Skip to main content

Begona shaxslarni “propiska”dan qanday chiqarish mumkin?

Doimiy roʻyxatda turgan shaxslarni roʻyxatdan (propiskadan) chiqarish bilan bogʻliq muammoli holatlar koʻp uchrab turadi. Bunga shaxslar oʻrtasidagi oʻzaro ziddiyat va tushunmovchiliklar sabab boʻlishi mumkin. Ushbu holatni yumshatish va doimiy roʻyxatdan chiqarish tartibini osonlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan.

 Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-son qaroriga 1a-ilovada tasdiqlangan Nizom 32-bandida  “Fuqaroning doimiy roʻyxatga olinganligi quyidagi hollarda MvaFRB (keyinchalik matnda pasport stol) tomonidan bekor qilinadi: mulkdorning arizasiga koʻra — turar joyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki mulkdor bilan qarindoshlik aloqalariga ega boʻlmagan shaxslar”. Bu qoida faqat Toshkent shahar va Toshkent viloyati uchun qoʻllaniladi.

Boshqa viloyatlar uchun Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-oktabrdagi 845-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan Nizom 15-bandida xuddi yuqoridagidek qoida amal qiladi.

Sodda qilib tushuntirganda, agarda siz propiskadan chiqarmoqchi boʻlgan shaxs turar joyga nisbatan mulkiy huquqi boʻlmasa yoki oilangiz aʼzosi boʻlmasa pasport stolda propiskadan chiqarish mumkin.

Biroq, agar oila aʼzolardan birini ularning roziligisiz propiskadan chiqarish bilan bogʻliq muammo uchrasa, bu kabi ishlar bilan tumanlararo fuqarolik sudlari shugʻullanadi. Chunki Fuqarolik protsessual kodeksining 26-moddasida oilaviy nizolar tumanlararo sudlarda koʻrib chiqilishi aytib oʻtilgan.

Agarda shaxs oila aʼzosi boʻlmasa va uyga hech qanday mulkiy huquqlarga ega boʻlmasa, pastda koʻrsatilgan tartibda “pasport stol”da propiskadan chiqarish mumkin.