Yangi quriladigan uylarni olishda nimalarga eʼtibor berish kerak!

Maʼlumki, Toshkent shahrida respublikaning boshqa hududlariga nisbatan uy-joyga boʻlgan talaba anchagina yuqori. Aynan shu faktor, qolaversa Toshkent shahridan uy-joy xarid qilib, oʻz shaxsiy mulkiga ega boʻlishni istovchilarning koʻpligi bu yerda yangi uy-joylarning qurilishini tezlashtirmoqda. Afsuski, ezgu niyat bilan uy xarid qilayotgan yurtdoshlarimizning hammasi ham amalda oʻz xonadonlariga ega boʻlmasdan, firibgarlar “toʻriga” tushib qolishmoqda. Xoʻsh bunday holatlar siz bilan bizda ham kuzatilmasligi uchun nimalarga eʼtibor berishimiz lozim? 

Quyidagi oʻrinda ushbu masalaga toʻxtalib oʻtamiz.

1. Firmaning qonuniy faoliyat yurishi.

Koʻp qavatli turar joylarni qurish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyekti amalda mavjudligi yaʼni, davlat roʻyxatidan oʻtganligiga, hozirda tugatilmaganiga hamda uy-joy qurish sohasida maʼlum tajribaga ega ekanligiga eʼtibor berish lozim.

Buni tekshirishning bir necha usullari mavjud. Bu haqida quyidagi havola orqali toʻliq maʼlumot olishingiz mumkin.

Shuningdek, uy-joy uchun toʻlov amalga oshirilayotganida har doim toʻlovni shartnomada koʻrsatilgan bank hisob raqami orqali amalga oshirish shart. Qurilish tashkilotining rahbari yoki mansabdori sifatida oʻzini tanishtirganlarga hech qachon naqd pul mablagʻlarini bermaslik kerak.

2. Haqiqatdan qurilish uchun belgilangan tartibda ruxsat olinganmi?

Amaldagi qonunchiligimizga binoan, koʻp qavatli turar joy qurilishi bilan shugʻullanayotgan tashkilot, albatta, vakolatli subyektlardan qurilish faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish hamda qurish loyiha-smeta hujjatlarini ushbu organlarga taqdim qilgan holda, ular bilan kelishishi lozim.

Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan shunday platforma yaratilgan boʻlib, mazkur platforma orqali qurilayotgan turar joy majmuasi roʻyxatga olinganligi, bu TMJ haqiqatda ruxsatnoma asosida qurilayotganini tekshirish mumkin boʻladi.

Ushbu tartibga amal qilinmagan taqdirda kelajakda bu turar joylar oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylar deb topilishi va ularni buzish ishlari ham amalga oshirilishi mumkin. Bundan esa birinchi navbatda fuqarolarimiz jabr koʻrishadi.

3. Shartnoma mazmuni va shartlariga eʼtibor bering.

Koʻp qavatli xonadon xarid qilishingizda qurilish tashkiloti va sizning oʻrtangizda tuziladigan shartnomaga alohida eʼtibor bering.  Amaldagi qonunchiligimizga asosan, qurilish tashkiloti va xaridor oʻrtasida quyidagi shartnomalardan biri imzolanishi mumkin:

  • investitsiya shartnomasi;

  • dastlabki shartnoma;

  • ulushli ishtirok etish shartnomasi;

  • uy-joy oldi-sotdi shartnomasi;

Ushbu shartnomalarni imzolashda qurilish qachon yakunlanadi, xonadoning har bir kvadrat metriga qancha haq toʻlanadi, qurilish tamomlangan soʻng mulk huquqini belgilovchi hujjatlar (kadastr hujjati) qancha vaqtda rasmiylashtiriladi, shartnoma yuzasidan taraflarning javobgarligi qay darajada, shartnomani bir tomonlama bekor qilish tartibi qanday, bu oʻrinda xaridorga qanday imkoniyatlar berilgan, nizolarni hal qilish usullari qanday belgilanyapti degan holatlarni inobatga olish lozim.

Imkoni boʻlsa bu jarayonda malakali yuristlarning xulosasi oling. Sababi ayrim qurilish tashkilotlari fuqarolarning eʼtiborsizligidan foydalangan holda ayrim xaridor uchun noqulay boʻlgan shartlarni ham shartnoma bandlari kiritib qoʻyishgan boʻlishadi.

Misol uchun, shartnoma bandida turar joyni topshirish muddati 2025-yil 30-may kuni deb belgilangan.  Lekin ayrim holatlar boʻlganda (ular aniq sanab oʻtiladi) bu muddat yana 6 oyga uzaytirilishi mumkin degan mazmundagi shartnoma shartlari kiritilishi mumkin.

Bunday holatlarda fuqaro pulni oʻz vaqtida toʻlab, kamiga yana 6 oy kutib qolishiga toʻgʻri keladi. Bu kabi holatlarni amaliyotdan koʻplab keltirishimiz mumkin.  Shu sababli, avvalo tuziladigan shartnomaning turiga undan soʻng uning shartlariga jiddiy eʼtibor berish lozim.

Mulk huquqining vujudga kelish asoslari: dastlabki va hosila usul

Yuridik shaxs rahbar organlarining fidutsiar majburiyatlari

Universal va singulyar huquqiy vorislik

Ashyoviy huquqlar nima?

Kripto-doʻkon nima va unda qanday operatsiyalar amalga oshiriladi.