Skip to main content

Aliment kelishuvi nima va u qanday tuziladi?

Aliment to‘lash bo‘yicha kelishuv — bu aliment to‘lash majburiyatiga ega bo‘lgan shaxs bilan aliment oluvchi (yoki uning qonuniy vakili) o‘rtasida tuziladigan hujjat bo‘lib, unda aliment miqdori, to‘lash shartlari va tartibi belgilanadi. Agar aliment oluvchi muomalaga layoqatsiz, masalan, nogiron shaxs bo‘lsa, kelishuv ularning qonuniy vakili bilan tuziladi.

Muhim: Bunday kelishuv yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi shart.

Notarial tasdiqlov aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvga ijro varaqasi kuchini beradi, ya’ni u sud qarorisiz ham majburiy ijro etilishi mumkin.

Aliment to‘lash bo‘yicha kelishuv istalgan vaqtda tomonlarning o‘zaro roziligi bilan o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Bunda kelishuv qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, o‘zgarish yoki bekor qilish ham aynan shu shaklda — yozma va notarial tartibda amalga oshirilishi lozim. Kelishuvni bir tomonlama o‘zgartirish yoki rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agar taraflar o‘zaro kelisha olmasa, aliment to‘lash bo‘yicha kelishuvni o‘zgartirish yoki bekor qilish masalasida manfaatdor tomon sudga murojaat qilishi mumkin. Sud esa bunday hollarda taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolida yuz bergan jiddiy o‘zgarishlarni va boshqa e’tiborga loyiq manfaatlarni hisobga olgan holda qaror chiqaradi.

Aliment miqdori kelishuvda tomonlar tomonidan erkin belgilanadi. Biroq agar bu aliment voyaga yetmagan bolaga to‘lanayotgan bo‘lsa, uning miqdori sud tartibida undirilgan taqdirda bolaga to‘lanishi mumkin bo‘lgan eng kam miqdordan kam bo‘lmasligi lozim. Bu hol aliment oluvchining manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Ma’lumot uchun, Oila kodeksining 99-moddasiga muvofiq, bir bola uchun to‘lanadigan aliment miqdori eng kam ish haqi miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. Bu miqdor 2025-yil 1-avgustdan boshlab 336 815 so‘mni tashkil qiladi.

Alimentni to‘lash usullari va tartibi ham kelishuvda belgilanadi. Alimentlar ish haqi yoki boshqa daromaddan ulush ko‘rinishida, vaqti-vaqti bilan yoki bir martalik qat’iy summa shaklida, mol-mulk bilan yoki boshqa usullarda to‘lanishi mumkin. Kelishuvda shuningdek, ushbu usullarni birgalikda qo‘llash ham nazarda tutilishi mumkin.

Aliment faqat ota-onaning majburiyati emas: bobo-buvi, aka-uka, o‘gay ota-ona ham javobgar bo‘lishi mumkin!

Agar ota-ona farzandini boqmasa yoki boqishga qodir bo‘lmasa, qonunchilik bu majburiyatni boshqa qarindoshlarga yuklash imkonini beradi. O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga ko‘ra, voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsiz yoki yordamga muhtoj shaxslar ta’minotisiz qolmasligi kerak — kimdir bu mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Kodeksning 16-bobi aynan shu masalaga bag‘ishlanadi.

Nevaralarga nisbatan aliment majburiyati

Ota-onasi vafot etgan yoki ulardan moddiy yordam ololmaydigan voyaga yetmagan bolalarga ta’minot berish majburiyati, agar bobo yoki buvilarning moddiy holati yetarli bo‘lsa, aynan ularning zimmasiga yuklatilishi mumkin.

Shuningdek, agar voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz va yordamga muhtoj nevaralarning ota-onasi, turmush o‘rtog‘i (sobiq ham bo‘lishi mumkin) yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlari bo‘lmasa yoxud ular yordam bera olmasa, bu holatda ham bobo va buvilar aliment to‘lash majburiyatiga ega bo‘lishi mumkin.

Bobo va buviga nisbatan aliment majburiyati

O‘z farzandlari yoki turmush o‘rtog‘idan ta’minot ololmaydigan, mehnatga layoqatsiz va yordamga muhtoj bobo va buvilarga moddiy yordam ko‘rsatish majburiyati voyaga yetgan va yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan nevaralar zimmasiga yuklatilishi mumkin.

Aka-uka va opa-singillar o‘rtasidagi majburiyatlar

Agar ota-onasi bo‘lmagan yoki ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga yetmagan aka-uka yoki opa-singillar bo‘lsa, ularni moddiy ta’minlash majburiyati yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan boshqa voyaga yetgan aka-uka va opa-singillar zimmasiga yuklanishi mumkin.

Bundan tashqari, agar voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz va yordamga muhtoj aka-uka yoki opa-singillarning ota-onasi, turmush o‘rtog‘i yoki farzandlari bo‘lmasa yoxud ulardan yordam ololmasa, ta’minot majburiyati boshqa qarindoshlar — ya’ni aka-uka va opa-singillar zimmasiga yuklatilishi mumkin.

Tarbiyachilarga nisbatan aliment majburiyati

O‘z farzandlaridan yoki turmush o‘rtog‘idan ta’minot ololmaydigan, yordamga muhtoj va mehnatga layoqatsiz bo‘lgan tarbiyachilarga moddiy yordam ko‘rsatish majburiyati, ularning doimiy parvarishida bo‘lgan shaxslar zimmasiga yuklatilishi mumkin. Biroq bu majburiyat vasiylikda yoki homiylikda bo‘lgan shaxslarga tatbiq etilmaydi.

Agar parvarish muddati besh yildan kam bo‘lsa yoki tarbiyachi o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan bo‘lsa, sud shaxsni bu majburiyatdan ozod qilishi mumkin.

O‘gay ota va onaning majburiyati

O‘gay ota yoki o‘gay ona tarbiyasida yoki ta’minotida bo‘lgan voyaga yetmagan o‘gay bolalarning o‘z ota-onasi bo‘lmasa yoki ular yetarli yordam bera olmasa, aliment majburiyati o‘gay ota va onaga yuklatilishi mumkin.

Shuningdek, agar voyaga yetgan o‘gay bolalar mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bo‘lib, o‘z yaqinlaridan ta’minot ololmasa, bu holatda ham o‘gay ota-onaning aliment majburiyati yuzaga keladi.

O‘gay bolalarning o‘gay ota-onaga nisbatan majburiyati

Mehnatga layoqatsiz va yordamga muhtoj o‘gay ota-onaning yaqin qarindoshlari yordam bera olmasa, ularga ta’minot ko‘rsatish majburiyati o‘gay o‘g‘il va o‘gay qizlar zimmasiga yuklatilishi mumkin. Agar tarbiya va ta’minot muddati besh yildan kam bo‘lgan bo‘lsa yoki o‘gay ota-onalar bu vazifalarni lozim darajada bajarmagan bo‘lsa, sud bu majburiyatni bekor qilishi mumkin.

Aliment miqdori

Qarindoshlar yoki boshqa shaxslardan undiriladigan aliment miqdori sud tomonidan aniqlanadi va bu summa har oyda pul shaklida to‘lanadi. Sud aliment undirilayotgan va olayotgan shaxslarning moddiy va oilaviy holatini hisobga olib, qat’iy summani belgilaydi.

Talab bir necha shaxsga qaratilgan bo‘lsa ham, aliment miqdorini belgilashda ularning har biri hisobga olinadi. Bu, aliment majburiyatining bir nechta shaxsga teng yoki proporsional tarzda taqsimlanishini ta’minlaydi.

Categories: Oila huquqi