Skip to main content

Voyaga yetmaganlarning ish vaqti qancha

Ko‘pchilik yoshlar o‘qish bilan birga ishlashga harakat qiladi yoki voyaga yetmagan shaxs sifatida mehnat faoliyatini boshlaydi. Biroq, ular qanday sharoitda va qancha soat ishlashi mumkinligi qonun bilan qat’iy tartibga solingan. Ushbu maqolada voyaga yetmagan xodimlarning ish vaqti, ish haqi va ularning huquqlari qanday himoya qilinishi haqida yuridik tahlil keltiramiz._

1. Ish vaqti cheklanganmi?

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 415-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmaganlarning ish vaqti quyidagicha tartibga solinadi:

  • 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar  uchun ish vaqti haftasiga 36 soatdan oshmasligi, 15 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchunesa haftasiga 24 soatdan oshmasligi kerak.
  • O‘quvchilar (o‘qish davrida ishlayotganlar) uchun ish vaqti tegishli yosh toifasi uchun belgilangan me’yorning yarmidan oshmasligi kerak. Ya’ni, agar 16-18 yoshdagi o‘quvchi ishlayotgan bo‘lsa, uning haftalik ish vaqti 18 soatdan oshmasligi lozim.

Misol uchun, Diyor 16 yoshda va kasb-hunar maktabida tahsil oladi. U o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlashni rejalashtirmoqda. Agar Diyor o‘qish davomida ishlayotgan bo‘lsa, uning haftalik ish vaqti 18 soatdan oshmasligi kerak. Agar u o‘qishni tamomlab, to‘liq ishlashni xohlasa, u haftasiga 36 soatgacha ishlashi mumkin.

­2. Ish vaqti qisqarlishi maoshga ta’sir qiladimi?

Ba’zilar voyaga yetmaganlarning ish vaqti qisqartirilgani sababli ularning maoshi ham kam bo‘ladi deb o‘ylashi mumkin. Biroq, bu noto‘g‘ri tushuncha.

Mehnat kodeksining 420-moddasiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlar qisqartirilgan ish vaqtida ishlagan taqdirda ham, ularga to‘liq ish kunida ishlayotgan xodimlarga to‘lanadigan miqdorda maosh berilishi shart.

Aytaylik, Madina 16 yoshda va dorixonada yordamlashuvchi xodim sifatida ishlaydi. Uning haftalik ish vaqti 36 soatdan oshmasligi kerak. Ish beruvchi unga kattalar bilan bir xil stavkada ish haqi to‘lashga majbur. Agar kattalar bir oyda 4 million so‘m maosh olsa, Madina ham aynan shunday miqdorda maosh olishi lozim, hatto u qisqartirilgan ish vaqtida ishlayotgan bo‘lsa ham.

3. Ish beruvchilar qanday javobgarlikka tortilishi mumkin?

Agar ish beruvchi voyaga yetmagan xodimlarni:

  • – haftasiga 36 soatdan ortiq ishlashga majburlasa;
  • – ish vaqtini qisqartirgan holda to‘liq ish haqi to‘lamasa,

bu qonun buzilishi hisoblanadi. Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ish beruvchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi uchinchi qismi asosida javobgarlikka tortilishi mumkin.

Jazo quyidagicha belgilangan:

  • Ish beruvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima solinishi mumkin.

Masalan, Sherzod 17 yoshda va supermarketda yuk tashuvchi sifatida ishlaydi. Ish beruvchi uni haftasiga 40 soat ishlashga majburlaydi va voyaga yetmagan xodimlarga to‘liq ish haqi to‘lash talabini bajarmaydi. Agar bu holat aniqlansa, ish beruvchi qonuniy jarima jazosi bilan jazolanadi.

Voyaga yetmagan shaxslarning mehnat huquqlari qat’iy tartibga solingan bo‘lib, ularga ortiqcha ish yuklash yoki maoshini kamaytirish noqonuniy hisoblanadi. Shuning uchun yosh xodimlar o‘z huquqlarini bilishi va ish beruvchilarning noqonuniy talablariga rozi bo‘lmasligi lozim. Agar huquqbuzarlik sodir etilgan bo‘lsa, mehnat inspeksiyasiga yoki tegishli organlarga murojaat qilish mumkin.

Categories: Mehnat huquqi