Skip to main content

Vasiyat majburiyati

Fuqarolik huquqida merosga oid munosabatlar alohida tartibga solinadi. Ular biri vasiyat majburiyati hisoblanadi. Vasiyat majburiyati – bu merosxo‘r zimmasiga vasiyat qiluvchi tomonidan yuklangan muayyan majburiyat bo‘lib, u meros hisobidan bajarilishi lozim. Fuqarolik kodeksining 1132-moddasi aynan shu huquqiy institutga bag‘ishlangan. Ushbu maqolada vasiyat majburiyatining huquqiy mohiyati, uning bajarilish tartibi va amaliy ahamiyati ko‘rib chiqiladi.

Vasiyat majburiyatining huquqiy mohiyati

Vasiyat qiluvchi o‘z merosxo‘rlariga, ya’ni merosdan foyda oluvchi shaxslarga, muayyan majburiyatlarni yuklashi mumkin. Bu majburiyatlar turlicha bo‘lishi mumkin:

  • ➖ma’lum bir ashyoni boshqa shaxsga berish;
  • ➖mol-mulk sotib olib, boshqa shaxsga topshirish;
  • ➖muayyan xizmatlarni ko‘rsatish yoki yordam berish.

Misol uchun, vasiyat qiluvchi o‘z kvartirasini o‘g‘liga meros sifatida qoldirishi va undan hayriya tashkilotiga ma’lum miqdorda mablag‘ ajratishini talab qilishi mumkin.

Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar kim bo‘lishi mumkin?

FK 1132-moddasi ikkinchi qismida vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar nafaqat qonun bo‘yicha vorislar (masalan, farzandlar, turmush o‘rtoq), balki boshqa shaxslar ham bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan. Ya’ni, vasiyat qiluvchi o‘z merosidan hatto begona shaxslar yoki tashkilotlar foydasiga ham vasiyat majburiyatini yuklashi mumkin.

Masalan, meros qoldiruvchi o‘z mol-mulkini qiziga qoldiradi, lekin undan har oy pensioner qo‘shnilariga yordam berish yoki ma’lum bir xayriya fondiga pul o‘tkazishni talab qiladi. Qo‘shnilar yoki fond bu holatda vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi bo‘ladi.

Vasiyat majburiyatini bajarish shartlari va cheklovlari

Vasiyat majburiyati merosxo‘r zimmasiga o‘tadi, lekin u faqat real meros qiymati doirasidagina bajarilishi mumkin. Agar merosxo‘r majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lsa, u faqat majburiy ulushidan ortiq bo‘lgan qism hisobidan vasiyat majburiyatini bajara oladi.

Masalan, agar merosxo‘r majburiy ulush sifatida 40 million so‘m olsa va unga yuklangan vasiyat majburiyati 50 million so‘m bo‘lsa, u faqat ortiqcha 10 million so‘m doirasida bu majburiyatni bajarishi mumkin.

Turar joydan umrbod foydalanish huquqi

Vasiyat qiluvchi merosxo‘rga uy-joyni meros sifatida qoldirish bilan birga, ushbu uy-joydan boshqa shaxsga umrbod foydalanish huquqini ham taqdim etishi mumkin. Bunda  uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi keyinchalik boshqa shaxsga o‘tganida ham umrbod foydalanish huquqi o‘z kuchida qoladi.

Misol uchun, meros qoldiruvchi kvartirasini o‘g‘liga qoldiradi, lekin uning singlisi ushbu kvartirada umrbod yashash huquqiga ega bo‘lishi shartini belgilaydi. O‘g‘il kvartiraning yangi egasi bo‘lsa ham, singlisini chiqarib yuborish huquqiga ega emas.

Vasiyat majburiyatining merosxo‘rlarga o‘tishi

Agar vasiyat majburiyati yuklatilgan merosxo‘r vafot etsa yoki merosni qabul qilmasa, bu majburiyat boshqa merosxo‘rlarga o‘tadi. Agar meros egasiz qolsa, majburiyat davlat yoki mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan hal etiladi.

Vasiyat majburiyatining bekor bo‘lishi

Agar vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi meros ochilgunga qadar vafot etsa, u holda ushbu majburiyat o‘z kuchini yo‘qotadi. Bundan tashqari, vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi meros qoldiruvchining qarzlari uchun javobgar emas.

Vasiyat majburiyati meros huquqida muhim institut bo‘lib, merosxo‘r zimmasiga turli majburiyatlarni yuklash imkonini beradi. U meros huquqining ijtimoiy yo‘naltirilganligini ta’minlaydi va merosxo‘rlarning faqat o‘z manfaatlarini emas, balki jamiyat va boshqa shaxslarning manfaatlarini ham hisobga olishiga xizmat qiladi. Fuqarolar ushbu huquqiy institutdan xabardor bo‘lishlari va uni to‘g‘ri qo‘llashlari huquqiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Categories: Fuqarolik huquqi