
Yuridik shaxsning huquqiy belgilari
Yuridik shaxs huquqiy institut sifatida o‘zining muayyan belgilari bilan jismoniy shaxslardan farqlanadi. Ularning huquqiy maqomi, tashkiliy tuzilishi va mustaqil javobgarligi yuridik shaxs sifatida tan olinishi uchun muhim hisoblanadi. Shu bilan birga, zamonaviy huquqiy nazariyalar ba’zi an’anaviy qarashlarni qayta ko‘rib chiqib, yuridik shaxslarning belgilari bo‘yicha yangi yondashuvlarni ilgari surmoqda. Ushbu maqolada yuridik shaxslarning asosiy belgilari, ularning nazariy va amaliy jihatlari, shuningdek, mavjud yondashuvlarning tahlili keltiriladi.
Yuridik shaxsning belgilari
An’anaviy yondashuvga ko‘ra, yuridik shaxs quyidagi asosiy belgilarga ega bo‘lishi lozim:
1 | Alohida mol-mulkka ega bo‘lish |
2 | Mustaqil javobgarlik (mustaqil mulkiy javobgarlik) |
3 | O‘z nomidan huquqiy munosabatlarga kirishish |
4 | Tashkiliy birlik (munozarali) |
5 | Tashkiliy-huquqiy shakl (zamonaviy nazariyalarda belgi sifatida qaralmaydi) |
Keling endi har bir belgining mazmunini tahlil qilamiz.
Alohida mol-mulkka ega bo‘lish belgisi
Yuridik shaxsga tegishli eng muhim belgilaridan biri – bu alohida mol-mulkka ega bo‘lishidir. Bu yuridik shaxsning o‘ziga tegishli yoki operativ boshqaruvida bo‘lgan mulk mavjudligini bildiradi. Ya’ni, yuridik shaxs o‘z balansida mustaqil mol-mulkka ega bo‘lishi kerak. Ushbu tushuncha shuni anglatadiki, yuridik shaxs mol-mulkka egalik qilishi yoki uni tasarruf etish huquqiga ega bo‘lishi, bu mulk boshqa subyektlarning mol-mulkidan alohida bo‘lishi lozim. Mulk bo‘lmasa, yuridik shaxs sifatida tan olinishi qiyin bo‘ladi. Masalan:
- ➖Mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) o‘zining bank hisob raqamiga, binolariga, uskunalariga ega bo‘lishi mumkin. Aytalik, “Grand Savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati (MCHJ) o‘ziga tegishli ishlab chiqarish binosiga, ishlab chiqarish liniyalariga va bank hisob raqamlariga ega. Bu aktivlarni boshqarish va tasarruf etish “Grand Savdo” MCHJning erk-irodasiga bog‘liq.
- ➖Davlat muassasalari esa, odatda, operativ boshqaruv huquqi asosida mulkdan foydalanadi.
Alohida mol-mulkka ega bo‘lish yuridik shaxsning kreditorlar oldidagi javobgarligini ta’minlash hamda uning iqtisodiy mustaqilligini belgilovchi asosiy omildir.
Mustaqil javobgarlik yohud Mustaqil mulkiy javobgarlik belgisi
Yuridik shaxs o‘z majburiyatlari bo‘yicha faqatgina o‘ziga tegishli mulk bilan javob beradi. Uning ishtirokchilari yoki ta’sischilari odatda uning majburiyatlari bo‘yicha shaxsan javobgar bo‘lmaydi. Masalan:
- ➖MCHJ mulki bilan javobgar bo‘ladi, lekin uning ta’sischilari shaxsiy aktivlari bilan javob bermaydi. Deylik, “Fides” MCHJ bankdan kredit olgan, lekin kreditni qaytarish imkoniga ega emas. Ushbu holatda faqat jamiyat o‘zining mol-mulki bilan javobgar bo‘ladi, ta’sischilar esa shaxsiy mablag‘lari bilan javob bermaydi. Ya’ni qardorlikni undirish bo‘yicha bank da’vo bilan ta’sischilarga chiqa olmaydi.
O‘z nomidan huquqiy munosabatlarga kirishish belgisi
yuridik shaxs o‘z nomidan shartnomalar tuzish, sudda da’vogar yoki javobgar sifatida qatnashish huquqiga ega bo‘lishi kerak. Bu, ayniqsa, korporativ huquqiy munosabatlar va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mustaqilligini ta’minlash uchun muhim hisoblanadi. Misol uchun:
- ➖Davr Savdo XK o‘z nomidan ijara shartnomasi tuzish va sudda aynan shu nom bilan da’vogar yoki javobgar sifatida ishtirok etish huquqiga ega.
Tashkiliy birlik masalasi
Ba’zi nazariy yondashuvlarga ko‘ra, yuridik shaxsning belgilari orasida “tashkiliy birlik” ham mavjud deb hisoblanadi. Tashkiliy birlik bu – yuridik shaxsning ichki tuzilishi, boshqaruv organlari va faoliyat yuritish tartibini o‘z ichiga oladi. Biroq, bu belgi barcha yuridik shaxslarga xos emas, masalan:
- ➖Aksiyadorlik jamiyatlari aniq tashkiliy tuzilishga ega (umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi va ijroiya organi mavjud bo‘lib, aniq boshqaruv tuzilmasi shakllangan) bo‘lsa,
- ➖Xususiy korxona yoki fermer xo‘jaliklari odatda yagona ta’sischiga ega bo‘lib, an’anaviy ma’noda tashkiliy birlikka ega emas.
Shu sababli, tashkiliy birlikni universal belgi sifatida qabul qilish so‘roq ostida qolmoqda. Yuridik soha vakillarining aksariyat qismi tashkil birlikni alohida belgi sifatida qabul qilmaydi.
Tashkiliy-huquqiy shakl masalasi
Ba’zi adabiyotlarda yuridik shaxsning belgilaridan biri deb qaralgan tashkiliy-huquqiy shakl bugungi nazariyalar tomonidan belgi sifatida qabul qilinmaydi. Chunki bu tushuncha yuridik shaxslarning huquqiy tasnifi uchun xizmat qiladi, ammo uning mavjudligini belgilovchi omil emas.
Misol uchun:
- ➖MCHJ, AJ, muassasa – bu tashkiliy-huquqiy shakllar, lekin ularning har biri yuridik shaxs bo‘lishi uchun yuqoridagi asosiy uchta belgiga ega bo‘lishi kerak.
Shunday ekan, tashkiliy-huquqiy shaklga yuridik shaxsning belgisi sifatida qarash ham bahsli, chunki u yuridik shaxsning ichki mohiyatini emas, tashqi huquqiy shakllanishini ifodalaydi.
Yuqoridagi tahlildan kelib chiqib, yuridik shaxsning asosiy belgilari sifatida: Alohida mol-mulkka ega bo‘lish (yuridik shaxs o‘ziga tegishli mulkka ega bo‘lishi va undan mustaqil foydalanishi kerak), Mustaqil javobgarlik (yuridik shaxs o‘z majburiyatlari bo‘yicha faqat o‘z mulki bilan javobgar bo‘ladi), O‘z nomidan huquqiy munosabatlarga kirishish (yuridik shaxs shartnomalar tuzishi, sudda qatnashishi va boshqa huquqiy harakatlarni amalga oshirishi lozim)ni olishimiz mumkin.
Tashkiliy birlik universal belgi sifatida tan olinmaydi, chunki u barcha yuridik shaxslarga xos emas. Tashkiliy-huquqiy shakl esa yuridik shaxsning asosiy belgisi emas, balki huquqiy tasniflash vositasi sifatida ko‘riladi.
Demak, zamonaviy huquqiy yondashuvlar yuridik shaxsning belgilari bo‘yicha an’anaviy tushunchalarni qayta ko‘rib chiqmoqda va ularning asosiy mohiyatini aniqlashtirmoqda. Bu esa huquqiy amaliyotda yuridik shaxslarning yanada aniq va to‘g‘ri tasniflanishiga xizmat qiladi.