PF – 232-son Farmon: yuridik ta’lim va ilm-fanda yangi bosqich
| Toshkent davlat yuridik universiteti Fuqarolik huquqi kafedrasi o’qituvchisi Shermatov Nuriddin |
2025-yil 26-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-232-son Farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat yuridik kadrlarga bo‘lgan talab va zamonaviy standartlar asosida yuridik ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan. Farmonda ta’lim sifati O‘zbekiston taraqqiyoti uchun ustuvor yo‘nalish ekani alohida ta’kidlanib, “Ta’lim sifatini oshirish — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir” – degan g‘oya asos sifatida keltirilgan. Quyida mazkur Farmonning asosiy mazmun-mohiyati, uning huquqiy ahamiyati hamda kutilayotgan amaliy natijalari va yangilik sifatidagi dolzarbligi yoritamiz.
Farmon doirasidagi ayrim tajribalar ilk marotaba TDYUda joriy etilishi belgilangan. Yangi Farmon bilan yuridik ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilandi. Unga ko‘ra, yuridik ta’lim tizimini amaliyot bilan integratsiyalash, ta’lim jarayonlariga zamonaviy innovatsiyalarni joriy etish hamda ta’lim sifatini xalqaro mezonlar darajasiga ko‘tarish vazifalari qo‘yilgan. Farmon bandlarida bu boradagi ustuvor vazifalar aniq sanab o‘tilgan quyida ayrimlarini ko‘rib chiqamiz.
Farmonning asosiy mazmunini yuridik ta’limni dunyo standartlari doirasida transformatsiya qilish, taʼlim — tadqiqot — amaliyot integratsiyasi hamda “case-study” tizimlari asosida yuridik kadrlarni tashkil etib, mamlakatda yuridik ta’limni rivojlantirish uchun aniq maqsad va vositalarni belgilab bermoqda. Farmon bilan bir qatorda “Yuridik ta’lim va ilm-fanni isloh qilish bo‘yicha Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlangan bo‘lib, unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish muddatlari va mas’ul ijrochilar ko‘rsatilgan.
Farmonning huquqiy ahamiyatiga to‘xtalsak, mazkur Farmon yuridik ta’lim sohasidagi islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlab beradigan me’yoriy hujjat hisoblanadi. Prezident Farmoni kuchga kirishi bilanoq davlat organlari va ta’lim muassasalari uchun majburiy ijro etilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilaydi. Ushbu Farmon 2025-yil 27-noyabrdan rasmiy ravishda kuchga kirdi va u ijro uchun tegishli idoralarga yuborildi. Natijada, Farmonda nazarda tutilgan o‘zgarishlar amalga oshishi uchun huquqiy asoslar yaratildi. Farmonning yana bir huquqiy ahamiyati shundaki, unda ilgari amalda bo‘lmagan bir qator tartibotlar qonuniy joriy etildi. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida (xususan, Toshkent davlat yuridik universitetida) dekan va bo‘linma rahbarlarini saylash tartibi ilk bor huquqiy asosga ega bo‘ldi. Talabalarni o‘qish davomida davlat tashkilotlarida yollanma ishchi sifatida faoliyat yuritishiga ruxsat etilishi ham aynan ushbu Farmon bilan qonuniy kuchga kirdi. Ta’lim jarayoniga sun’iy intellekt vositalarini jalb etish, yangi xalqaro yo‘nalish (Digital Law)ni ochish kabi yangiliklar ham me’yoriy hujjat darajasida tasdiqlandi, bu esa ularni tatbiq etishda hech qanday huquqiy to‘sqinliklar qolmasligini anglatadi.
Ushbu Farmon ijrosi yuzasidan qanday amaliy natijalari kutilishi ham alohida masala va tahlil qilinish zarurati bor. Farmon ijrosi natijasida yuridik ta’lim sohasida bir qator ijobiy o‘zgarishlar kuzatilishi kutilmoqda. Eng avvalo, yuridik kadrlar tayyorlash sifati sezilarli darajada oshib, bitiruvchilar nazariy bilim bilan birga mustahkam amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lib chiqishadi. O‘quv jarayonining 50 foizini bevosita sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va yuridik tashkilotlarda o‘tashi talabalarni real ish muhitiga tayyorlaydi. Natijada, bitiruvchilar ish boshlash uchun qo‘shimcha stajirovka yoki moslashuv davriga ehtiyoj sezmay, darhol samarali mehnat faoliyatini olib borishlari mumkin.
Yana bir muhim natija – ta’lim, fan va huquqni qo‘llash amaliyotining integratsiyalashuvi. Universitetlar tarkibida ilmiy tadqiqot markazlari va amaliyot markazlarining tashkil etilishi amaliy muammolarni ilmiy asosda o‘rganish imkonini beradi. Bu orqali qonunchilik va huquqni qo‘llashdagi kamchiliklar ilmiy tavsiyalar asosida bartaraf etilib, yuridik amaliyot takomillashadi. Misol uchun, Toshkent davlat yuridik universitetida tashkil etiladigan tadqiqot markazlari huquqni qo‘llash jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni ilmiy yondashuvlar orqali tadqiq etadi. Bu esa qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rtasidagi aloqani kuchaytiradi.
Farmonning amaliy natijalaridan yana biri – ta’lim jarayonida baholashning shaffofligi va adolatliligi oshishi kutilayotganidir. Sun’iy intellektni nazorat imtihonlariga jalb qilish natijasida talabalar bilimini baholashda inson omili va subyektivlik kamayadi. Bu o‘z navbatida, talabalarning bilimini xolis va aniq baholash hamda korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, “Raqamli huquq” yo‘nalishining ochilishi xalqaro darajadagi raqamli huquq mutaxassislarini tayyorlashga imkon yaratadi. Bu mutaxassislar kelgusida axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyot sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishda muhim rol o‘ynashi kutilmoqda.
Yuridik ta’lim va ilm-fanni isloh qilishga doir ushbu Farmon ayni paytda juda dolzarb va muhim yangilik bo‘lib, u zamon talablari va jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqqan. Bugungi kunda huquq sohasi tez o‘zgarayotgan sharoitda yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yangilash masalasi kun tartibiga chiqqan edi. Xususan, avvalgi yillarda yuridik ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot orasida ma’lum uzilish mavjud bo‘lib, bitiruvchilar ish faoliyatini boshlashdan oldin qo‘shimcha tayyorgarlikka muhtoj edi. Shu bois, Farmonda yuridik ta’lim jarayonlarining amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. Talabalarni o‘qish paytidanoq amaliy muhitga jalb etish va ularning real tajriba orttirishi – bugungi kunda dolzarb yangilik bo‘lib, bu ilgari ta’lim tizimimizda keng qo‘llanilmagan edi. Ushbu band ijrosi yuzasida QS, THE kabi dunyoning yetakchi universitetlar ro‘yhatida TOP 100 universitetlar ro‘yhatiga kiruvchi Pensilvaniya universiteti huquq maktabi tajribasini tahlil qilishimiz mumkin. Avvalo, Penn State Dickinson huquq maktabida “experiential learning”ga alohida e’tibor beriladi, jumladan, 9 ta klinika va kamida 1 praktikum mavjud. Talabalar kurs ishlaridan tashqari real amaliy ish olib, akademik kredit oladi. Talabalar nazariy mashg‘ulotdan tashqari real ish jarayonida ishtirok etadi. Bu klinikalar oddiy o‘quv auditoriyasi emas, balki “laboratoriya”da talaba haqiqiy mijoz bilan muloqot qiladi, ariza rasmiylashtiradi, memorandum/shartnomalar yozadi, ushbu kurs davomida sud jarayonlarida qatnashadi, advokatlik nutqi yoki muzokara yuritish ko‘nikmalarini real amaliyotdagi holatalrdan kelib chiqib shakllantiradi. Amaliyot jarayonida olingan natijalar esa kredit bilan baholanadi – bu degani, talaba darsda o‘qiyotgani uchungina emas, balki real huquqiy muammolarda ishtirok etib uni murojaatchi foydasiga hal qilgani uchun ilmiy va ta’limiy baho oladi. Bu yondashuv yuridik ta’limni kitobdan emas, real voqelikdan o‘rganishga yo‘naltiradi. Kurslar, klinikalar va externshiplar o‘zaro bog‘langan: talabaga faqat bilim berilmaydi — undan foydalanish majburiyati yuklanadi. Penn State tizimi shu jihati bilan “o‘qish – amaliyot – tadqiqot – yana amaliyot” siklini yaratadi. Shuningdek, Penn State Dickinson huquq maktabi tarkibida bir nechta “Research Centers and Institutes” mavjud — ya’ni, huquqiy tadqiqot va siyosat tadqiqotlari institutlari orqali ilmiy faoliyat ham olib boriladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, talaba biror mavzu bo‘yicha darsda nazariya oladi, keyin klinikada real ishda qo‘llaydi, so‘ng tahlil qiladi va kamchiliklarini ko‘radi va shu asoda ilmiy yondashuvlarni ham ilgari surishi mumkin, maqola yozishi mumkin msiol uchun yoki tegishli tashkilotlar orqali qonunchilik tashabbusini ilgari suradi. Bu yondashuv o‘quvchini passiv tinglovchi emas, faol yuristga aylantiradi. Shuning uchun Penn State Diskinson huquq maktabi bitiruvchilari ko‘pincha mehnat bozoriga moslashishi oson, chunki ular birinchi marta ishga chiqayotgandek emas, balki anchadan beri amaliyotda qatnashayotgan amaliyotchidek ish boshlaydi.
Farmonning yana bir dolzarblik jihati – yuridik ta’lim sifatini xalqaro darajaga ko‘tarish masalasidir. Zamonaviy xalqaro standartlarga mos yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlash bu hujjatning bosh maqsadidir. Hozirda globallashuv sharoitida huquqshunoslar faqat milliy qonunchilikni emas, balki xalqaro huquq normalarini ham chuqur bilishi, chet tillarni egallagan bo‘lishi zarur. “Raqamli huquq” kabi yangi yo‘nalishning ochilishi va TDYU oldiga qo‘yilgan xalqaro reytingga kirish vazifasi shundan dalolat beradiki, O‘zbekiston yuridik oliy ta’limi jahon miqyosidagi talablarga javob berishga intilmoqda. Shu ma’noda PF-232-son Farmon hozirgi islohotlar davridagi dolzarb yangiliklardan biri bo‘lib, u Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilangan ta’lim sifatini oshirish maqsadlariga hamohangdir.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentning 26.11.2025-yilgi PF-232-son Farmoni O‘zbekistonda yuridik ta’lim va ilm-fan sohasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim hujjatdir. Ushbu Farmon asosida yuridik kadrlar tayyorlash tizimi keng qamrovli ravishda modernizatsiya qilinmoqda: ta’lim jarayonlari amaliyot bilan yanada bog‘lanmoqda, boshqaruvda demokratik tamoyillar kuchaytirilmoqda, va zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. Farmon yuridik ta’limning sifatini oshirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy va tashkiliy sharoitlarni yaratib berdi. Kelgusida mazkur islohotlar to‘liq amalga oshirilsa, yurtimizda xalqaro talablar darajasida bilim va tajribaga ega yuridik mutaxassislar avlodi shakllanadi. Bu esa jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyot maqsadlariga erishishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.