
Nikohni haqiqiy emas deb topish mumkinmi?
Oila institutining barqarorligi, er-xotin oʻrtasidagi huquqiy munosabatlarning mustahkamligi — jamiyatning ijtimoiy poydevoridir. Shu sababli, nikohning yuridik kuchga ega boʻlishi uchun belgilangan qonuniy talablarga rioya qilinishi muhim hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksiga koʻra, ayrim hollarda nikoh sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bu esa er-xotin oʻrtasidagi huquq va majburiyatlarni bekor qiladi.
Oila kodeksining 49-moddasiga muvofiq, nikoh quyidagi hollarda haqiqiy emas deb topiladi:
- 1. Nikoh tuzish shartlari buzilgan boʻlsa (OKning 14–16-moddalari):
- ➖Nikoh ixtiyoriylik asosida tuzilmagan boʻlsa;
- ➖Nikoh yoshi toʻgʻrisidagi talab buzilgan boʻlsa;
- ➖Nikohga kirayotganlardan biri boshqa roʻyxatdan oʻtgan nikohda boʻlsa;
- ➖Qarindoshlik jihatidan qonun bilan taqiqlangan shaxslar oʻrtasida nikoh tuzilgan boʻlsa;
- ➖Nikohlanuvchilardan biri sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa.
- 2. Soxta nikoh tuzilgan boʻlsa:
Er-xotin yoki ulardan biri oila qurish niyatida boʻlmagan holda nikohni FHDYo organida qayd ettirgan boʻlsa.
- 3. Yashirin kasallik haqida maʼlumot bermaslik:
Nikohlanuvchilardan biri tanosil yoʻli bilan yuqadigan kasallik yoki OIV infeksiyasi borligini ikkinchisidan yashirgan boʻlsa va bu holat aniqlanganda ikkinchi tomon sudga murojaat qilsa.
Nikohni haqiqiy emas deb topish faqat sud tartibida amalga oshiriladi. Sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida FHDYo organlari nikohni davlat roʻyxatidan chiqaradi va tegishli belgilarni shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarga kiritadi.
Nikoh har qanday shartlarda emas, balki qonunchilikda belgilangan asoslar va tartibga muvofiq tuzilishi lozim. Aks holda, u haqiqiy emas deb topilishi va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun nikoh tuzishda qonuniy talablarga qatʼiy rioya qilish — nafaqat huquqiy, balki axloqiy javobgarlikdir.