Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining
2023-yil “29” – avgustdagi 270-son buyrug‘iga
2-ILOVA
Direktor lavozimiga ochiq tanlov o‘tkazish tog‘risida TARTIB
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Tartib Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining bo‘sh (vakant) bo‘lgan direktor lavozimiga ochiq tanlov (keyingi o‘rinlarda – tanlov) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Tanlov umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida bo‘sh (vakant) bo‘lgan direktor lavozimlariga belgilangan malaka talablariga muvofiq eng munosib nomzodni dastlabki saralashdan o‘tkazish va Direktorlar kengashi tavsiyasi asosida ishga qabul qilish maqsadida o‘tkaziladi.
3. Mazkur Tartib talablari quyidagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori lavozimlariga tatbiq etilmaydi:
- Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari;
- jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari;
- sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari; ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar va ixtisoslashtirilgan maktablar;
- alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar.
4. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari (keyingi o‘rinlarda – maktab) direktorlarini lavozimga tayinlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda – hududiy boshqarmalar) tomonidan Direktorlar kengashi tavsiyasi bilan amalga oshiriladi.
5. Mazkur Tartibda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi.
bo‘sh (vakant) lavozim – Vazirlik tuzilmasida belgilangan, tegishli malakaga ega xodim qabul qilinishi mumkin bo‘lgan maktablardagi direktor lavozimi.
nomzod – vakant lavozimga ishga kirish uchun elektron tarzda murojaat qilgan jismoniy shaxs yoki tizimda faoliyat yuritayotgan xodim.
dastlabki saralash tanlovi – mazkur Tartib talablari asosida o‘tkaziladigan, nomzodlarning maktab direktori lavozimi uchun belgilangan malaka talablariga mosligini dastlabki saralashga qaratilgan, Direktorlar kengashiga tavsiya etish uchun yuborish jarayonlaridan iborat holatlar majmui.
6. Dastlabki saralash tanlovi mehnatga oid qonun hujjatlari hamda mazkur Tartib talablariga asosan amalga oshiriladi.
7. Maktab direktori lavozimiga davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash huquqi qonunchilik bilan cheklanmagan va malaka talablariga javob beradigan fuqarolar nomzod sifatida ishtirok etishi mumkin.
8. Maktab direktori lavozimi uchun malaka talablari:
- kamida bakalavr darajasidagi oliy ma’lumot; menejerlik sertifikati;
- ta’lim sohasida kamida 5 yillik pedagogik staj;
- xorijiy tillarni va axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni bilishi (tanlov jarayonida ustuvorlik beradi).
9. Maktab direktori lavozimida ishlab turgan xodimni boshqa maktabning vakant bo‘lgan direktor lavozimiga amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq hududiy boshqarmalari boshlig‘i buyrug‘i bilan tanlovsiz rasmiylashtiriladi.
2-bob. Tanlovni tashkil etish tartibi
10. Maktab direktorlari lavozimiga nomzodlarni ochiq tanlov asosida saralash va lavozimga tayinlash mazkur Tartibga ilova qilingan sxema asosida amalga oshiriladi.
11. Maktab direktori lavozimiga nomzodlarni dastlabki saralashdan o‘tkazish maqsadida hududiy boshqarmalarda direktor lavozimiga nomzodlarni dastlabki saralashdan o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuziladi.
12. Komissiya tarkibi hududiy boshqarmalar boshlig‘ining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
13. Komissiya tarkibiga hududiy boshqarmasi boshlig‘i, o‘rinbosarlari, boshqarmaning Yuridik xizmat ko‘rsatish, Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, Ta’lim tashkilotlarida tarbiyaviy ishlarni muvofiqlashtirish sho‘balari, Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo‘limi mas’ul xodimlari hamda tegishli tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbarlari kiritiladi.
14. Tanlovni tashkil etish hududiy boshqarmalarning Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo‘limi (keyingi o‘rinlarda mas’ul deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
15. Vakant direktor lavozimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy apparat kompleksidan foydalangan holda “O‘qituvchilarning milliy kadrlar zaxirasi” elektron portali (ntr.avloniy.uz)ga joylashtiriladi.
16. Mazkur E’lon hududiy bo‘linmalarning rasmiy veb-saytida yoki ijtimoiy tarmoqlardagi e’lon sahifalariga, davriy nashrlarda ham joylashtirilishi mumkin.
2.1-bob. Dastlabki saralashni tashkil etish tartibi
17. Dastlabki saralash quyidagi bosqichlar asosida tashkil etiladi:
Birinchi bosqichda har bir hududiy boshqarma tomonidan Dastlabki saralash o‘tkazilishi to‘g‘risida e’lon 10 kun muddatga ntr.avloniy.uz elektron portali orqali beriladi.
Bunda, vakant direktor lavozimi bo‘yicha quyidagilar ko‘rsatilishi majburiy hisoblanadi:
- malaka talablari; lavozim majburiyatlari;
- amaldagi lavozim maoshi;
- vakant direktor lavozimi mavjud umumta’lim muassasasi nomi va manzili.
Ikkinchi bosqichda:
Komissiya tomonidan ntr.avloniy.uz elektron portali orqali ariza yuborgan nomzodlarning hujjatlari qabul qilinadi va ularning hujjatlari shaffof, adolatli tartibda e’lon muddati tugagan kundan boshlab 5 ish kunida o‘rganib chiqiladi.
Mas’ul talabgorlar tomonidan yuborilgan arizalar asosida nomzodning avtomatlashtirilgan shakldagi ma’lumotnoma (CV)ni komissiyaga malaka talablariga mos kelishini o‘rganish uchun taqdim etadi.
Nomzodlar tomonidan tanlovda ishtirok etish bo‘yicha tanlov natijasiga ta’sir qiladigan yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilganda ularni tanlovdan chetlatish yoki tanlov natijalarini bekor qilishga asos bo‘ladi.
Uchinchi bosqichda komissiya tomonidan saralangan nomzodlar hujjatlari Kengashga taqdim etiladi.
18. Tanlovda ishtirok etish bo‘yicha hujjatlar kelib tushmagan taqdirda qayta e’lon beriladi.
3-bob. Kengash tomonidan suhbat o‘tkazish va tavsiya berish tartibi
19. Kengash kotibi tanlovning suhbat bosqichi o‘tkazilishi bo‘yicha ma’lumotlarni nomzodlarning Portaldagi shaxsiy kabinetlariga suhbat jarayonidan kamida 3 kun oldin xabar yuborilishini ta’minlaydi.
20. Suhbat jarayoni intervyu usulida har bir nomzodga soha bo‘yicha bilim saviyasi, shaxsiy va boshqaruv kompetensiyasi, umumiy dunyoqarashi ta’lim sohasidagi islohotlardan xabardorligi, umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi mavjud muammolarni bartaraf etish malakalarining mosligini aniqlashga qaratilgan savol (topshiriq), tasodifiy tanlash (random) orqali beriladi. Bunda, har bir nomzod bilan suhbat davomiyligi 30 daqiqadan oshmasligi lozim.
21. Kengash qarori yig‘ilishda ishtirok etayotgan a’zolarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
22. Kengash a’zosi qabul qilinayotgan qarorlar bo‘yicha o‘zining fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli. Uning fikri yig‘ilish bayonnomasida qayd etiladi.
23. Nomzodlarning suhbat jarayoni to‘liq video tasvirga olinadi va bir yil muddatda saqlanadi.
24. Kengash yig‘ilishida qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi hamda kengash raisi, rais o‘rinbosari va kotib tomonidan tasdiqlanadi.
25. Kengash tomonidan suhbat natijalariga asosan bir nafar nomzod direktor lavozimiga tayinlash bo‘yicha hududiy boshqarmaga tavsiya etiladi.
26. Hududiy boshqarmalar boshlig‘i 3 ish kunida Kengash qaroriga ko‘ra direktor lavozimiga tavsiya etilgan nomzodni tayinlash to‘g‘risida buyruq chiqaradi.
Kengash tomonidan suhbat natijalariga ko‘ra direktor lavozimiga nomzodlar munosib deb topilmaganda, qayta e’lon berish uchun hududiy boshqarmaga tavsiya beriladi.
27. Nomzodlar suhbat qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda 5 ish kuni ichida suhbat natijalari yuzasidan yuqori turuvchi organga murojaat qilish huquqiga ega.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Ushbu tartibni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.