Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish hamda bu jarayonda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini ham bepul va sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun imkoniyatlar yaratish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Qarori qabul qilingan. Mazkur qaror bilan Soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar hisobidan xususiy tibbiyot muassasalarining aholi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.
Ushbu Nizom muvofiq, Xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan aholining quyidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi:
- o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;
- I va II guruh nogironlari, nogiron bolalar;
- muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar;
- ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan shaxslar;
- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
- 1941–1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- 1941–1945-yillardagi urush davrida mehnat jabhasining qatnashchilari;
- qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topilgan boshqa shaxslar.