Toʻyni oʻtkazishga ketgan xarajatlar er-xotin oʻrtasida boʻlinadimi?
Oila kodeksining 44-moddasiga ko‘ra nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilayotganida to‘yni o‘tkazishga ketgan sarf-xarajatlarni undirish haqidagi talablar qanoatlantirilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2011 yil 20 iyuldagi 06-sonli “Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 20-bandiga ko‘ra mulkni bo‘lishda, shuningdek er-xotinning umumiy qarzlari (OK 28-moddasi uchinchi qismi) va oila manfaatlari yo‘lida vujudga kelgan majburiyatlar bo‘yicha talab qilish huquqi inobatga olinadi.
Biroq sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, to‘yni, shuningdek nikoh marosimlari bilan bog‘liq boshqa tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha qarzlar va boshqa xarajatlar inobatga olinmaydi (OK 44-moddasi).
Demak, bundan shuni xulosa qilishimiz mumkinki, toʻyga ketgan xarajatlar er va xotin oʻrtasida boʻlinmaydi