
“Yoshar daftari” talabalarga qanday imtiyozlar beradi?
Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida mamlakatimizda bir nechta dasturlar ishlab chiqilgan. Ulardan biri “Yoshlar daftari” dasturi boʻlib, yoshlarga bir muncha yengilliklar taqdim etadi. Ushbu dasturdagi imtiyozlardan oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan shaxslar foydalanishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoshlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Yoshlar daftari”ni yuritish orqali yoshlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan.
Mazkur nizomning 7-bob 35-bandiga koʻra, Respublikamizdagi professional taʼlim tashkilotlarida taʼlim olayotgan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat koʻrsatayotgan barcha oliy taʼlim tashkilotlarida (davlat, nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining filiallarida) bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida, magistraturaning kunduzgi yoʻnalishida taʼlim olayotgan oʻquvchi-talabalarga toʻlov-kontrakt asosida oʻqish boʻyicha yillik xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
Ushbu xarajatlarni toʻlab berish yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda amalga oshiriladi (ikkinchi va undan keyingi mutaxassislik, qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotganlar bundan mustasno). Yaʼni super kontrakt asosida OTMga qabul qilinganlar ushbu imtiyozdan foydalana olmaydi.
Bundan tashqari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan talabalar oʻzlari taʼlim oladigan oliy taʼlim muassasalaridagi yotoqxonaga joylashishda alohida imtiyozga ega hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, “Yoshlar daftari” dasturi yoshlarning taʼlim olishi va yashash sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Ushbu tizim orqali davlat yoshlarni moddiy va ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratmoqda.