
Ta’tilning qanday turlari bor?
Har bir shaxsda mehnat qilishi huquqi boʻlganidek, Konstitutsiyamiz bilan kafolatlangan dam olish huquqi ham mavjud. Shuningdek, ushbu qoida Mehnat kodeksi bilan ham mustahkamlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 213-moddasiga muvofiq, taʼtillarning quyidagi turlari mavjud:
- ➖har yilgi mehnat taʼtili;
- ➖ijtimoiy taʼtillar;
- ➖ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil va ish haqi saqlanmaydigan taʼtil.
Har yilgi mehnat taʼtili dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish oʻrni (lavozimi) hamda oʻrtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan vaqt davridir. MK 217-moddasiga koʻra, har yilgi asosiy eng kam mehnat taʼtilining davomiyligi 21 kalendar kunni tashkil etsa, MK 222-moddasida barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan taʼtillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun 56 kalendar kundan oshib ketishi mumkin emasligi belgilangan.
Bundan tashqari aholining ayrim qismlariga yoshi va sogʻligining holatini inobatga olgan holda har yili uzaytirilgan taʼtil beriladi. MKning 218-moddasiga koʻra:
- ➖oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan shaxslarga — oʻttiz kalendar kun;
- ➖I va II guruh nogironligi boʻlgan xodimlarga — oʻttiz kalendar kun miqdorda taʼtil beriladi. Yaʼni ushbu toifadagi shaxslar uchun eng kam taʼtil muddati 30 kalendar kuni hisoblanadi.
Ijtimoiy taʼtillar deganda esa homiladorlik va tugʻish taʼtillari, bolani parvarishlash taʼtillari, oʻquv taʼtillari va ijodiy taʼtillar nazarda tutiladi. MKning 237-moddasiga muvofiq, oʻn ikki yoshga toʻlmagan ikki va undan ortiq nafar bola yoki oʻn olti yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolaning ota-onasidan biri (ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxs) davomiyligi toʻrt kalendar kun boʻlgan har yilgi ijtimoiy taʼtilda boʻlgan davrida uning ushbu taʼtil davri uchun oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladi.
Ish haqi qisman saqlanadigan taʼtillarga kelsak, jamoa kelishuvlarida yoxud jamoa shartnomasida yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, ular mavjud boʻlmaganda esa mehnat shartnomasida ish beruvchi xodimning iltimosiga koʻra unga ish haqi qisman saqlanadigan taʼtil berishi shart boʻlgan hollar nazarda tutilishi mumkin.
Ish haqi saqlanmaydigan taʼtillar sirasiga esa xodimning ish oʻrni (lavozimi) saqlanib qolgan holda haq toʻlanmaydigan taʼtil tushuniladi. Xodimning yozma arizasiga koʻra unga ish haqi saqlanmaydigan taʼtil berilishi mumkin boʻlib, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra belgilanadi, lekin u oʻn ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq boʻlmasligi kerak.