Fuqarolik kodeksining 1141-moddasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ijtimoiy adolat, insonparvarlik va fuqarolarning ijtimoiy himoya qilish tamoyillariga asoslanadi. U fuqarolarning mol-mulk huquqlarini himoya qilishning murakkab va koʻp qirralari mexanizmini hosil qiladi. Normaning mohiyati – bu “oqibatli adolat” konsepsiyasiga asoslanadi. Yaʼni, faqat qon-qarindoshlik emas, balki ijtimoiy aloqalar, qoʻllab-quvvatlash va real yordamning huquqiy qiymatini tan olishdan iborat.
1. Normaning birinchi qismiga koʻra, mehnatga qobiliyatsiz shaxs agar meros qoldiruvchi vafotidan oldin kamida bir yil davomida uning qaramogʻida boʻlgan va u bilan bir uyda yashagan boʻlsa, qonun boʻyicha merosxoʻrlar qatoriga kiradi.
Bunda qonun chiqaruvchi “mehnatga qobiliyat shaxs” tushunchasini keng va umumiy qamrovli talqin etib, ushbu kategoriyaga quyidagilarni kiritadi:
1 | Voyaga yetmagan shaxslar |
2 | Nogironligi boʻlgan shaxslar (I va II guruh) |
3 | Keksalar (55 yoshga toʻlgan ayollar hamda 60 yoshga toʻlgan erkaklar) |
Mehnatga qobiliyatsiz boqimlarning merosga kirish shartlari sifatida quyidagilar belgilanadi:
- Meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil oldin uning qaramogʻida boʻlgan boʻlish;
- Meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashash.
Shuningdek, ushbu norma merosga kirishning asosiy mexanizmi sifatida qonun boʻyicha boshqa merosxoʻrlar boʻlgan taqdirda, mehnatga qobiliyatsiz boqimlar navbatdagi merosxoʻrlar bilan birgalikda meros olishini belgilaydi. Bu shuni anglatadiki, boqimlar oʻz darajasi boʻyicha alohida hisoblanmaydi, balki faktik holatga asoslanib, tegishli navbat bilan meros olish huquqiga ega boʻladi.
Misol uchun, Bekzod ismli fuqaro vafot etdi. U oʻz uyida nogironlik nafaqasiga ega 42 yoshli amakisini bir yil davomida boqib kelgan. Bekzodning boshqa qonuniy merosxoʻrlari boʻlgan taqdirda, amakisi ushbu norma asosida meros oluvchilar safiga kiradi.
2. Normaning ikkinchi qismi mazmuni shunday qoidani belgilaydiki, unga koʻra, qonun boʻyicha ikkinchi, uchinchi yoki toʻrtinchi navbat merosxoʻrlari safidagi shaxslar (aka-ukalar, amakilar, togʻalar, bobolar, buvilar va uzoqroq qarindoshlar), agar ular ayni paytda vorislikka chaqirilgan navbat merosxoʻrlari orasida boʻlmasa-da, lekin mehnatga qobiliyatsiz va meros qoldiruvchining 1 yil davomida qaramogʻida boʻlgan boʻlsalar, tegishli navbat merosxoʻrlari bilan birga meros olish huquqiga ega boʻladi.
Bu qoida meros qoldiruvchi va ushbu shaxslar oʻrtasidagi faktik yordam va qaramlik munosabatlarini hisobga oladi. Bunda qonun faqat qon-qarindoshlikni emas, balki hayotiy aloqalarni ham tan oladi.
Quyidagi misolga qarang! Fuqaro Nigora vafot etdi. Uning 1-navbatdagi merosxoʻrlari mavjud, biroq Nigoraning 4-navbatga kiruvchi uzoq qarindoshi Bahodir uning qaramogʻida boʻlgan va mehnatga qobiliyatsiz edi. Bahodir FK 1138-moddasiga binoan toʻrtinchi navbat merosxoʻr toifasiga kirgani sababli, mazkur asos bilan meros olish huquqiga ega. Bunda bir tomondan Nigoraning 1-navbatdagi merosxoʻrlari (masalan farzandlari), ikkinchi tomondan 4-navbatdagi merosxoʻr sifatida Bahodir meros olishga chaqiriladi.
3. Normaning uchinchi qismi mehnatga qobiliyatsiz boqimlarning merosdagi ulushini aniqlashga oid maxsus qoidalarni nazarda tutadi. Agar boshqa qonuniy merosxoʻrlar boʻlsa, ushbu norma asosida merosga daʼvogarlik qilayotgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarning umumiy ulushi merosning toʻrtdan bir qismidan oshmaydi. Bu mehnatga qobiliyatsiz boqimlar huquqlarini taʼminlaydi, lekin asosiy merosxoʻrlarning manfaatlarini ham cheklab qoʻymaslikka qaratilgan.
Misol uchun Dilshod ismli fuqaro vafot etdi. Uning qarindoshi boʻlgan ikkinchi darajali merosxoʻr – singlisi va boqimida boʻlgan nogiron qoʻshnisi bor. Deylik, Dilshodning merosi 100 mln soʻm boʻlsa, nogiron qoʻshni merosning koʻpi bilan 25 mln soʻmini oladi, qolgan 75 mln soʻm esa qonuniy merosxoʻr – singlisiga tegadi.
Norma meros huquqining eng murakkab va nozik qismlaridan biridir. U faqat texnik jihatdan emas, balki ijtimoiy adolat nuqtayi nazaridan ham muhimdir.