Skip to main content

Ajrim paytida er-xotinning umumiy mulkni teng boʻlish shartmi?

Ajrim paytida er-xotinning umumiy mulkni teng boʻlish shartmi? Nikoh davomida er-xotin tomonidan orttirilgan mol-mulk, odatda, ularning umumiy mulki hisoblanadi. Oila qonunchiligida bu umumiy mulkka birgalikda egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish huquqi er-xotinga teng tarzda berilgan. Shu bois ajrashish yoki nizolar paytida bu mulk ham teng boʻlib berilishi kerak degan qarash keng tarqalgan.

Ammo hayotda har doim ham “teng taqsimlash” adolatli boʻlavermaydi. Ayrim hollarda sud er-xotinning oilaviy sharoiti, mol-mulk bilan bogʻliqligi, farzandlar yoki boshqa ijtimoiy omillarni hisobga olib, umumiy mulkni teng boʻlmasdan, farqli ulushlarda boʻlib berishga haqli. Bu holat Oila kodeksining 28-moddasida ham nazarda tutilgan. Shunday ekan, bir qator savollar tugʻiladi:

Shunday ekan, bir qator savollar tugʻiladi:

  • ➖Qachon sud er-xotinning teng huquqlaridan chekinib, biri foydasiga qaror chiqaradi?
  • ➖Kimning manfaatlari “eʼtiborga loyiq” hisoblanadi va bu qanday mezonlar asosida belgilanadi?
  • ➖Qanday holatlarda odilona boʻlish uchun matematik tenglikdan voz kechish toʻgʻri boʻladi?

Ushbu masala doirasida butun boshli sud ishi (birinchi instansiyasidan boshlab qayta taftishgacha) mavjud.

Fuqarolik ishlari boʻyicha Urgut tuman sudining 2024-yil 21-maydagi 2-1409-2301/4686-sonli hal qiluv qarori bilan umumiy mulk deb topish va boʻlish haqidagi daʼvo ariza qisman qanoatlantirilgan. Ushbu qaror bilan A tumani, “B” MFY, S qishlogʻida joylashgan uy-joy, A tumani, “D” QFY, “M” mahallasidagi ” savdo kompleksi” MCHJ hududida joylashgan 6/426-sonli savdo doʻkoni va “DAMAS” rusumli, rangi oq, 2015 yilda ishlab chiqarilgan avtotransport vositasi er va xotinning umumiy mulki deb topilgan.

Samarqand viloyat sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2024-yil 6-avgustdagi hamda sud taftish instansiyasining 2024-yil 25-oktyabrdagi ajrimlari bilan sud hujjatlari oʻzgarishsiz qoldirilgan.

Biroq ushbu ish boʻyicha sudlar moddiy huquq normalarini qoʻllashda yuqorida keltirilgan masalada (tenglikdan chekinish) xatolikka yoʻl qoʻygan.

Umumiy mulkni boʻlishda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Yuqoridagi ishda sudlar umumiy mulkni boʻlishda qonun buzilishlari mavjud.  Sud umumiy mulklarni boʻlishda ekspertiza tayinlangan va ekspertizasi xulosalaridan kelib chiqib, mol-mulklar quyidagicha baholangan:

1. Uy-joy (A tumani, B MFY):

  •    ➖ Umumiy qiymati: 637.115.071 soʻm
  •    ➖ Bu uy-joy 1925,00 kv.metrdan iborat yer uchastkasi bilan birgalikda baholangan.
  •    ➖ Ekspertiza xulosasiga koʻra, uy-joyni ikki qismga boʻlishning texnik jihatdan imkoniyati yoʻq.

2. Savdo doʻkoni (Savdo kompleksi, 6/426-sonli):

  •    ➖ Umumiy qiymati: 171.131.869 soʻm
  •    ➖ 26,04 kv.metrdan iborat ijaradagi yer uchastkasi bilan birgalikda baholangan.
  •    ➖ Ekspertiza xulosasiga koʻra, doʻkonni ikki qismga boʻlishning texnik jihatdan imkoniyati yoʻq.

3. “Damas” rusumli avtomobil:

  •    ➖ Umumiy qiymati: 68.694.700 soʻm
  •    ➖ 2015 yilda ishlab chiqarilgan.

4. “ISUZU NPR 82L” rusumli avtomobil:

  •   ➖ Umumiy qiymati: 527.250.000 soʻm, 2023 yilda ishlab chiqarilgan. Ushbu mol-mulk umumiy mulk qiymatiga kirmaydi va erning xususiy mulki hisoblanadi. Oila kodeksining 27-moddasi beshinchi qismiga koʻra, oilaviy munosabatlar tugatilgandan keyin orttirilgan mol-mulk er yoki xotinning oʻz (shaxsiy) mulki hisoblanadi.

Jami umumiy mulk qiymati: 637,115,071 + 171,131,869 + 68,694,700 = 876,941,640 soʻm. Teng taqsimotda har bir tarafga tegishli boʻlgan ulush: 876,941,640 ÷ 2 = 438,470,820 soʻm.

Sud taqsimoti quyidagi boʻlgan:

Daʼvogar xotinga berilgan mulklar: Savdo doʻkoni: 171,131,869 soʻm, “Damas” avtomobili: 68,694,700 soʻm. Jami: 239,826,569 soʻm

Javobgar erga berilgan mulk: Uy-joy: 637,115,071 soʻm – ½ umumiy mulkdagi ulush uchun kompensatsiya. Ushbu mulk umumiy mulk deb topilgan va yarmiga nisbatan sobiq turmush oʻrtogʻiga kompensatsiya berilishi masalasi noqonuniy hal qilingan. Erdan  xotinga toʻlanadigan kompensatsiya miqdori: 397,288,502 soʻm. Bu teng taqsimot asosida hisoblangan kompensatsiya miqdoridan (198,644,251 soʻm) 198,644,251 soʻmga koʻp.

Sud qarorida koʻrsatilgan 397,288,502 soʻm kompensatsiya hisoblash formulasi quyidagicha koʻrsatilgan: 637,105,071 – 171,131,869 – 68,694,700 = 397,288,502 soʻm. Bu formula aslida notoʻgʻri. Toʻgʻri formula quyidagicha boʻlishi kerak: 637,115,071 – (876,941,640 ÷ 2) = 198,644,251 soʻm.

Ammo sud qarorida 397,288,502 soʻm kompensatsiya belgilangan, bu teng taqsimotdan ikki barobar koʻp. Kompensatsiya miqdorini hisoblashda sudda notoʻgʻri formula qoʻllanilgan va boshqa qoʻshimcha notoʻgʻri mezonlar inobatga olingan. Shunga koʻra, sud qarorida kompensatsiya miqdorini hisoblashda xatolikka yoʻl qoʻyilgan va notoʻgʻri mezonlar asosida belgilangan.

Mol-mulkni boʻlish boʻyicha Oila kodeksining 27-moddasi boʻyicha umumiy mol-mulkni boʻlishda sud er va xotinning har biriga qaysi mulk berilishi lozimligini aniqlaydi.

Er yoki xotinning manfaatlari qachon “eʼtiborga loyiq” sanaladi? Mulkni boʻlishda bunday holatlar qanday isbotlanadi?

Birinchidan, uy-joyga bogʻliqlik va uni saqlashga eʼtibor qaratilmagan. Javobgar er 2008/2009 yildan buyon oʻzi va yangi oilasi bilan birga nizoli uy-joyda yashab kelgan. Uy-joy uning nomiga rasmiylashtirilgan boʻlib, u uzoq yillar davomida uni saqlash va taʼmirlash xarajatlarini qoplagan. Daʼvogar xotin boshqa davlat fuqarosi boʻlib, Oʻzbekistonga kamdan-kam kelib ketishi va uy-joyni saqlashda ishtirok etmaganligi qayd etilgan.

Ikkinchidan, erda yangi oilaviy majburiyatlar paydo boʻlgan. Javobgar er 2009 yilda yangi oila qurgan va bu oiladan farzandlari bor. Yangi oila aʼzolari ham bu uy-joyda yashaydi, ularning yashash joyini oʻzgartirish ularning manfaatiga zid boʻladi.

Uchinchidan, mulkni saqlash va rivojlantirishga qoʻshgan hissaga baho berilmagan. Javobgar er nizoli mulklarni 2009-yildan keyin ham oʻz mablagʻlari hisobidan saqlab, rivojlantirib kelgan.  Daʼvogar xotin esa, oilaviy munosabatlar tugagandan keyin bu mulklarning saqlanishi va qiymatini oshirishga hissa qoʻshmagan.

Toʻrtinchidan, Oila kodeksining 28-moddasi ikkinchi qismi talablarini buzgan. Chunki, “ISUZU NPR 82L” avtomobilini erning shaxsiy mulki hisoblanadi. Biroq, kompensatsiya miqdorini belgilashda xatolikka yoʻl qoʻyilgan. Qonuniy teng taqsimot boʻyicha erning kompensatsiyasi 198,644,251 soʻm boʻlishi kerak edi, ammo sud 397,288,502 soʻm belgilagan. Bu holatda sud “er va xotindan birining eʼtiborga loyiq manfaati” prinsipini xotin foydasiga talqin qilgan va qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.

Beshinchidan, javobgar er tadbirkorlik subyekti (YaTT) va bu mol-mulkdan (savdo doʻkoni (Savdo kompleksi, 6/426-sonli)dan) tadbirkorlik maqsadida foydalangan. Tabiiyki, u bozorda ushbu faoliyat bilan doimiy shugʻullangan. Biroq, sudlar ushbu holatlarga umuman eʼtibor qaratmagan. Natijada erning yagona tirikchilik manbai boʻlgan avtomashina va doʻkonni noqonuniy ravishda xotinning mulki deb topib yuborilgan.

Ushbu nizoli holat boʻyicha Oliy sud 2025-yil 1-maydagi 4-550-25 sonli ajrimi bilan ish yurituvga qabul qilingan. 03.06.2025 sanadagi sud majlisida sudlov hayʼati quyi sudlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan xatoliklar toʻgʻrilandi. Yaʼni umumiy mulkni boʻlishdagi er-xotinning eʼtiborga loyiq manfaatlari hisobga olinib, mol-mulklar natura holatida erga berilib, xotinning umumiy mulkdagi ulushiga nisbatan kompensatsiya toʻlash majburiyati erga yuklatildi.

Tahlil qilingan sud ishi misolida koʻrinib turibdiki, sudlar ayrim hollarda “eʼtiborga loyiq manfaatlar” tushunchasini notoʻgʻri talqin qilgan yoki notoʻgʻri moliyaviy hisob-kitoblar asosida qaror chiqargan. Bu esa tomonlar oʻrtasida yana yangi nizolarga sabab boʻlishi, adolat tamoyilining buzilishiga olib kelishi mumkin.

Shunday ekan, umumiy mulkni boʻlishda sudlar quyidagilarga eʼtibor qaratishi zarur:

  • ➖mol-mulkdan kim qanday foydalangan va uni kim saqlagan;
  • ➖taraflarning yangi oilaviy majburiyatlari va yashash sharoitlari;
  • ➖mulkning texnik holati, boʻlinish imkoniyati va iqtisodiy ahamiyati;
  • ➖mulkka bogʻliqlik va yashash uchun zaruriylik darajasi.

Bularning barchasi “eʼtiborga loyiq manfaatlar” tushunchasini toʻgʻri qoʻllash, umumiy mulkni haqiqatan ham adolatli boʻlish uchun zarur mezonlardir. Bu esa, oʻz navbatida, tenglikka emas, hayotiy haqiqatga asoslangan yondashuvni taqozo etadi.

Categories: Oila huquqi