Kontrgarantiya yoki kontrgarant nima?
Majburiyatlarning bajaralishini taʼminlashning bir qator usullari mavjud boʻlib, ularning asosiy qismi (kafillik, kafolat, neustoyka zakalat va boshqalar) Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solingan. Shu bilan birga fuqarolik qonunchiligi bilan hozirda tartibga solinmagan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash usullari ham mavjud. Ulardan biri kontrgarantdir.
Kontrgarantiya (kontrgarant) – bu bank kafolati turidagi majburiyatni bajarilishini taʼminlash usulidir. Kontrgarant – bu bank kafolatining maxsus turi boʻlib, unda ikkinchi garant (kontrgarant) birinchi garant oldidagi majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash maqsadida kafolat beradi. Uning mohiyati shundaki, kontrgarant garanti (birinchi garant) oldidagi majburiyatlarni bajarilishini taʼminlaydi. Bu murakkab huquqiy konstruksiya boʻlib, unda kamida uch subyekt ishtirok etadi:
- Benefitsiar (kafolat oluvchi)
- Birinchi garant (benefitsiar oldida kafolat beruvchi)
- Kontrgarant (birinchi garant oldida kafolat beruvchi)
Kontrgarant instituti zamonaviy bank amaliyotida muhim ahamiyatga ega. U majburiyatlar bajarilishini taʼminlashning samarali usuli sifatida xalqaro savdo va moliya munosabatlarida keng qoʻllaniladi.
Mazkur usulning asosiy xususiyatlari quyidagicha:
Ikki bosqichli kafolat munosabati yuzaga keladi. Yaʼni birinchi garant benefitsiar oldida kafolat bersa, kontrgarant birinchi garant oldida kafolat beradi.
Pul mablagʻlari bilan bogʻliq majburiyatlarni taʼminlashda qoʻllaniladi. Bunda faqat pul majburiyatlarini taʼminlaydi. Aniq summa koʻrsatilishi shart. Naqd pulsiz hisob-kitoblar orqali amalga oshiriladi.
Mustaqillik, yaʼni asosiy shartnomadan mustaqil, birinchi garant majburiyatidan mustaqil va Oʻz shartlari asosida amal qiladi.
Qaytarib olinmaslik. Kontrgarant oʻz majburiyatidan bir tomonlama voz kecha olmaydi. Shartnoma muddati tugagunga qadar amal qiladi. Faqat kelishuv asosida oʻzgartirilishi mumkin
Xalqaro savdo va bank amaliyotida keng qoʻllaniladi. Xususan, import-eksport operatsiyalarida, xalqaro tender va auksionlarda, yirik investitsiya loyihalarida, kreditlash jarayonida, lizing operatsiyalarida, bank kafolatlarini berish chogʻida qoʻllaniladi.
Kontgarantga yaqin boʻlgan taʼminlash usullari hisoblangan kafillik va kafolatdan quyidagi jihatlari bilan farqlanadi.
Kafillik | Kafolat | Kontrgarant |
---|---|---|
Kafillikda kafil asosiy qarzdor bilan solidar javobgar | Bank kafolatida kafil benefitsiar oldida javobgar | kontrgarantda faqat garant oldida javobgar boʻladi |
Kafillik subsidiar javobgarlikni nazarda tutishi mumkin | Bank kafolatida bir bosqichli munosabat | kontrgarantda bunday emas. kontrgarantda ikki bosqichli |
Kafillikda regress huquqi mavjud | Bank kafolatida regress huquqi boʻlishi mumkin | kontrgarantda yoʻq |
Kontrgarant majburiyatni bajarilishini taʼminlashning samarali usuli boʻlib, bu usul orqali majburiyatlar bajarilishi ikki bosqichli taʼminot tizimi bilan kafolatlanadi. Biroq uning qoʻllanilishi maʼlum talablar va cheklovlarga ega.