Aliment pensiya va nafaqalardan ham undiriladi

Oila kodeksining 99-moddasiga asosan aliment miqdori sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan kelib chiqib belgilanadi.

E’tibor beradigan bo‘lsak, qoidada “boshqa daromadlar” jumlasi qo‘llanilgan. Alimentni boshqa daromadlarga qaratish uchun birinchi navbatda aliment to‘lovchining daromadlar tarkibiga nimalar kirishini aniqlash talab etiladi.

Soliq kodeksining 370-moddasiga asosan mehnatga haq to‘lash tarzidagi, mulkiy, moddiy naf tarzidagi va boshqa daromadlar soliq to‘lovchining jami daromadlari tarkibiga kirishi belgilangan.

Bunda kodeksning 371 – 377-moddalarida belgilangan quyidagilar jismoniy shaxsning daromadlari sanaladi:

  • Mehnatga haq to‘lash daromadlari (ish haqi) (SK 371-m);
  • Moddiy rag‘batlantirish to‘lovlari – mukofot pullari, kasb mahorati, murabbiylik uchun tarif stavkalariga va maoshlarga ustamalar, moddiy yordam pullari, ko‘p yil ishlaganlik uchun pul mukofoti va to‘lovlar, mehnat natijalari bilan bog‘liq bo‘lmagan bir yo‘la beriladigan mukofotlar (SK 372-m).
  • Kompensatsiya to‘lovlari – tabiiy-iqlim sharoitlari noqulay bo‘lgan joylardagi ishlar bilan bog‘liq qo‘shimcha to‘lovlar, tungi vaqtda, ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlarida va bayram (ishlanmaydigan) kunlarida ishlaganlik uchun tarif stavkalariga hamda maoshlarga ustamalar va qo‘shimcha to‘lovlar va boshqalar (SK 373-m);
  • Ishlanmaydigan vaqt uchun to‘lanadigan to‘lovlar – mehnat ta’tili puli, o‘qish bilan bog‘liq ta’til va ijodiy ta’tillar uchun to‘lov, asosiy ish haqi qisman saqlab qolingan holda majburiy ta’tilda bo‘lgan xodimlarga beriladigan to‘lovlar, ish beruvchining mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan pensiyalar va nafaqalarga qo‘shimchalar, stipendiyalar va boshqalar SK 374-m);
  • Mulkiy daromadlar – foizlar, dividentlar, ijara haqlari, royalti va boshqalar (SK 375-m);
  • Moddiy naf tarzidagi daromadlar – soliq to‘lovchining manfaatlarini ko‘zlab tekin, shu jumladan hadya shartnomasi bo‘yicha berilgan mol-mulkning va ko‘rsatilgan xizmatlarning qiymati va boshqalar (SK 376-m).
  • Boshqa daromadlar – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xayriya va ekologiya jamg‘armalari tomonidan soliq to‘lovchilarga beriladigan nafaqalar hamda boshqa turlardagi yordam, musobaqalarda, ko‘riklarda, tanlovlarda sovrinli o‘rinlar uchun beriladigan sovrinlar, pul mukofotlari va boshqalar (SK 377-m)

Shunday ekan aliment to‘lovchining daromadlari tarkibiga yuqoridagilar kiradi. Mana shu qoidaga ko‘ra sud aliment miqdorini belgilashda ish haqi va boshqa daromadlari tarkibidan kelib chiqadi.

Sudning qarorini ijro etishda MIB Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunga asosan aliment to‘lovchining yuqoridagi daromadlariga undiruv qaratishga haqli. Bundan qonunning 69-moddasidagi summalar mustasno hisoblanadi.

Nikohdan ajralish qanchaga tushadi?

14 yoshga to‘lgan bola  otasidan ham onasidan ham aliment undirishni talab qila oladi

Koreyadagi shaxsdan aliment undirsa bo‘ladimi?

Bolaning asrab olinganligini aytsam javobgarlikka tortilamanmi?

Aliment to‘lovlari jamg‘armasi haqida eshitganmisiz?