Новация va цессия

Новация va цессия bu shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlarni topshirishning ikki xil usuli hisoblanib, ular bir qator o‘ziga xos xususiyatlari bilan bir biridan farq qiladi.

Novatsiya – bu shartnoma taraflarining dastlabki majburiyatni boshqa narsaga yoki boshqacha ijro etish usuliga almashtirish orqali o‘rtalaridagi majburiyatni yangilash hisoblanadi. Bunday holatda dastlabki majburiyat bekor bo‘ladi (Fuqarolik kodeksi 347-moddasi).

Misol uchun A MCHJ (mas’uliyati cheklagan jamiyat) hamda B FX (fermer xo‘jaligi) o‘rtasida mahsulot yetkazib berish shartnomasi tuzilgan va MCHJ yetkazilgan mahsulot uchun shartnomada kelishilgan pulni o‘z vaqtida to‘lolmaganda, ular o‘rtasida to‘lanmagan pul summasi miqdorida qarz shartnomasi tuzilishi mumkin. Bunda avvalgi m.y.b. shartnomasi bekor bo‘ladi va taraflar o‘rtasida yangidan tuzilgan qarz shartnomasi amal qiladi.

Novatsiya majburiyatning barcha taraflarining roziligi asosida tuziladi. Shuningdek, hayot yoki sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplash va alimentlarga nisbatan novatsiyaga yo‘l qo‘yilmaydi.

Цессия – bu majburiyatdagi shaxslarning o‘zgarishidir. Bu yuristlar orasida talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish (уступка требования) deb nomlanadi va amaliyotda keng qo‘llaniladi.

Uning mazmuniga ko‘ra, majburiyat asosida kreditorga tegishli bo‘lgan huquq (talab) uning tomonidan bitim bo‘yicha boshqa shaxsga o‘tkazilishi yoki qonun asosida boshqa shaxsga o‘tishi mumkin (Fuqarolik kodeksi 313-moddasi).

Aytaylik, yuqoridagi A MCHJ hamda B FX o‘rtasida mahsulot yetkazib berish shartnomasi yuzasidan MCHJ yetkazilgan mahsulot uchun shartnomada kelishilgan pulni to‘lolmasligi natijasida 10 mln so‘mlik qarzdorlik vujudga kelgan. Ayni vaqtda A MCHJning D XKdan (xususiy korxona) sotilgan tovarlar uchun 11 mln so‘mlik miqdorda pul talab qilish huquqi bor.  MCHJ qarzdorlikni XKdagi talab qilish huquqini FXga o‘tkazish orqali qoplashi mumkin.

Fuqarolik kodeksining 320-moddasiga ko’ra oddiy yozma yoki notarial shaklda tuzilgan bitimga asoslangan talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish o’sha shaklda amalga oshirilishi kerak.

Qoidaning mazmuniga ko‘ra, MCHJ va XK o‘rtasida dastlabki mahsulot yetkazib berish shartnomasi oddiy yozma shaklda tuzilgan bo‘lsa, talabdan XK foydasiga voz kechish haqidagi kelishuv ham oddiy yozma shaklda tuziladi. Bunda qarzdor (D XK)ning roziligi talab qilinmaydi.

Biroq qarzdor (D XK) kreditorning huquqlari boshqa shaxsga o‘tganligi (B FXga) haqida yozma ravishda xabardor qilinishi talab etiladi.

Kreditorning shaxsi bilan chambarchas bog‘langan quyidagi holatlarda sessiya (цессия)ga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • alimentlar to‘g‘risidagi talabdan;
  • hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zararni to‘lash to‘g‘risidagi talabdan.

Novatsiyada dastlabki majburiyat bekor bo‘ladi va taraflar o‘rtasida yangi majburiyat vujudga keladi. Yangi majburiyat shartlari taraflar o‘rtasidagi kelishuvda belgilanadi.

Sessiyada esa majburiyat bekor bo‘lmaydi faqat undagi taraflargina almashadi. Bunda dastlabki majburiyat va uning barcha shartlari amalda bo‘ladi.

Eskrou agentning huquqiy maqomi

Konsignatsiya shartnomasi

Kontrgarantiya yoki kontrgarant nima?

Negator daʼvo nima?

Vindikatsiya nima?

Fuqarolik huquqida restitutsiya

Fuqarolik huquqida konvolidatsiya

Culpa in Contrahendo Doktrinasi

Kreditorlar huquqlarini himoya qilish usullari: ex ante va ex post control

Fuqarolik huquqida sinallagmatik shartnomalar