga to‘lgan bo‘lsa, 2 yillik alimentni birato‘la to‘laydi.
❗️Bu usulda faqat pul berish shart emas, bunda undiruvchiga alimentlarni oldindan to‘lash hisobiga ko‘chmas (uy-joy, noturar joy) yoki ko‘char mulk (avtotransport vositasi) yoxud boshqa qimmatli ashyo (meros qolgan tilla uzuk) taqdim etilishi mumkin.
❇️ Ushbu usulda pulni to‘lash yoki mol-mulkni topshirish 🔟 ish kunidan oshmagan muddatda amalga oshiriladi.
📨 Alimentni birdagina to‘lash haqida ariza tegishli MIB yoki fuqarolik sudga berilishi mumkin.
▪️ Alimentni garov bilan ta’minlash. Bu usulda aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlashda garov qiymati qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan (20.03.2024 holatiga 85 000 000 so‘m) kam bo‘lmasligi lozim.
❇️ Bunda aliment to‘lovchi va undiruvchi garov shartnomasini tuzishi lozim. Ushbu shartnoma qarzdor va undiruvchi o‘rtasida aliment to‘lash majburiyatini garov bilan ta’minlash va aliment majburiyatlari 2️⃣ oydan ortiq muddat davomida bajarilmagan taqdirda undiruvchiga undiruvni garov predmetiga qaratish huquqini berish uchun tuziladi.
📨 Bunda ham ariza tegishli MIB yoki fuqarolik sudga berilishi mumkin.
P.S. Yuqoridagi uchta usul orqali aliment to‘lovchi shaxs xorijga chiqishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlasa bo‘ladi. Lekin ushbu usullarni amalga oshirish uchun aliment qarzdorligi bo‘lmasligi kerak.