Skip to main content

O‘qituvchilarga olis hududda ishlaganlik uchun ustama to‘lanadi

Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi PQ-4940-son Qarorida olis hududga borib ishlaydigan birinchi va oliy toifali o‘qituvchilarga ustama berilishi nazarda tutilgan.

Mazku qaror ijrosini ta’minlash uchun Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-oktabrdagi 646-son qarori qabul qilingan.

Ushbu qarorga 1-ilovada tasdiqlangan Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda ta’lim berish uchun boshqa hududlardan o‘qituvchi-pedagoglarni jalb etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-bandida ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga mehnat shartnomasi asosida:

  • bir ma’muriy-hududiy birlik doirasidagi boshqa tuman (shahar)dan
  • yoki boshqa ma’muriy-hududiy birlikdan (boshqa viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri) faoliyat yuritishlari uchun jalb etilgan oliy va birinchi toifali pedagoglar – boshqa hududlardan jalb etiladigan o‘qituvchi-pedagoglar deb belgilangan.

Nizomning 23-bandiga ko`ra ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga maxsus ustamalar belgilanadi. Bunda:

  • bir ma’muriy-hududiy birlik doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 50 foiz miqdorida;
  • boshqa ma’muriy-hududiy birlikdan — boshqa viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan kelib faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga 100 foiz miqdorida maxsus ustamalar to‘lanadi.

Aytish kerakki, nizomning 12-bandga ko‘ra  yuqoridagi ustamani olishga da’vogar o‘qituvchi-pedagoglar:

•  tegishli fan yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lishi;

•  dars berayotgan fani bo‘yicha birinchi yoki oliy malaka toifasiga ega bo‘lishi;

•  boshqa hududda kamida bir yil pedagogik faoliyat yuritgan bo‘lishi;

•  amalda faoliyat yuritayotgan maktab ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatida mavjud bo‘lmasligi talab etiladi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, ustamaga da’vogar o‘qituvchi yuqoridagi mezonlarga mos kelsa, u olis hududda ishga qabul qilinganda ustama to‘lanadi.

*Izoh:
olis va chekka hudud deganda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 471-son qarorida belgilangan hududlar tushuniladi.

Categories: Pedagogik soha