Skip to main content

Yoshlar daftaridagilarning 1 oylik armiya uchun puli toʻlab beriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Mehribonlik” uylari va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning armiya reservidagi 1 oylik xizmat uchun toʻlanadigan summasini qoplash tartibi qabul qilingan.

Ushbu qaror Prezidentning PF-6208-sonli farmonini ijro qilish maqsadida qabul qilingan boʻlib, mazkur tartib vaqtinchalik hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori 2-ilovasida vaqtinchalik tartib koʻrsatilgan. Unga koʻra, buning uchun shaxs “mahalla yettiligi” nomiga yozma ariza yozishi yoki “Yoshlar daftari” elektron platformasi orqali onlayn murojaat qilishi lozim.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:

  • • ariza beruvchining “Mehribonlik” uyi yoki Bolalar shaharchasi yoki oilaviy bolalar uyida tarbiyalanganligi haqida ma’lumotnoma;
  • • tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limi va ariza beruvchi o‘rtasida tuzilgan “Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablag‘lari” maxsus hisob raqamiga badal o‘tkazish tartibi to‘g‘risida uch taraflama shartnoma (mudofaa bo‘limi va fuqaro tomonidan imzolangan holda).

Ariza beruvchidan ushbu bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim qilishni talab qilish taqiqlanadi.

“Mahalla yettiligi” “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari va oilaviy bolalar uylarida tarbiyalangan yoshlarning ushbu muassasalarda tarbiyalanganini tasdiqlovchi hujjatlarni, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ariza beruvchilarning oilasi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganini o‘rganib, ariza beruvchilarga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda subsidiya ajratish haqida qaror chiqaradi.

Ushbu qarorga asosan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Vasiylik kengashi (keyingi o‘rinlarda — Vasiylik kengashi) “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ariza beruvchiga subsidiya ajratadi.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari subsidiya ajratish uchun yetarli bo‘lmaganda, Vasiylik kengashi uch ish kunida ushbu Vaqtinchalik tartibning 3-4-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlarni ilova qilgan holda ariza beruvchiga subsidiya ajratish haqida Yoshlar ishlari agentligi hududiy boshqarmasiga so‘rov xat yuboradi.

Shuningdek, “Yoshlar daftari” platformasi orqali haydovchilik guvohnomasi uchun, xorijiy tillarni bepul oʻrganish uchun ariza topshirish mumkin. Bu imtiyozlardan “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar foydalanishi mumkin.