O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi
vazirining 2023-yil 29-avgustdagi 270-son buyrug‘iga 1-ilova
Direktorlar kengashi to‘g‘risida NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarda tashkil etilgan Direktorlar kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash) maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom talablari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlardagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarga nisbatan tatbiq etiladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlardagi eng tajribali umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlaridan iborat bo‘lgan Kengash tuziladi.
Kengash Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlarda tuziladigan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini lavozimiga tayinlash bo‘yicha tavsiya beruvchi maslahat organi hisoblanadi.
Kengash o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida yuritadi va oshkoralik, kollegiallik, o‘zaro hurmat, teng huquqlilik tamoyillariga amal qiladi va Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobdor hisoblanadi.
3. Kengash o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Hay’atining qarorlariga, vazirning buyruqlari va ko‘rsatmalariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
4. Kengashning Nizomi va tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi hamda uch yilda bir marta yangilab turiladi.
5. Kengash tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda – hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari) tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
2-bob. Kengashning asosiy vazifalari
6. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga yuksak axloqiy fazilatlarga, yuqori malaka va tajribaga, boshqaruvchilik qobiliyatiga ega mutaxassislarni tanlash, saralash asosida munosib nomzodlarni tavsiya etish;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonlari boshqaruvini jamoatchilik ishtirokini kengaytirish orqali takomillashtirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga kiritish;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonlari sifati va samaradorligini ta’minlash, bunda, samarali boshqaruvni amalga oshirish, joylarda amaldagi me’yoriy hujjatlarga amal qilinishi monitoringini olib borish va tegishli takliflar ishlab chiqish;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ishchanlik va ma’naviy muhitni shakllantirish, pedagoglarning samarali kasbiy faoliyati uchun tegishli sharoitlarni yaratish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarining reyting ko‘rsatkichlarining yillik o‘sish dinamikasini ko‘rib chiqish jarayonlariga ko‘maklashish;
- ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarining faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlari, o‘qituvchilari va pedagoglarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilgan holatlarda vakolati doirasida tegishli tavsiyalar ishlab chiqish;
- umumiy o‘rta ta’lim muassasalari boshqaruvida sog‘lom muhitni tashkil etish maqsadida pedagoglar, ota-onalar, o‘quvchilar o‘rtasida so‘rovnomalar va o‘rganishlar o‘tkazish.
3-bob. Kengashning huquqlari va majburiyatlari
7. Kengash o‘zining asosiy vazifalarini amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
- o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborotni belgilangan tartibda tegishli ravishda davlat organlari va tashkilotlari hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridan so‘rab olish;
- ish rejalar va dasturlarni, ta’lim faoliyatini muhokama qilishda ishtirok etish, ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
Kengash qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
8. Kengash ushbu Nizomda belgilangan asosiy vazifalar bajarilishini ta’minlashga majburdir.
Kengash qonunchilik hujjatlariga muvofiq o‘z zimmasiga boshqa majburiyatlarni ham olishi mumkin.
4-bob. Kengash faoliyatini tashkil etish
9. Kengash, qoidaga ko‘ra, rais, rais o‘rinbosari, Kengash kotibi va a’zolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Bunda, Kengash a’zolari soni hududdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari sonidan kelib chiqqan holda gender tenglikni inobatga olib direktorlar orasidan 7 nafardan 11 nafargacha belgilanadi.
10. Kengash raisi:
Kengash majlisi kun tartibini belgilaydi va uni chaqiradi;
Kengash qarorlarini tasdiqlaydi va ular ijrosi nazorat qilinishini tashkil etadi;
Kengashning yillik ish rejasini tasdiqlaydi, shuningdek, Kengashga uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etadi;
Kengash a’zolariga yuklangan vazifalar ijrosi bo‘yicha ularning ishini muvofiqlashtiradi;
Kengashning samarali faoliyatini ta’minlash uchun boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
11. Kengash o‘z vakolatlarini ta’lim tashkiloti rahbariga berishga haqli emas. Kengash raisi o‘rinbosari Kengash raisi yo‘qligida uning vazifasini bajaradi.
12. Kengash a’zolari:
- Kengash majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal etishda ishtirok etadi;
- ta’lim tashkilotini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha Kengash muhokamasiga takliflar kiritadi;
- Kengash tomonidan ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha tavsiyanoma yoki xulosalar taqdim etadi.
- Kengash a’zolari majlisda shaxsan ishtirok etishi kerak.
- Kengash a’zosi majlisda ishtirok etish imkoni bo‘lmaganda majlis kun tartibi bo‘yicha o‘z fikrini Kengashga yozma ravishda yuborish huquqiga ega.
13. Kengash o‘z ishini Kengash tomonidan tasdiqlangan rejalar asosida tashkil etadi va o‘z majlislarini zaruratga ko‘ra, biroq har oyda kamida bir marta o‘tkazadi.
Kengash raisi Kengash a’zolarining yozma iltimosnomalari asosida navbatdan tashqari majlislar chaqirishi mumkin. Kengash a’zolarining iltimosnomasida navbatdan tashqari majlis o‘tkazishning sabablari va asoslari bayon qilinishi kerak.
14. Kengash majlisini Kengash raisi olib boradi, u bo‘lmagan taqdirda — Kengash raisi o‘rinbosari olib boradi.
15. Kengash yig‘ilishi a’zolarning kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Yig‘ilish o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, Kengash yig‘ilishining navbatdagi o‘tkaziladigan sanasi e’lon qilinadi.
16. Kengash majlisida ko‘rib chiqilayotgan masalalarning xususiyatiga bog‘liq ravishda Hududiy boshqarmalar boshliqlari va mutaxassislari, ta’lim tashkiloti xodimlari, alohida soha mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
17. Kengash a’zosi bilan asosiy ish joyidan tuzilgan mehnat shartnomasi to‘xtatilganda Hududiy boshqarmalari tomonidan nomzod tavsiya etiladi va Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri buyrug‘i bilan Kengash tarkibiga kiritiladi.
18. Kengash kotibi:
Hududiy boshqarmalarning Inson resurslarini rivojlantirish boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i bo‘lib, Kengash yig‘ilishlarida ovoz berish huquqiga ega bo‘lmaydi.
barcha zarur hujjatlar Kengash majlisiga o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi;
majlisni o‘tkazish muddati va joyini Kengash raisi bilan kelishadi;
kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Kengash majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;
Kengash a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni majlis o‘tkaziladigan sana, kun tartibi loyihasi, vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qiladi; Kengash qarorlari ijrosi monitoringini olib boradi;
Kengash bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Kengash a’zolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi;
Kengash hujjatlari saqlanishini, shuningdek, Kengashning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni rasmiy veb-saytda joylashtirilishini ta’minlaydi.
5-bob. Kengash tomonidan qarorlar qabul qilinishi va ularning ijrosini tashkil etish
19. Kengash qarori majlisda ishtirok etayotgan Kengash a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolganda, Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
20. Kengash qarorlari Kengash majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisining bayonnomasi Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi va ikki kunlik muddatda Kengash a’zolariga yuboriladi.
Kengash majlisi bayonnomasi rasmiylashtirilgan sanadan boshlab 3 ish kuni mobaynida Kengash kotibi tomonidan tegishli ravishda hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga yetkazilishini ta’minlaydi.
21. Kengash bayonnomasining asli va unga tahliliy materiallar tegishli ravishda hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalarida saqlanadi.
22. Kengash kotibi Kengash a’zolari ko‘magida Kengash qarorlari bajarilishini muntazam ravishda o‘rganadi va ko‘rib chiqadi, zarurat bo‘lganda, Kengash raisiga tegishli takliflar kiritadi.
23. Kengash a’zolari faoliyati samaradorligi natijalariga ko‘ra Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Inson resurslarini rivojlantirish boshqarmasining taklifi bilan Ta’lim sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining besh barobarigacha miqdorda rag‘batlantirilishi mumkin.
6- bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Ushbu Nizom qo‘llanilishi munosabati bilan yuzaga keladigan nizolar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
25. Kengashni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.