Tadbirkorlarga o‘z faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun qulay iqtisodiy muhitni yaratish, ularning zimmalaridagi soliq yukini kamaytirish hamda tadbirkorlik faoliyatlarini yanada rivojlantirish maqsadida milliy qonunchiligimizda bir qancha o‘zgartirishlar kiritib borilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.08.2024-yildagi PF-132-son Farmoniga muvofiq, 2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytirildi.
Bundan tashqari, 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini, 2025-yil 1-yanvardan boshlab umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subektlariga 2028-yil 1-yanvarga qadar har oyning 25 sanasiga qadar to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini quyidagi miqdorlarda respublika budjetidan qaytarish tizimi joriy etildi:
a) oylik tovar aylanmasining naqd pulsiz (to‘lov terminallari yoki mobil to‘lovlar orqali) qismi:
- 60 foizdan oshgan umumiy ovqatlanish korxonalariga — budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 40 foizi;
- 60 foizdan kam umumiy ovqatlanish korxonalariga — budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 20 foizi;
b) turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subektlariga — budjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 20 foizi.