Skip to main content

Bog‘cha to‘lovi uchun har oy yordam puli beriladi

O‘zbekistonda yolg‘iz ota va onalar farzandining bog‘cha to‘lovlari uchun moddiy yordam berish tartibi belgilandi.

Endilikda 2025-yil 31-iyul kuni Vazirlar Mahkamasining 484-son qarori bilan “Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz ota va onalarga farzandi uchun maktabgacha ta’lim xizmatidan foydalanish uchun moddiy yordam to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, moddiy yordam kambag‘al oilalar reyestrida qayd etilgan va rasmiy ish bilan band bo‘lgan yolg‘iz ota yoki onalarga ijtimoiy shartnoma asosida beriladi.

Yordam ular maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan, 3 yoshgacha bo‘lgan farzandi uchun tayinlanadi. Mablag‘ miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravarigacha etadi. Ayni paytda bu yordam 618 000 so‘mni tashkil etmoqda.

Moddiy yordam faqat qonuniy vakilning 3 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun tayinlanadi. Agar farzandlar egizak bo‘lsa, yordam har bir egizak bola uchun alohida belgilanadi.

Yordam olishni istagan shaxs quyidagi yo‘llar orqali murojaat qilishi mumkin:

  • ➖“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari;
  • ➖Davlat xizmatlari markazlari;
  • ➖Mahalla bo‘yicha ijtimoiy xodimlar orqali;
  • ➖“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi (YMIH AT);
  • ➖Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz).

Arizada qonuniy vakilning biometrik pasport ma’lumotlari, bolaning tug‘ilganlik guvohnomasi ma’lumotlari, mobil raqami va AT “Xalq banki”da ochilgan bank kartasi rekvizitlari ko‘rsatiladi.

Moddiy yordam har oy, hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasigacha qonuniy vakilning ijtimoiy kartasiga, u mavjud bo‘lmagan taqdirda esa “Xalq banki”dagi oddiy bank kartasiga o‘tkaziladi.