Sertifikat soxta bo‘lsa, ustama puli qaytarib olinadi

Agar o‘qituvchi soxta serifikat orqali ustama olsa, unga to‘langan to‘lovlar qaytarib olinadi. Lekin buning uchun yo xodimning soxta sertifikat olishda aybi isbotlanishi yoki sudning xodimdan to‘lovlarni qaytar undirish haqidagi qarori chiqarilishi kerak.

Birinchidan, Fuqarolik kodeksining 1023-moddasida bunday olingan pullar asossiz orttirilgan boylik hisoblanadi va bu pul haqiqiy egasiga qaytarilishi kerakligi belgilangan.

Bunda ushbu kodeks 1030-moddasiga asosan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, hayot yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar tovoni, alimentlar va fuqaroga turmush kechirish vositasi sifatida berilgan boshqa pul mablag‘lari, uning tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda xatolar bo‘lmaganda, asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarib berilmaydi.

E’tibor berilsa, qoidada asossiz egallovchi tomonidan bu pullar qaytarilmasligining 2 asosiy sharti o‘rnatilgan. Bular:

  • xodimning vijdonsizlik qilinmaganligi;
  • hisob-kitobda xatolar bo‘lmaganligi.

Agar xodim sertifikatni soxtaligini bilgan yoki oldindan shunday harakat qilgan bo‘lsa, uning bunday holatini vijdonsizlik deb baholash mumkin va bunday holatda pul qaytariladi.

Ikkinchidan, Mehnat kodeksining 269-moddasiga ko‘ra xodimga ortiqcha to‘langan ish haqi (shu jumladan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlar noto‘g‘ri qo‘llanilganda) undan undirilishi mumkin emas, bundan quyidagi hollar mustasno:

  • hisoblashdagi xatolik;
  • agar yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiquvchi organ tomonidan xodimning mehnat normalarini bajarmaganlikdagi aybi e’tirof etilgan bo‘lsa;
  • xodimning sud tomonidan belgilangan g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) sababli xodimga ortiqcha ish haqi to‘langan bo‘lsa.

Bunda ushbu kodeks 545-moddasi bilan yakka tartibdagi mehnat nizolari quyidagilar tomonidan ko‘rib chiqiladi:

  •  mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalar tomonidan, bundan bevosita sudda ko‘riladigan nizolar mustasno;
  •  sud tomonidan.

Demak, sertifikat soxta ekanligi va bunda xodimning aybi borligi tashkilot tomonidan tuzilgan mehnat komissiyasi tomonidan isbotlanganda yoki fuqarolik sudining ish haqini qaytarish haqidagi qarori qabul qilinsa, xodimga to‘langan ustama puli qaytarib olinadi.

“Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovi g‘oliblari qanday taqdirlanadi?

Direktor va o‘rinbosarlar dars berishga haqlimi?

Pensioner o‘qituvchilar necha soat dars berishi kerak?

Dekretdan qaytgan o‘qituvchi kamroq dars oladimi?

Ayrim pedagog kadrlarning malaka toifasi bir pog‘ona oshiriladi, agar ular…