Skip to main content

Qonun ruhi va qonun harfi: adolat qayerda yashirin?

Qonun haqida gap ketganda biz odatda uning matniga — moddalarga, bandlarga, rasmiy iboralarga qaraymiz. Go‘yoki huquq aynan shunday qat’iy shakllarda mavjuddek. Ammo aslida qonun faqat yozilgan qoidalar majmuasi emas. Matn — qonunning tashqi qiyofasi xolos; uning tirikligi, mazmuni va adolati esa matn ortida turgan maqsad, g‘oya va ijtimoiy ehtiyojlardan kelib chiqadi. Shu bois huquqshunoslikda qadimdan bir savol mavjud: qonunni talqin qilishda qaysi biri yetakchi — uning harfimi yoki ruhimi? Aynan mana shu ikki qismning o‘zaro munosabati huquqning adolatga qanchalik yaqinlashishini belgilaydi.


1. Qonunning tashqi shakli: harfning chegarasi va imkoniyatlari

Huquqshunoslikda ko‘pincha “qonunning harfi” (буква закона) deganda matnning aynan yozilgan shakli, rasmiy iboralar, grammatik tuzilma tushuniladi. Bu – qonunning tashqi qiyofasi. Ammo matnning o‘zi tirik emas. U hech narsani o‘zi bajarmaydi; u vosita xolos. Montesquieu ta’kidlaganidek, qonunlar jamiyatning tabiiy hayotidan kelib chiqadi, demak qonun matni huquqning o‘zi emas, balki uning tashqi gavdasi.

Harfning kuchi bor, u aniqlik yaratadi, barqarorlikni ta’minlaydi, odamlarga qoidalar doirasini oldindan bilish imkonini beradi. Shu bilan birga cheklovi ham mavjud. Hayot matndek tik va qat’iy emas. Ko‘pincha sodda yozilgan norma murakkab vaziyatlarda yetarli bo‘lmaydi.

Masalan, “binoga it bilan kirish taqiqlanadi” degan yozuv mushuk bilan kirishga ruxsat beradigandek tuyuladi – chunki harf shuni aytadi.

Ammo ushbu norma aslida gigiyena va tartibni ta’minlash uchun qabul qilingan bo‘lsa, harf vaziyatni butunlay qamrab olmaydi. Shu tarzda harfning chegarasi ko‘rinadi.


2. Qonunning ichki mazmuni: ruhning adolatga bog‘lanishi

Qonunning ruhi (дух права)– normaning maqsadi, mohiyati va jamiyat kutgan adolat tamoyili. “Ruh” matnga “jon” bag‘ishlaydi, uni quruq formuladan mazmunli qoidaga aylantiradi. Radbruchning mashhur tamoyiliga ko‘ra, qonunning asosiy vazifasi – adolatni ta’minlashdir. Agar matn adolatga zid kelsa, adolat ustun bo‘lishi kerak. Bu yondashuv ruhga katta o‘rin beradi.

Qonun ruhi – jamiyatning axloqiy meyorlari, ma’naviy tasavvurlari va vijdonidan oziqlanadi. Jamiyatning huquqiy madaniyati va bilim darajasi oshmasa, eng zo‘r yozilgan qonun ham o‘z maqsadiga erisha olmaydi. Qonunning “tirikligi” – insonning ongida, axloqida, vijdonida namoyon bo‘ladi.


3. Ruhni absolyutlashtirishning xavfi: talqinning cheksizligi va tartibning buzilishi

Ba’zan qonunning ruhi haddan tashqari ulug‘lanadi. Ya’ni qonunni faqat maqsadga ko‘ra talqin qilish, harfni esa ikkinchi darajaga surib qo‘yish taklif etiladi. Bu pozitsiya nazariy jihatdan jozibador bo‘lsa-da, amaliyotda jiddiy muammolar tug‘diradi.

Qonun ruhi – subyektiv tushuncha. Har bir mansabdor yoki sudya “qonunning maqsadi aslida shunday” deya matndan butunlay chetga chiqishi mumkin. Bu esa bir xil normaning turlicha qo‘llanishiga, ya’ni huquqiy beqarorlikka olib keladi.

Harfni inkor qilish esa huquqning o‘zini inkor qilishdir. Matn – huquqning tashqi doirasi, chegarasi. Shu doirasiz tartib bo‘lmaydi. Jinoyat tarkibi, malaka belgilari, jarimalar, soliq stavkalari literal ifodasiz ishlamaydi.

Shuningdek, “haqiqat holatlarga qarab o‘zgaradi” degan postmodern yondashuv ham huquqiy aniqlikni buzadi. Huquqda har bir norma uchun umumiy qoidalar bo‘lishi kerak. Har bir vaziyatga moslab “yangi haqiqat” yaratish – qonunni emas, qarama-qarshi talqinlarni kuchaytiradi.

Demak, ruh muhim, lekin uni absolyut qilish — huquqning barqarorligini izdan chiqaradi.


4. Harf + Ruh = Talqin mexanizmi

Bugungi yirik huquq nazariyalari bir xulosaga keladi: qonun na faqat matndan, na faqat maqsaddan iborat, u ikkisining uyg‘unlashuvidir.

Ernest Fullerning “huquqning ichki tamoyillari” nazariyasiga ko‘ra, har qanday qonun ishlashi uchun matn aniqligi, oldindan bilinarligi, mantiqiy uyg‘unligi shart – bu esa harfning roli ifodalaydi. Garold Hart qoidalarni huquqning ustun elementi deb hisoblagan, ular tartibni belgilaydi, ruh esa ularni to‘g‘ri qo‘llashga yordam beradi. Ronald Dvorkin esa huquqni qoidalar va prinsiplar uyg‘unligida ko‘radi – harf va ruh birgalikda ishlaydi.

Yevropa inson huquqlari sudi ham bu modelni qo‘llaydi: avval matn ko‘riladi, keyin maqsad, so‘ng kontekst. Gordonning “buffer zone” modeli esa jamiyatning o‘zi ruh-harf muvozanatini qanday qabul qilishini tushuntiradi: odamlar ko‘pincha harfni buzgan holatlarni kechiradi (agar ruhga zid bo‘lmasa), lekin ruh buzilganini — masalan, nogironlar uchun parkingda mashina qo‘yishni — qat’iy qoralaydi.

Bu yondashuvlar bir fikrni mustahkamlaydi, ya’ni qonunning haqiqiy kuchi harf va ruhning uyg‘unlashgan joyida paydo bo‘ladi.


5. Adolat qayerda yashirin?

Qonunning harfi — tartibni, barqarorlikni, oldindan bilish imkoniyatini beradi. Qonunning ruhi — adolat, ma’naviyat, maqsad va g‘oyani o‘zida mujassam etadi. Ikkalasi birlashmaguncha qonun tirik bo‘lmaydi. Harfni absolutlashtirish formalizmga olib keladi, ruhni absolutlashtirish esa huquqiy tartibni buzadi.

Shuning uchun eng to‘g‘ri yondashuv — muvozanat. Avval harfni ko‘rish, keyin ruh orqali unga mazmun berish. Sudlarda qo‘llaniladigan teleologik talqin ham shu tamoyilga asoslanadi.

Adolat aynan mana shu muvozanatda yashirin. Qonun nafaqat matn va maqsad, balki u ikkisining uyg‘unlashgan shaklidir. Jamiyat huquqni shunday ko‘rgandagina hayotda ham, ongda ham tirik deb qabul qiladi.


Manbalar:

  • 1. Garcia SM, Chen P, Gordon MT. The letter versus the spirit of the law: A lay perspective on culpability. Judgment and Decision Making. 2014;9(5):479-490. doi:10.1017/S1930297500006835
  • 2. Сорокин В. В. Дух права и буква закона: характер соотношения// Правоприменение. 2021. №2. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/duh-prava-i-bukva-zakona-harakter-sootnosheniya (дата обращения: 07.12.2025).
  • 3. https://zakon.ru/blog/2021/10/17/duh_ili_bukva_zakona?ysclid=&
  • 4. Sorokin, V.. (2021). The spirit of the law versus the letter of the law: the nature of correlation. Law Enforcement Review. 5. 5-15. 10.52468/2542-1514.2021.5(2).5-15.
  • 5. https://clarkcountybar.org/letter-of-the-law-versus-spirit-of-the-law/

Categories: Ta'lim