Skip to main content

Alimentga premya va qoʻshimcha pullarni ham hisobga olinadimi? Ishlamaydiganlarga qanday aliment hisoblanadi?

Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berish uchun aliment toʻlash tartibini oʻzaro kelishgan holda belgilashga haqli. Biroq ularning oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, Oila kodeksining 99-moddasiga koʻra, ularning taʼminoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining

➖ bir bola uchun — toʻrtdan bir qismi;

➖ ikki bola uchun — uchdan bir qismi;

➖ uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi.

Bu toʻlovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa eʼtiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki koʻpaytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam boʻlmasligi kerak.

Demak, alimentdan ushlab qolishda shaxsning ish haqidagi boshqa daromadlar (qoʻshimcha pullar, mukofotlar)  ham hisobga olinadi, yaʼni bu shaxs daromadidan kelib chiqib, aliment undiriladi. Uning foizlari esa yuqorida belgilangan tartibda belgilanadi.

Bu aliment miqdorini undirish Oila kodeksining 139-moddasiga koʻra aliment qarzi aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadidan undiriladi. Ish haqi va (yoki) boshqa daromad yetarli boʻlmaganda, aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning

◾️ banklar va boshqa kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida turgan pul mablagʻidan;

◾️ tijorat va tijoratchi boʻlmagan tashkilotlarga shartnoma asosida oʻtkazilgan pul mablagʻidan undiriladi. Mulk huquqining oʻtishiga olib keluvchi shartnomalar bundan mustasno.

Bu mablagʻi yetarli boʻlmaganda undirish aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning qonun boʻyicha undirish qaratilishi mumkin boʻlgan har qanday mol-mulkiga qaratiladi.

Oila kodeksining 140-moddasiga koʻra, voyaga yetmagan bolalarga toʻlanadigan aliment qarzining miqdori aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxsning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi miqdoridan kelib chiqqan holda aliment undirilmagan vaqt uchun hisoblab chiqiladi.

Yaʼni toʻlanmagan vaqt uchun ham fuqaro qarz hisoblanadi va bu toʻlanmagan vaqt uchun toʻliq hisoblanadi.

Agar majburiyat yuklangan shaxs hech qayerda ishlamasa, aliment qanday undiriladi?

Agar aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs shu davrda ishlamagan boʻlsa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan boʻlsa, aliment qarzi undirilayotgan vaqtda aliment Oʻzbekiston Respublikasidagi oʻrtacha oylik ish haqi miqdori boʻyicha hisoblab chiqiladi. (2024-yilda bu miqdor 4 mln 920 mingni tashkil qilmoqda, shu miqdordan kelib chiqib yuqoridagi 99-moddaga koʻra, bolalar miqdoriga qarab hisoblanadi).

Xulosa, alimentdan ushlab qolishda shaxsning ish haqi va boshqa daromadi hisobga olinib, bolalar soniga mutanosib ravishda toʻlash majburiyati yuklanadi. Ishlamaydigan shaxslar uchun esa Oʻzbekiston Respublikasidagi oʻrtacha oylik ish haqi asos qilib, bolalar soniga mutanosib hisoblanadi. Fuqaroga aliment toʻlamagan vaqti uchun aliment qarzi yuklatiladi.

Izoh: Oʻrtacha oylik ish haqi miqdorida doimiy oʻzgarib turadi.  Bu koʻrsatkichlar oʻsishi bilan ishsiz fuqaro toʻlaydigan aliment miqdori ham oʻsib boradi.

Categories: Oila huquqi