Konstitutsiya — adolat poydevori!
| Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi Aliyev Umidjon Xakimovich |
Har bir demokratik jamiyatning taraqqiyot darajasi, eng avvalo, uning Konstitutsiyasida belgilangan huquqiy tamoyillar qanchalik amalda ro‘yobga chiqarilayotgani bilan o‘lchanadi. O‘zbekistonning asosiy bosh qomusi hisoblanmish «Konstitutsiya»miz esa esa nafaqat davlat boshqaruvi va jamiyat hayotining asosiy qoidalarini belgilab bergan hujjat, balki inson huquqlari, erkinliklari va qonun ustuvorligini kafolatlashga qaratilgan eng oliy me’yoriy poydevordir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli sud-huquq islohotlari aynan Konstitutsiyaning mazmuni va ruhidan kelib chiqib, adolat tamoyilini hayotga tatbiq etishni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda. Iqtisodiy sudlar faoliyatining takomillashuvi, sud hokimiyatining mustaqilligi hamda tadbirkorlar huquqlarining samarali himoya qilinishi bu islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
So‘nggi yillarda sud hokimiyatini mustaqil tizim sifatida shakllantirish borasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, sudyalarni tanlash, tayinlash va lavozimdan ozod qilish tartibining qayta ko‘rib chiqilishi, sudlar faoliyatida sudya mustaqilligini ta’minlashning institusional mexanizmlarini kuchaytirish, sud hokimiyatining davlat hokimiyatining alohida tarmog‘i sifatida maqomini mustahkamlash, sudning ma’muriy bosimlardan xoli bo‘lishi uchun tashkiliy kafolatlarning yaratilishi va boshqa ko‘plab islohotlar mamlakatimizda adolatning ta’minlanishida sezilarli darajada ta’sir etmoqda.
Ushbu islohotlar sud hokimiyatining mustaqilligi va shaffofligiga xizmat qilib, sud qarorlarining adolatli, qonuniy va yanada asosli bo‘lishini ta’minlaydi.
Demak, aytishimiz mumkinki, inson huquqlarini amalda himoya qilishning eng samarali vositasi — sud tizimidir. Konstitutsiyamizda fuqarolarimizga o‘z huquq va erkinliklari buzilgan taqdirda sudga murojaat qilish huquqi kafolatlanadi.
Bugungi kunda iqtisodiy sudlarning ham inson huquqlarini ta’minlashdagi o‘rni yanada oshdi. Iqtisodiy nizolar asosan, mulk huquqi, shartnoma erkinligi va uning buzilishi, tadbirkorlik subektlarining manfaatlari, soliq va bojxona munosabatlari, korporativ boshqaruv kabi ko‘plab muhim sohalar bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, iqtisodiy sudlar tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishda bevosita yetakchi ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan bir qatorda, sud tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, “Elektron sud” tizimi raqamlashtirildi va bu orqali yuridik va jismoniy shaxslarning sudlarga murojaat qilish jarayonlari anchagina yengillashtirildi. Hamda tadbirkorlarning huquqlarini institusional himoya qilish masalalariga alohida urg‘u berilgan holda, bu borada ham ko‘plab islohotlarga yaqool guvoh bo‘lmoqdamiz.
Aytib o‘tishimiz joizki, konstitusiyamizning 7-moddasi birinchi bandida «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai», degan norma belgilab qo‘yilgan. Bu norma timsolida O‘zbekiston Respublikasida jahon miqyosida umume’tirof etilgan xalq hokimiyatchiligi prinsipi, ya’ni xalq suverenitetning tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai ekanini anglatuvchi tamoyil mustahkamlab qo‘yilgan.
Shundan kelib chiqib, keyingi yillarda mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston — inson sha’ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan davlat bo‘lishi; xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi; «odamlar tashvishi bilan yashash», xalqimizning qonuniy talab-istaklari va xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish davlat organlari faoliyatini baholashning eng muhim mezoniga aylanishi; barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv asosida qabul qilinishi kabi prinsip va g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Demokratiyaning talabu taomili va ustunligi ham shunda. Bunda qonun chiqaruvchi va ijro organlaridan inson huquqlarini ta’minlash; demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlament va siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish; hokimiyat tarmoqlarini tiyib turish va muvozanatni saqlashda parlament rolini oshirish; davlat xizmatlari sifati va samaradorligini yaxshilash, davlat organlari faoliyatining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratish talab etiladi.
Yillar o‘tgan sayin Konstitutsiyamizning mukammalligi, hayotiyligi, uning kelajakning ham talablariga javob bera olishi isbotlanmoqda. Bu esa istiqlolning ilk yillarida Asosiy qonunni yaratish yo‘lida amalga oshirilgan ulkan va mashaqqatli mehnat samarasidir. O‘tgan davr ichida nimaga erishgan bo‘lsak Konstitutsiya asosida amalga oshirildi, uning normalariga amal qilgan holda erishdik.
Konstitutsiyaning 23-moddasida davlat o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilishi va ularga homiylik ko‘rsatishi, 24-moddasida respublika hududida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq himoyalanishi kafolatlab qo‘yildi. Konstitusimizning 13-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi” deb belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va mustaqillik yillarida qabul qilingan barcha qonunlarimiz, olib borilayotgan islohotlar, avvalo, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga, himoya qilishga yo‘naltirilgan. Shu ulug‘ maqsad yo‘lida davlatimiz umumbashariy insonparvarlik qoidalariga asoslanib, fuqarolarimizning erkinliklari, huquq va qonuniy manfaatlarini to‘liq ta’minlab kelmoqda.
Istiqlol yillarida Yurtboshimizning tashabbusi va bevosita rahbarligida milliy qonunchiligimizda nafaqat inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, balki insonparvarlik tamoyillari ham kuchaytirildi.
Har bir insonning o‘z haq-huquqlarini bilib olishi uchun yetarli sharoitlar tashkil qilindi. Shuning uchun ham davr o‘tishi bilan biz Konstitutsiyamizning ahamiyati va mohiyatini, hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini, qadr-qimmatini yanada chuqurroq anglab bormoqdamiz va unga bo‘lgan hurmat-e’tiborimiz tobora ortmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, adolatni qaror toptirish, inson huquqlarini himoya qilish va qonun ustuvorligini ta’minlash — sud hokimiyatining eng oliy vazifasidir. Bu ulkan vazifani amalda tadbiq etishda esa Konstitutsiyamizning huquqiy, demokratik va adolatli jamiyatning barqaror poydevori ekanligini yodda saqlamog‘imiz lozimdir!