Ma’lumki, Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 4-bandiga ko‘ra majburiy attestatsiya 5 yilda o‘tkaziladi.
Ushbu nizom kuchga kirgandan so‘ng bir qator pedagog xodimlar attestatsiyaga jalb etilmagan holda toifasi saqlanishiga oid qator imtiyozlar belgilangan.
Xususan, nizom 6-bandiga asosan:
- pedagogik faoliyat bo‘yicha 25 yil va undan ko‘p ish stajiga ega bo‘lgan pedagog xodimlar;
- yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt qolgan pedagog xodimlar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi.
Bunda 8-bandi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 29 dekabrdagi 692-sonli qaroriga asosan «e» kichik band bilan to‘ldirilgan, unga ko‘ra pedagogik faoliyat bo‘yicha 25 yil va undan ko‘p ish stajiga ega bo‘lgan hamda yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt qolgan pedagog kadrlarga — ularning amaldagi malaka toifasi (lavozimi) beriladi.
Shunga ko‘ra 25 yil yoki undan ko‘p ish stajiga ega pedagoglarning hamda pensiya yoshiga chiqishiga 5 yil va undan kam vaqt qolganda pedagoglarning toifasi saqlanadi.
Ularga berilgan sertifikatning amal qilish muddati tugaydigan vaqtda nizomning 32-bandiga muvofiq pedagoglar har yili 1-yanvardan 31-dekabrga qadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri attestatsiyadan o‘tkazilmasdan malaka toifasi (lavozim) sertifikatini olish uchun bevosita davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoxud vakolatli vazirliklarning rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qilishlari lozim.
Bunda pedagoglarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri attestatsiyadan o‘tkazilmasdan malaka toifasi (lavozim) sertifikatini olish bo‘yicha so‘rovnomasi 20 kun muddatda ko‘rib chiqiladi va ijobiy qaror qabul qilinganda ularga QR-kod qo‘yilgan elektron shakldagi sertifikat beriladi.