Davlat va bozor oʻrtasidagi muvozanat
Davlat va bozor oʻrtasidagi muvozanat: yangi iqtisodiy siyosatning huquqiy asoslari
| Toshkent davlat yuridik universiteti, “Fuqarolik huquqi” kafedrasi professori Topildiyev Baxromjon |
Hozirgi kunda yuz berayotgan muhim oʻzgarishlar davlatlardan rivojlanishga yangicha yondashuvni talab qilmoqda. Jahon bozorlarida raqobatning keskinlashuvi, texnologik taraqqiyotning jadallashuvi, tabiiy resurslar cheklangani hamda inson kapitaliga boʻlgan talabning ortishi an’anaviy iqtisodiy oʻsish modellarining samaradorligiga ta’sir qilmoqda. Bunday sharoitda barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash davlat siyosati va bozor mexanizmlari oʻrtasidagi oqilona muvozanatga bogʻliq ekani tobora yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabrdagi Murojaatnomasida mamlakat iqtisodiyotini texnologik va innovatsion rivojlanish modeliga oʻtkazish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilab berildi. Ushbu hujjat strategik ahamiyatga ega boʻlib, iqtisodiy islohotlarning huquqiy va institutsional asoslarini takomillashtirishga qaratilgan yondashuvni aks ettiradi.
Bugungi kunda jahon tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, faqat xomashyo eksportiga tayangan iqtisodiy modelь uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlay olmaydi. Aksincha, yuqori qoʻshilgan qiymat yarata oladigan, innovatsiya va texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotlar raqobatda ustunlikka ega boʻlmoqda. Shu ma’noda, Oʻzbekistonda energiya tejamkor, yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini va xizmatlar sohasini rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati iqtisodiy oʻsish bilan bir qatorda resurslardan oqilona foydalanishni ham koʻzda tutadi.
Yangi Oʻzbekistonda investitsiya alohida va muhim oʻrin tutadi. Davlat investitsiyalarni nafaqat moliyaviy resurs, balki zamonaviy texnologiyalar, bilim va boshqaruv tajribasini jalb etish vositasi sifatida baholamoqda. Shu bois, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda ularning milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga, eksport salohiyatini kengaytirishga va mahalliy kadrlar tayyorlashga qoʻshadigan hissasi asosiy mezon sifatida qaralmoqda.
Bu jarayonda davlat bozor munosabatlarining toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirokchisi emas, balki huquqiy, institutsional va infratuzilmaviy sharoit yaratuvchi sub’yekt sifatida namoyon boʻladi. Yer munosabatlarini bozor tamoyillari asosida tartibga solish, ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish, elektron davlat xizmatlarini joriy etish kabi choralar davlat boshqaruvining bozor iqtisodiyotiga moslashgan shaklini ifodalaydi.
Erkin iqtisodiy zonalarni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish orqali mamlakatni global ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiya qilish maqsadi koʻzlanmoqda. Bunda davlatning asosiy vazifasi – investorlar uchun huquqiy barqarorlik va kafolatlarni ta’minlash, qonunchilikning shaffof va prognoz qilinishi mumkin boʻlishini ta’minlashdan iborat.
Iqtisodiy boshqaruv tizimini qayta koʻrib chiqish, sohaviy boshqaruv organlari faoliyatini zamonaviy talablarga moslashtirish esa davlatning oʻzini isloh qilishga boʻlgan tayyorligini koʻrsatadi. Bu holat bozor iqtisodiyotining muhim belgilaridan biri hisoblanadi.
Sanoatni raqamlashtirish, ilmiy, huquqiy va iqtisodiy yechimlarni joriy etish, robototexnika va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish ishlab chiqarish jarayonlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Bu borada davlat xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qilish, texnologiya va bilimlar transferini ragʻbatlantirish orqali katalizator vazifasini bajaradi, bozordagi samaradorlik esa erkin raqobat orqali shakllanadi.
Raqamli iqtisodiyot, startaplar va innovatsion ekotizimni rivojlantirish davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikning yana bir muhim yoʻnalishidir. Venchur moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish, fintex va sun’iy intellekt sohalarida maxsus institutlarni shakllantirish orqali yangi bozor segmentlari vujudga kelmoqda. Ta’lim muassasalari, yoshlar va xususiy sektor oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik esa innovatsion iqtisodiyotning ijtimoiy poydevorini mustahkamlaydi.
Ilm-fan va yuqori texnologiyalarga investitsiya kiritish davlatning uzoq muddatli strategik manfaatlariga xizmat qiladi. Sun’iy intellekt, ma’lumotlar markazlari, yuqori hisoblash quvvatiga ega tizimlar, shuningdek, kosmik tadqiqotlarga oid tashabbuslar milliy iqtisodiyotni yangi texnologik pogʻonaga olib chiqishga qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, yangi iqtisodiy siyosatning mohiyati davlat va bozor oʻrtasidagi oqilona muvozanatni ta’minlashdan iborat. Davlat strategik yoʻnalishlarni belgilaydi, huquqiy va institutsional asoslarni yaratadi, ijtimoiy adolatni kafolatlaydi. Bozor esa raqobat, innovatsiya va samaradorlik orqali iqtisodiy oʻsishni ta’minlaydi. Aynan shu muvozanat Yangi Oʻzbekistonning barqaror va raqobatbardosh taraqqiyotining huquqiy-iqtisodiy poydevorini belgilab beradi.