
Oqsoq nikoh nima?
Globallashuv jarayonlari va xalqaro migratsiyaning kuchayishi bilan davlatlar oʻrtasidagi huquqiy tizimlarning farqlanishlari tufayli yuzaga keladigan muammolar tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shunday muammolardan biri – “oqsoq nikohlar” masalasidir. Oqsoq nikoh (“limping marriage“) – bir davlatda qonuniy tan olingan nikohning boshqa davlat tomonidan tan olinmasligi holatini ifodalaydi. Bu xalqaro xususiy huquqning muhim masalalaridan biri boʻlib, shaxslar huquqiy maqomining noaniqligiga, mulkiy huquqlarning himoyalanmaganligiga hamda oila aʼzolari, ayniqsa bolalar huquqlarining buzilishiga olib kelishi mumkin.
Oqsoq nikohlar nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega boʻlib, u millionlab insonlarning hayotiga taʼsir koʻrsatadi. Turli davlatlardagi nikoh qonunchiligidagi farqlar, madaniy va diniy anʼanalarning xilma-xilligi, hamda milliy huquqiy tizimlarning oʻziga xos xususiyatlari ushbu muammoning yanada murakkablashuviga sabab boʻlmoqda.
1. Oqsoq nikoh tushunchasi va uning huquqiy tabiati
Oqsoq nikoh (limping marriage) – bu bir davlatda qonuniy tuzilgan va eʼtirof etilgan nikohning boshqa davlat tomonidan tan olinmasligi oqibatida yuzaga keladigan huquqiy holat. Xalqaro xususiy huquq nazariyasida bu holat “xalqaro oila huquqidagi nomutanosiblik” sifatida ham talqin qilinadi.
Oqsoq nikohlar masalasi xalqaro xususiy huquqning muhim qismini tashkil etadi va “huquqiy tizimlar toʻqnashuvi” muammosining yaqqol namunasidir. Bu holat yuzaga kelishining asosiy sababi shundaki, har bir davlat oʻz hududida nikohni tartibga soluvchi qoidalarni belgilash huquqiga ega boʻlib, bu qoidalar davlatlar oʻrtasida jiddiy farqlanishi mumkin.
Xalqaro xususiy huquqning asosiy tamoyillaridan biri – locus regit actum (huquqiy harakat amalga oshirilgan joy qonuni) qoidasi boʻlib, bunga koʻra, nikoh tuzilgan davlat qonunlari asosida toʻgʻri tuzilgan nikoh boshqa davlatlarda ham tan olinishi kerak. Biroq, amalda barcha davlatlar ham bu tamoyilga toʻliq rioya qilmaydi va koʻpincha oʻz milliy qonunchiliklari manfaatlarini ustun qoʻyadi.
2. Oqsoq nikohlar kelib chiqishining sabablari va omillari
Turli davlatlardagi nikoh yoshi talablaridagi farqlar oqsoq nikohlarning kelib chiqishiga sabab boʻluvchi omillardan biridir. Masalan, baʼzi davlatlarda nikoh yoshi 18 yoshdan boshlansa, boshqalarida esa 16 yosh yoki undan ham pastroq boʻlishi mumkin. Baʼzi davlatlar esa ota-onalarning roziligi bilan nikoh yoshidan istisno qilishga ruxsat beradi.
Nikoh tuzish tartibi va shakliga oid talablar ham davlatlar oʻrtasida sezilarli darajada farqlanadi. Baʼzi davlatlarda faqat fuqarolik nikohini tan olsa, boshqalari diniy nikohlarni ham eʼtirof etadi. Shuningdek, nikoh roʻyxatidan oʻtkazish talablari, guvohlar soni, zaruriy hujjatlar va boshqa rasmiyatchiliklar boʻyicha ham farqlar mavjud.
Masalan, Italiyada Vatikan qonunlari asosida tuzilgan cherkov nikohlariga fuqarolik nikohining huquqiy kuchini berish tan olingan boʻlsa, Fransiyada faqat fuqarolik nikohigina huquqiy ahamiyatga ega. Shu sababli, Italiyada cherkov nikohida boʻlgan juftlik Fransiyaga koʻchib oʻtganda, ularning nikohli maqomi tan olinmasligi va oqsoq nikoh holati yuzaga kelishi mumkin.
Koʻp nikohlilik (poligamiya) masalasi ham oqsoq nikohlar kelib chiqishining muhim sabablaridan biridir. Bir qator musulmon mamlakatlarida, jumladan Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatarda koʻp nikohlilik qonuniy boʻlsa-da, gʻarbiy davlatlarda bunday amaliyot taqiqlangan.
Misol uchun, BAAda ikki ayol bilan nikohda boʻlgan erkak Fransiyaga koʻchib oʻtganda, Fransiya huquqi boʻyicha faqat birinchi nikohigina tan olinishi mumkin. Bu esa ikkinchi nikohdan tugʻilgan farzandlar va ikkinchi xotinning huquqiy maqomiga taʼsir koʻrsatadi.
Turli darajadagi qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlarni tartibga solishda ham davlatlar oʻrtasida sezilarli farqlar mavjud. Baʼzi davlatlarda amakivachcha, togʻavachcha va ammavachcha oʻrtasidagi nikohlar ruxsat etilsa, boshqa davlatlarda bunday qarindoshlik darajalaridagi nikohlar taqiqlanadi.
Shimoliy Afrikaning baʼzi davlatlarida amakivachcha va ammavachchalar oʻrtasidagi nikohlar qonuniy boʻlsa-da, Evropaning aksariyat mamlakatlarida bunday nikohlar haqiqiy emas deb hisoblanishi mumkin.
3. Oqsoq nikohlarning huquqiy oqibatlari
Oqsoq nikohlar, eng avvalo, shaxsning huquqiy maqomiga taʼsir koʻrsatadi. Bu holat shaxs bir davlatda nikohli, boshqa davlatda esa boʻydoq deb hisoblanishiga olib keladi. Bu esa, oʻz navbatida, quyidagi muammolarni keltirib chiqaradi:
- ➖Ikkinchi nikohni tuzishda muammolar (bir davlatda boʻydoq deb hisoblanishi tufayli ikkinchi nikohni tuzishi mumkin, ammo bu boshqa davlatda koʻp nikohlilik sifatida qaralishi mumkin)
- ➖Pasport va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardagi nikohli maqomi boʻyicha ziddiyatlar
- ➖Viza va immigratsiya masalalarida qiyinchiliklar
№ | Oqibatlar | Tasnif |
---|---|---|
1 | Mulkiy huquqlar va moliyaviy oqibatlar | Nikoh davomida orttirilgan mulkni taqsimlash huquqining cheklanishi |
Meros olish huquqining taʼminlanmasligi | ||
Soliq imtiyozlari va ijtimoiy taʼminot boʻyicha muammolar | ||
Nikoh shartnomalarining tan olinmasligi | ||
2 | Bolalar huquqlariga taʼsiri | Farzandning nasabi (otalik/onalik) bilan bogʻliq huquqiy muammolar |
Bolaning fuqaroligi va shaxsiy hujjatlari bilan bogʻliq masalalar | ||
Ota-onaning vasiylik va homiylik huquqlari bilan bogʻliq nizolar | ||
Bolaning taʼminoti, aliment toʻlash majburiyatlari bilan bogʻliq masalalar | ||
3 | Nikohni bekor qilish va ajralish bilan bogʻliq muammolar | Bir davlatda berilgan ajralish toʻgʻrisidagi qarorning boshqa davlatda tan olinmasligi |
Takroriy ajralish jarayonlarining zaruriyati | ||
Aliment toʻlash va mulkni taqsimlash boʻyicha sud qarorlarining ijro etilmaslik ehtimoli | ||
Ajralishdan keyin yangidan nikoh tuzish imkoniyatining cheklanishi |
4. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida oqsoq nikohlar masalasi
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 235-moddasi xalqaro oila huquqi va “oqsoq nikohlar” muammosi kontekstida muhim ahamiyatga ega boʻlgan normani oʻz ichiga oladi. Ushbu modda chet elda tuzilgan nikohlarning Oʻzbekiston Respublikasida tan olinishi masalasini tartibga soladi va quyidagi uchta asosiy elementni oʻz ichiga oladi:
- 1. Kim oʻrtasida tuzilgan nikohlar tan olinadi?
- ➖Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari oʻrtasida tuzilgan nikohlar
- ➖Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va chet el fuqarolari oʻrtasida tuzilgan nikohlar
- ➖Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻrtasida tuzilgan nikohlar
- 2. Qanday shartlar asosida tan olinadi?
- ➖Nikoh tuzilgan davlat qonunchiligiga rioya qilingan boʻlishi kerak (locus regit actum tamoyili)
- ➖Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 16-moddasida koʻrsatilgan nikohlanishga monelik qiluvchi holatlar boʻlmasligi kerak
- 3. Tan olish doirasi
- ➖Bunday nikohlar Oʻzbekiston Respublikasida “haqiqiy deb eʼtirof etiladi”
Oqsoq nikohlar muammosi zamonaviy globallashgan dunyoda tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu muammo shaxslarning huquqiy maqomiga, mulkiy huquqlariga hamda bolalar huquqlariga jiddiy taʼsir koʻrsatib, oilalarning parchalanishi va huquqlarning buzilishiga olib kelishi mumkin.
Muammoni hal qilish uchun xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, davlatlarning xalqaro konventsiyalarga qoʻshilishi, milliy qonunchilikni takomillashtirish va fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish zarur. Shuningdek, oqsoq nikohlar muammosini oʻrganish va uni hal qilish yoʻllarini izlash boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash lozim.
Nikoh va oila munosabatlari insoniyatning eng muhim qadriyatlaridan biri boʻlib, davlatlar va xalqaro hamjamiyat bu munosabatlarni qoʻllab-quvvatlash, himoya qilish va huquqiy jihatdan toʻgʻri tartibga solish uchun barcha zarur choralarni koʻrishi lozim.