Er-xotin mulkida raqamli aktivlar masalasi
Ko‘pchilik “umumiy mulk” desa uy, mashina, bankdagi pulni tushunadi. Bu tasavvur huquqning klassik obyektlariga asoslanadi va yillar davomida huquqiy amaliyotda aynan shu mulk turlari asosiy bahs predmeti bo‘lib kelgan. Biroq so‘nggi yillarda iqtisodiy munosabatlarning raqamlashtirilishi mazkur yondashuvning yetarli emasligini ko‘rsatmoqda.
Amaliyotda tobora ko‘proq quyidagi savol o‘rtaga chiqmoqda:
- ➖agar nikoh davrida kriptoaktivlar sotib olingan bo‘lsa, NFT yoki boshqa raqamli obyektlar olingan bo‘lsa;
- ➖yoxud Instagram akkaunti muntazam daromad keltira boshlagan bo‘lsa, nikoh tugatilganda bunday aktivlar ham er-xotinning umumiy mulki sifatida bo‘linishi mumkinmi?
Ushbu savolning dolzarbligi shundaki, u faqat yangi turdagi mol-mulk bilan emas, balki mavjud huquqiy institutlarning ularni qamrab olish-qilmasligi bilan bevosita bog‘liqdir.
Bunday aktivlarni er-xotinning umumiy mulki tarkibiga kiritish uchun qanday mezonlar qo‘llanishi masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Bunga qo‘shimcha ravishda, raqamli obyektlar bo‘yicha egalikni, ularning qachon va qaysi mablag‘lar hisobiga orttirilganini isbotlash masalasi ham o‘ziga xos qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Nihoyat, bunday aktivlarni bo‘lish mexanizmi ya’ni ularni naturada bo‘lish, kompensatsiya qilish yoki boshqa usulda taqsimlash masalasi alohida huquqiy tahlilni talab qiladi.
Raqamli aktiv va uning mulkiy xususiyati
Raqamli aktivlar deganda internet va elektron platformalarda mavjud bo‘lib, egasiga real iqtisodiy foyda keltirish qobiliyatiga ega bo‘lgan obyektlar tushuniladi. Bunday aktivlar jismoniy shaklga ega bo‘lmasa-da, ular muomalada qatnashadi, baholanadi va daromad manbai bo‘lishi mumkin. Shu jihati bilan raqamli aktivlar an’anaviy mulk obyektlaridan faqat shaklan farq qiladi, mazmunan esa mulkiy munosabatlarning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanadi.
Amaliyotda kriptoaktivlar, tokenlar yoki monetizatsiyalangan ijtimoiy tarmoq akkauntlari aynan iqtisodiy qiymati sababli huquqiy bahs markaziga chiqmoqda.
Masalan, nikoh davrida ochilgan Instagram akkaunti reklama va hamkorliklar orqali barqaror daromad keltira boshlagan bo‘lsa, u faqat “akkaunt” emas, balki ma’lum qiymatga ega bo‘lgan raqamli aktiv sifatida namoyon bo‘ladi.
Bunday obyektni mulk sifatida inkor etish, amalda undan olinayotgan real daromadni ham e’tibordan chetda qoldirishga olib keladi. Shu sababli raqamli aktivlarning moddiy shaklga ega emasligi ularni huquqiy jihatdan “mulk emas” deb baholash uchun yetarli asos bo‘la olmaydi. Aksincha, ularning sotilishi, o‘tkazilishi va iqtisodiy muomalada faol ishtirok etishi ularni mulkiy huquqlar doirasida ko‘rib chiqishni talab etadi.
Oila huquqida umumiy mulk konsepsiyasi va raqamli aktivlar
Er-xotinning umumiy mulki instituti Oila kodeksida aniq obyektlar ro‘yxati orqali emas, balki umumiy huquqiy mantiq orqali shakllantirilgan. Qonunchilikda asosiy e’tibor mol-mulkning qaysi shaklda ekaniga emas, balki uning nikoh davomida orttirilganligi va qaysi mablag‘lar hisobiga vujudga kelganligiga qaratiladi. Shu bois umumiy mulk rejimi faqat an’anaviy ko‘chmas yoki ko‘char ashyolar bilan cheklanib qolmaydi.
Mazkur yondashuv raqamli aktivlarga nisbatan ham qo‘llanishi mumkin. Agar kriptoaktiv, token yoki monetizatsiyalangan raqamli akkaunt nikoh davrida er-xotinning umumiy daromadlari yoki birgalikdagi mehnati natijasida shakllangan bo‘lsa, bunday obyektni faqat uning “virtual” tabiati sababli umumiy mulk doirasidan chiqarib tashlash huquqiy mantiqqa zid bo‘ladi. Chunki umumiy mulk instituti mulkning moddiy shakliga emas, balki uning iqtisodiy mazmuniga tayanadi.
Masalan, er-xotin nikohda turgan davrida umumiy daromadlar hisobiga kriptoaktiv sotib oladi. Aktiv elektron hamyon er nomida bo‘lsa ham, uning orttirilish manbai va vaqti umumiy mulk mezonlariga mos keladi. Shunday vaziyatda faqat texnik egalik faktiga tayanib, aktivni erning shaxsiy mulki deb baholash asosli bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, raqamli aktivlarning umumiy mulk sifatida e’tirof etilishi avtomatik xarakterga ega emas. Har bir holatda sud yoki huquqiy baho beruvchi organ aktivning qachon, qanday sharoitda va qaysi mablag‘lar hisobiga orttirilganini aniqlashi lozim bo‘ladi. Aynan shu yondashuv raqamli aktivlarni oila huquqi doirasida baholashda normativ qoidalarning mazmunan moslashuvchanligini ta’minlaydi.
Qachon raqamli aktiv “shaxsiy mulk” bo‘lib qoladi?
Bu yerda Oila kodeksidagi klassik istisnolar raqamli obyektlarga ham mos keladi: shaxsiy mulk bo‘lishi mumkin, agar aktiv nikohdan oldin olingan, hadya yoki meros sifatida olingan bo‘lsa.
Misol uchun, er nikohdan oldin 1 BTC olgan. Nikohda turgan davrida u BTC qiymati oshgan.
Asosiy aktiv shaxsiy bo‘lishi mumkin. Lekin agar nikoh davrida umumiy mablag‘ hisobiga “treyd”, komissiya, qo‘shimcha sotib olishlar bo‘lgan bo‘lsa, bahsli holat vujudga keladi. O‘sishning bir qismi umumiylik elementi sifatida baholanishi mumkin.
Raqamli aktivlar bo‘yicha isbotlash masalasining o‘ziga xosligi
Raqamli aktivlar bilan bog‘liq nizolarda eng murakkab masala ularni bo‘lishdan ko‘ra, avvalo ularning mavjudligini va muayyan shaxsga tegishliligini isbotlash bilan bog‘liqdir. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, bunday nizolar ko‘pincha “bu aktiv umuman bormi yoki yo‘qmi” degan savoldan boshlanadi. Sababi shundaki, ular tezkor tarzda ko‘chirilishi yoki yashirilishi, shuningdek xorijiy platformalarda saqlanishi mumkin.
Shu bois sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar raqamli aktivlar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri “egalik hujjati”ga emas, balki bilvosita raqamli izlar majmuasiga tayanishga majbur bo‘ladi.
Masalan, bank kartasidan kripto-birjalarga muntazam o‘tkazmalar mavjudligi, shaxs nomiga ochilgan birja akkaunti, tranzaksiya tarixlari yoki elektron qurilmalardagi maxsus ilovalar aktivning mavjudligini tasdiqlovchi muhim dalil sifatida baholanadi. Xuddi shuningdek, ijtimoiy tarmoq akkauntlari bo‘yicha reklama shartnomalari, to‘lov hujjatlari yoki platformadan olingan statistik ma’lumotlar ham raqamli aktivning iqtisodiy qiymatga ega ekanini ko‘rsatib beradi.
Shu nuqtayi nazardan, raqamli aktivlar bo‘yicha nizolarda an’anaviy mulkka xos “guvohlik” yoki og‘zaki tushuntirishlardan ko‘ra, texnik va moliyaviy izlarning uyg‘un tahlili hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Boshqacha aytganda, raqamli aktivlar bilan bog‘liq munosabatlarda huquqiy haqiqat so‘zlar orqali emas, balki elektron muhitda qolgan izlar orqali aniqlanadi.
Raqamli aktivlarni bo‘lish: sudlar qanday yo‘l tutadi?
Er-xotinning umumiy mulki sifatida raqamli aktivlar tan olinganidan keyin eng asosiy savol tug‘iladi: bunday mulk qanday qilib bo‘linadi? Yuridik adabiyotlarda, sudlar bu masalada uch xil asosiy modeldan foydalanishi tavsiya qiladi. Biroq ularning barchasi har doim ham bir xil darajada qulay yoki adolatli bo‘lavermaydi.
- 1. Birinchi modelni shartli ravishda “to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lish” deb atash mumkin. Bu usulda mulk ikki tomonga real ravishda ajratiladi. Masalan, pul bo‘lsa — teng taqsimlanadi. Raqamli aktivlarda ham nazariy jihatdan bu mumkin: kriptoaktivning bir qismi erga, qolgan qismi ikkinchi xotinga o‘tkaziladi. Biroq amaliyotda bu usulni qo‘llash qiyin. Sababi esa oddiy, elektron hamyonlarga kim kiradi, o‘tkazishni kim amalga oshiradi, sud qarori qanday ijro etiladi bularning barchasi qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqaradi. Shu bois bu model faqat juda aniq va nazorat qilinadigan holatlarda ishlaydi.
- 2. Ikkinchi model kompensatsiya orqali bo‘lish. Bu eng barqaror model deb e’tirof etilishi mumkin. Bu holatda raqamli aktivning o‘zi bir tomonda qoladi, ikkinchi tomonga esa uning ulushiga mos pul yoki boshqa mol-mulk beriladi.
Masalan, nikoh davrida olingan kriptoaktivlar yoki daromad keltirayotgan Instagram akkaunti erda qolishi mumkin, biroq xotinga ushbu aktivning qiymatidan kelib chiqib kompensatsiya belgilanadi. Bu yondashuv raqamli obyektning texnik murakkabligini hisobga olgan holda, nizo va ijro muammolarini kamaytirishga xizmat qiladi. Shu sababli sudlar ko‘pincha aynan shu yo‘lni tanlaydi. - 3. Uchinchi model esa majburiy realizatsiya bilan bog‘liq. Bu asosan tomonlar kelisha olmagan yoki kreditorlar manfaatlari aralashgan holatlarda qo‘llanadi. Bunda raqamli aktiv sotiladi yoki pulga aylantiriladi, tushgan mablag‘ esa er-xotinning ulushlariga qarab taqsimlanadi. Bu usul ko‘proq keskin choraga o‘xshaydi va odatda oxirgi variant sifatida qo‘llanadi.
Umuman olganda, raqamli aktivlarni bo‘lishda sudlar “texnik jihatdan mumkinmi?” degan savoldan ko‘ra, “qaysi yo‘l adolatli va bajarilishi oson?” degan savolga javob izlashi talab etiladi. Aynan shu sababli kompensatsiya modeli bizningcha ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu yondashuv nafaqat nizoni tezroq hal qilishga, balki tomonlar o‘rtasidagi ortiqcha kelishmovchiliklarning oldini olishga ham xizmat qiladi.
Raqamli aktivlar zamonaviy hayotda real iqtisodiy qiymatga ega bo‘lgan mulk obyektlariga aylanib bormoqda. Ularning nomoddiy shakli er-xotinning umumiy mulki sifatida baholanishiga to‘sqinlik qilmaydi, chunki oila huquqida hal qiluvchi mezon mulkning shakli emas, balki uning nikoh davrida va umumiy mablag‘lar hisobiga orttirilganligidir.
Raqamli aktivlar bilan bog‘liq nizolarda asosiy muammo ularni bo‘lishdan ko‘ra, ularning mavjudligi va qiymatini isbotlash bilan bog‘liq. Shu sababli sudlar og‘zaki da’volardan ko‘ra moliyaviy va texnik izlarga tayanadi. Bo‘lish masalasida esa texnik murakkabliklar sababli ko‘pincha aktivni bevosita taqsimlash emas, balki uning qiymati asosida kompensatsiya belgilash ustuvor yo‘l sifatida tanlanmoqda.
Shu jihatdan, raqamli aktivlar oilaviy mulkiy munosabatlarda o‘ziga xos obyekt sifatida qaralib, ularni huquqiy muomalaga moslashtirish amaliyot va qonunchilik uchun dolzarb vazifaga aylanmoqda.