
Ruxsatnomasiz tonirovka tortishga jarima bor
Yoz mavsumida yuqori haroratning salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida ko‘plab fuqarolar o‘z transport vositalarining oynalarini qoraytiradi. Amaldagi tartiblarga muvofiq, avtomobilning orqa yon oynalari va orqa shamol (lobovoy) oynasini qoraytirish uchun hech qanday ruxsatnoma talab etilmaydi. Biroq, old yon oynalarni qoraytirgan holda transport vositasini boshqarish uchun belgilangan tartibda tegishli ruxsatnoma olish zarur hisoblanadi.
Agarda shaxs ruxsatnomasiz old yon oynalarini qoraytirgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 126-moddasiga binoan javobgarlikka tortiladi.
Unga ko‘ra, texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish:
- — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Bundan oynalar tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun tegishli ruxsatnoma berilgan transport vositalari mustasno.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa:
- — bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, old yon oynalarga tonirovka uchun ruxsatnoma olish BHM ning 8 baravari qilib belgilangan. Eslatib o‘tamiz, 1-avgustdan e’tiboran BHM miqdori 412 000 so‘mni tashkil etadi.