Skip to main content

Tomorqasini qarovsizlarga uch baravar soliq!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklarining yer maydonlaridan samarali foydalanishi qat’iy nazoratga olinadi.

Farmonning 9-bandiga ko‘ra, hokim yordamchilari tomonidan hududlarning tabiiy-iqlim sharoitlari inobatga olingan holda har chorakda monitoring o‘tkaziladi. Tekshiruv jarayonida tomorqa yoki ijaraga olingan yer maydonlari qarovsiz qoldirilgani yoki ekin to‘liq ekilmaganligi aniqlansa (fors-major holatlar bundan mustasno), quyidagi choralar qo‘llanadi:

  • bunday xo‘jaliklarga davlat dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar ajratilmaydi;
  • Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan fuqarolarga berilgan barcha imtiyozlar vaqtincha to‘xtatiladi;
  • “Online mahalla” elektron platformasi ma’lumotlariga asoslanib, yer solig‘i stavkasi aniqlangan yil uchun uch karra miqdorda belgilanadi.

Imtiyozlarni to‘xtatish yoki qayta tiklash, shuningdek, soliq stavkalarini oshirish masalasi “mahalla yettiligi” xulosasiga asosan amalga oshiriladi. Barcha ma’lumotlar “Online mahalla” elektron platformasida qayd etib boriladi.

Shu bilan birga, agar tomorqa yoki ijaraga berilgan yer maydonlari samarali foydalanishga qaytarilsa, ya’ni belgilangan ekin maydonlariga hosil ekilgan bo‘lsa, “mahalla yettiligi” kafilligi asosida barcha imtiyozlar qayta tiklanadi va yer solig‘i amaldagi stavkalarda hisoblanadi.

Categories: Soliq huquqi