Endi hamma uy bilan ta’minlanadimi?
| Shermatov Nuriddin Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik huquqi shoʻbasi oʻqituvchisi |
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 24.02.2026 yildagi PQ-73-son bilan tasdiqlangan “Koʻp kvartirali turar joy majmualarini qurishda kompleks qurilish mexanizmlarini joriy etish va shaffoflikni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaroriga ko‘ra, Oʻzbekiston Respublikasida aholini uy-joy bilan taʼminlash tizimini modernizatsiya qilish, koʻp kvartirali uylar qurilishini institutsional va tashkiliy jihatdan takomillashtirish hamda ipoteka bozorini bozor mexanizmlari asosida rivojlantirishga qaratilgan kompleks huquqiy mexanizmlarni shakllantiriladi. Hujjatda uy-joy siyosatini amalga oshirishda urbanizatsiya jarayonlari, demografik oʻsish hamda hududiy rivojlanish omillarini inobatga olgan holda kompleks qurilish tamoyillarini joriy etish orqali uy-joy fondini tizimli ravishda kengaytirish maqsadi belgilangan.
Farmon doirasida ko‘p kvartirali uylar qurilishini strategik rejalashtirish mexanizmi takomillashtirilib, uy-joy qurilishi dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda davlat organlari oʻrtasida aniq vakolatlar taqsimoti hamda hududiy ehtiyojlarga asoslangan rejalashtirish tizimi joriy etilmoqda. Shu bilan birga, renovatsiya loyihalariga ustuvor ahamiyat berish, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish hamda qurilish uchun yer resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida investitsiya kompaniyalari instituti va “Yer banki” mexanizmi shakllantirilmoqda. Ushbu yondashuv uy-joy qurilishi jarayonini tizimli boshqarish, shaffoflikni taʼminlash hamda investitsiya faoliyatini ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, farmonda ipoteka kreditlari tizimini takomillashtirish orqali aholining uy-joy sotib olish imkoniyatlarini kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, subsidiya ajratish jarayonlarini raqamlashtirish, ipoteka omonati institutini joriy etish hamda ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish orqali ipoteka bozorining barqarorligi va moliyaviy barqarorlik darajasini oshirish ko‘zda tutilgan. Va albatta bu maqsadlar ijrosi keng aholi vakillarimiz uchun xususiy uylarga ega boʻlish uchun yangi imkoniyatlar darvozasini ochadi, yaʻni ushbu qaror ijrosi bilan davlat fuqarolarimizni uy bilan taʻminlashni emas, balki uy-joy bozorini yengillashtirish orqali uylik qilishni maqsad qilgan desak boʻladi.
Bundan tashqari, farmon doirasida uy-joy qurilishi jarayonlarini raqamlashtirish va boshqaruv samaradorligini oshirish maqsadida “Uy-joy” yagona raqamli urbanizatsiya platformasini joriy etish nazarda tutilgan. Mazkur platforma shaharsozlik jarayonlari, yer resurslari, qurilish loyihalari, moliyalashtirish manbalari hamda uy-joy obyektlarining hayotiy sikli bo‘yicha yagona axborot tizimini shakllantirish orqali davlat boshqaruvida shaffoflik va samaradorlikni taʼminlashga xizmat qilishi aniq.
Shu tariqa, mazkur farmon uy-joy siyosatini yangi institutsional va iqtisodiy mexanizmlar asosida rivojlantirish, urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish hamda fuqarolarning uy-joyga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy, tashkiliy va moliyaviy asoslarni mustahkamlovchi muhim normativ-huquqiy hujjat sifatida namoyon boʻladi.