Shariy nikohdagi xotin umumiy mol-mulkdan hech narsa ololmaydimi?

Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi. Bu Oila kodeksining 23-moddasida qayd etilgan.

Aytish joizki, bunda nikohdan keyin orttirilgan har qanday mol-mulk (hadya, meros va tekin olingani mustasno) teng bo‘linadi va xattoki er-xotindan birining mehnat faoliyati bilan mashg‘ul bo‘lmagan bo‘lsa ham ularning mol-mulki teng hisoblanadi.

Umumiy mulki bo‘lgan er-xotin nikoh davrida ham, nikohdan ajrashish jarayonida ham, nikoh bekor qilingandan so‘ng 3 yilgacha ham umumiy mulkdan ulush olishni talab qilishga haqli ekanligi Oila kodeksining 27-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan.

Biroq, yuqoridagi normalar faqatgina qonuniy nikohdagi er-xotinga nisbatan tadbiq etiladi.

Oila kodeksining 13-moddasiga ko‘ra diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Ushnu norma imperativ hisoblanib, yuqoridagi “50:50” qoidasini shar’iy nikohda bo‘lganlarga nisbatan tatbiq etmaydi.

Shar’iy nikoh tugatilganda yoxud mol-mulk bo‘yicha nizo kelib chiqqanda mulk kimning nomida bo‘lsa o‘shaniki deb tan olinadi va ikkinchi taraf ushbu mulkka qancha mablag‘ kiritganidan qat’iy nazar “quruq qoladi”.

Ammo qonun chiqaruvchi mulkiy munosabatlarda tarafning huquqlarini belgilashga oid alohida qoidalarni belgilaydi. Xususan, garchi taraflar o‘rtasida qonuniy nikoh bo‘lmasa-da, ular birgalikdagi turmush davomida orttirgan mol-mulklaridagi umumiy mulk deb topish va undan har birining ulishini ajratish mumkin bo‘ladi.

Bunda oila qonunchiligi emas, fuqarolik qonunchiligi normalari qo‘llaniladi. Ma’lumki, Fuqarolik kodeksining 216-moddasiga ko‘ra ikki yoki undan ortiq shaxsning egaligida bo‘lgan mol-mulk ularga umumiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘ladi. Umumiy birgalikdagi mulk o‘z vazifasini o‘zgartirmagan holda taqsimlanishi mumkin bo‘lmagan (bo‘linmaydigan ashyolar) yoki qonunga ko‘ra taqsimlanishi mumkin bo‘lmagan mol-mulk ikki yoki undan ortiq shaxs mulkiga o‘tgan paytda vujudga keladi.

Birgalikdagi mulk ishtirokchilarining kelishuviga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa — sudning qaroriga muvofiq umumiy mol-mulk bu shaxslarning ulushli mulki qilib belgilab qo‘yilishi mumkin.

Misol uchun, shariy nikohdagi er va xotin birgalikda avtomashina xarid qilishdi. O‘rtada nizo chiqib ular birga yashashmasa mol-mulk kimning ixtiyorida qolishi bo‘yicha nizo chiqadi. Bunday holatda avtomashinaga ikkala taraf ham o‘z mablag‘larini qo‘shgan, biroq u erining nomida. Rasmiy nikoh mavjud emasligi sabab bu mulk teng bo‘linmaydi.

Biroq, ikkinchi taraf ushbu mashinani umumiy mulk deb topish va uning ulushini ajratishni talab qilish huquqiga ega.

E’tibor bering! Mazkur holatda eng murakkab jarayon isbotlash majburiyati hisoblanib, Fuqarolik protsessual kodeksining 72-moddasi bo‘yicha har bir taraf o‘zining talablari va e’tirozlariga asos qilib ko‘rsatgan holatlarni isbotlashi shart. Agar taraf mazkur mulkka uning ham mablag‘lari borligini isbotlay bera olsa sud ushbu mulkni umumiy mulk deb topishi mumkin.

Nikohdan ajralish qanchaga tushadi?

14 yoshga to‘lgan bola  otasidan ham onasidan ham aliment undirishni talab qila oladi

Koreyadagi shaxsdan aliment undirsa bo‘ladimi?

Bolaning asrab olinganligini aytsam javobgarlikka tortilamanmi?

Aliment to‘lovlari jamg‘armasi haqida eshitganmisiz?