
Oʻgʻlimning toʻyini 500 kishilik qilmoqchiman, ruxsat bormi?
Oʻzbek xalqi azal-azaldan toʻylarni oʻtkazishga alohida eʼtibor beradi va barcha tanish-bilishlari, aziz insonlarini toʻy-tantanalarga taklif qiladi. Biroq, ushbu tantanalar natijasida isrofgarchilik, baʼzi hollarda, urush-janjal va huquqbuzarliklar kelib chiqadi.
Ushbu holatni oldini olish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Senatining Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida qoʻshma qarori va uning tarkibida nizom mavjud.
Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni oʻtkazishni tartibga solish toʻgʻrisidagi nizomning 3-bandida:
- ➖toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarda 200 nafargacha;
- ➖mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashishi hamda 23:00 dan keyin davom ettirmaslik lozim ekanligi belgilangan.
Qoʻshaloq toʻylarda 250 nafargacha, u bilan bogʻliq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.
Umuman olganda, toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oraligʻida oʻtkazilishi lozim.
Koʻrishimiz mumkinki, bu kabi marosim, tantanalarni oʻtkazishda cheklov oʻrnatilgan va bu bizning tinchligimiz, sogʻligimiz va “choʻntagimizni” barqaror boʻlishiga xizmat qiladi.
Ushbu qoidalarga rioya qilmaslik Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 192¹-moddasiga muvofiq fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻlsa, toʻyxona, kafe, restoranlarning mansabdor shaxslariga bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Shunday ekan, qonun qoidalariga rioya qilaylik va isrofgarchilikni oldini olaylik.