
Ayollar daftariga kimlar kiritilishi mumkin?
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 1-moddasida belgilanganidek ijtimoiy davlat hisoblanadi. Ijtimoiy davlat deganda esa oʻz fuqarolarining iqtisodiy va ijtimoiy farovonligini himoya qiladigan va rivojlantiradigan davlat tushunilishi lozim. Oʻzbekiston oʻz fuqarolarini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini taʼminlash uchun bir necha dasturlar ishlab chiqqan: “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari” shular jumlasidan.
Ayollar daftari – ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qoʻllab-quvvatlashga, bilim va kasb oʻrganishga ehtiyoji va ishtiyoqi boʻlgan ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish boʻyicha maʼlumotlar bazasidir.
Yaʼni yuqoridagi muammolar sabab jamiyatdan ajralib qolgan ayollarni jamiyatga qaytarish va ularni rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash uchun “Ayollar daftari” joriy etilgan boʻlib, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-martda qabul qilgan 145-sonli “Xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan.
Ushbu qarorning 1-ilovasida keltirilgan “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4-bandiga muvofiq, Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi:
№ | Mezonlar | Tavsif |
---|---|---|
1 | ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar | bandligi taʼminlanmagan, ishlash istagida boʻlgan va daromad manbaiga ega boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlar |
2 | tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlar | bandligi taʼminlanmagan, tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlar |
3 | boquvchisi boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlar | boquvchisi vafot etgan, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, ruhiy kasallikka chalingan, I-II guruh nogironligi boʻlgan hamda doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan, bedarak yoʻqolgan (sud qaroriga asosan) yoxud boshqa sabablarga koʻra boquvchisi boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlar, farzandlari voyaga yetmagan boquvchisi boʻlmagan ehtiyojmand ayollar, shuningdek, nikohi bekor qilingan ehtiyojmand xotin-qizlar va ehtiyojmand yolgʻiz onalar (FHDY organlarining maʼlumotnomasi asosida) |
4 | ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi boʻlgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar | mehnatga layoqatsiz, oʻzgalar parvarishiga, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar |
5 | uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar | noturar joylarda istiqomat qilayotgan, doimiy yashash uchun turar joyi boʻlmagan, bir xonadonda (kichik hovlida) uch va undan ortiq oila yashayotgan (uy-joy maydoni belgilangan ijtimoiy normadan kam boʻlgan), biroq oʻzining yoki birgalikda yashovchi oila aʼzolarining nomida turar joy mavjud boʻlmagan, xususiy uy-joy fondida ijara huquqi asosida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand xotin-qizlar |
6 | qaramogʻida nogironligi boʻlgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar | nogironligi boʻlgan voyaga yetmagan (I guruh nogironligi boʻlgan farzandi yoshidan qatʼiy nazar) farzandini bevosita parvarishlayotgan va (yoki) surunkali kasallikning ogʻir turlariga chalingan bolalari mavjud boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlar |
Xotin-qizlarni “Ayollar daftari”ga olish masalalari bilan “Mahalla yettiligi”, masʼul tashkilot xodimlari, mahallalardagi xotin-qizlar faollarining ishtiroki asosida amalga oshiriladi. Har bir toifa boʻyicha belgilangan amaliy yordamlar toʻliq koʻrsatilganda “Ayollar daftari”dan chiqariladi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning individual dasturga kiritilgan masalalari toʻliq hal etilgunga qadar ularni “Ayollar daftari”dan chiqarishga yoʻl qoʻyilmaydi.