Ish haqlarining oshishi kontraktga ta’sir ko‘rsatadimi?

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risidagi Farmoni e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, ish haqlari, pensiya, nafaqa, mehnatga haq to‘lash eng kam miqdori, bazaviy hisoblash miqdorlari tegishincha oshirildi.

Xo‘sh mazkur o‘zgarishlar OTM to‘lov kontrakti miqdorlariga ta’sir ko‘rsatadimi? Boshqacha aytganda, kontrakt miqdorlari oshadimi degan haqli savol tug‘iladi.

Mazkur savolga javobni Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomdan olishimiz mumkin.

Ushbu nizomning 12-bandida oliy ta’lim muassasalarida kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori:

  • bilim sohalari,
  • soha va ta’lim yo‘nalishlari,
  • ta’lim shakllari (ishlab chiqarishdan ajralgan yoki ajralmagan holda)
  • ta’lim bosqichlari (bakalavriat, magistratura, ikkinchi va undan keyingi ta’lim) bo‘yicha alohida, har o‘quv yili uchun belgilanishi keltirilgan.

Shuningdek, ushbu nizom 18-bandida ish haqi va stipendiyalar miqdorlarining, energiya resurslari, kommunal va ekspluatatsiya xizmatlarining narxlari va tariflari o‘zgarishi munosabati bilan kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori (oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori bundan mustasno) o‘quv yili davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi belgilangan.

Mazkur holatda nizom 19-bandiga muvofiq o‘quv yili davomida kontrakt asosida o‘qitishning to‘lov miqdori o‘zgarganda oliy ta’lim muassasasi tomonidan o‘qitish uchun to‘lov qayta hisob-kitob qilinadi va kontraktga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

Bunda, qayta hisob-kitob faqatgina o‘quv yilining qolgan muddati uchun amalga oshiriladi.

Demak, ish haqlarining oshirilishi kontrakt miqdorlarining oshishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Boshqacha aytganda, yaqinda tasdiqlangan 2024/2025-o‘quv yili uchun to‘lov kontakt miqdorlari 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Ushbu masalada Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yakuniy xulosani e’lon qilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

5 yillik ish stajiga ega xodimlar OTMlarga kontrakt asosida qabul qilinadi

Bu yil OTMlarga kirishning minimum ballari nechi va ular super-kontraktga miqdoriga ta’sir qiladimi?

Xorijiy tillarni bilish darajasi C1 bo‘lmasa ham imtihon xarajatlari qoplanadi

Xorijiy til sertifikati uchun imtiyozlar

Fan olimpiadalarida g‘olib o‘quvchilar taqdirlanadi