Skip to main content

Pedagoglar sudda davlat bojidan ozod etiladi

Davlatimizda pedagoglarning shaxsiy, ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha koʻplab yengilliklar yaratilgan. Ularning jamiyatdagi ahamiyati toʻgʻri baholanib, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning 52-moddasida ham oʻz aksini topgan hisoblanadi.

Ushbu moddaga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi.

Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.

Ularga oʻz shaʼni va qadr-qimmatini toʻsiqsiz himoya qilish uchun imkoniyat yaratish maqsadida sudga shikoyat qilganda davlat bojidan ozod etiladi.

Davlat boji toʻgʻrisidagi qonunining 85-moddasining 2-bandiga muvofiq,  pedagog xodimlar — kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida oʻz shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini himoya qilish bilan bogʻliq ishlar yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilganda, shuningdek, ushbu qonunning 10-moddasi 19-bandiga koʻra, pedagog xodimlar — kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida pedagog xodimlarning huquqlarini buzayotgan davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan maʼmuriy sudga shikoyat qilganda davlat boji toʻlashdan ozod etiladi.

Xulosa qilib aytganda, pedagoglarga berilayotgan bu imtiyozlar nafaqat ularning huquqiy himoyasini taʼminlaydi, balki ularning kasbiy shaʼni va mehnatiga boʻlgan yuksak hurmat va eʼtirof ifodasidir.

Categories: Pedagogik soha