
Oldi-sotdi shartnomalarining haqiqiyligi va sud amaliyotidagi xatolar
Fuqarolik muomalasida oldi-sotdi shartnomalari eng ko‘p uchraydigan bitimlardan biridir. Shu bilan birga, sud amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, ayrim hollarda bunday shartnomalarning haqiqiyligi bahsli bo‘lib chiqadi. Ayniqsa, korporativ huquqlarda ta’sischi vakolatlari, garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotish tartibi va shartnoma bahosining ataylab pasaytirilishi bilan bog‘liq nizolar ko‘p uchramoqda. Ushbu maqolada bunday nizolardan biri yuzasidan sudlar tomonidan qabul qilingan qarorlar misolida tahlil qilinadi.
Ishning qisqacha mazmuni
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudining 2025 yil 16 yanvardagi hal qiluv qarori bilan da’vogar “Ziyoviddin Rivoj” MCHJ tugatish boshqaruvchisi B. Mahmudovning oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish, shartnoma taraflarini dastlabki holatga keltirish va bitimning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash haqidagi da’vo talablari rad etilgan.
Toshkent viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 8 maydagi ajrimi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudining 2025 yil 16 yanvardagi hal qiluv qarori bekor qilingan va yangi hal qiluv qarori qabul qilingan.
Biroq Toshkent viloyat sudi fukarolik ishlari buyicha sudlov xay’atining taftish instansiyasining ajrimi bilan Toshkent viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 8 maydagi ajrimi bekor qilingan. Oxir-oqibat oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy deb topildi.
Ammo sud qarorlari mazmunini tahlil qilar ekanmiz, bir qator muhim huquqiy masalalar aniqlanadi.
- 1. Korporativ boshqaruvda vakolatlar chegarasi buzilishi.
Birinchidan, sud ajrimida Toshkent tumani, Keles shaharchasi, “Qirarik” mahallasi, 2-bo‘lim (hozirgi Toshkent tumani, Keles shahri, Qorasaroy mahallasi, Shohsada ko‘chasi, 33-uy)da joylashgan ikki qavatli bino-inshootlar undiruvga qaratilishi qonuniy ekani qayd etilgan. Bu xulosa AITB “Ipak yo‘li” bankining 2025 yil 2 iyoldagi ma’lumotnomasiga tayanilgan. Mazkur ma’lumotnomada ko‘rsatilishicha, 2023 yil 7 iyul kuni fuqaro N. Qodirov (“Ziyoviddin Rivoj” MCHJ ta’sischisi) tomonidan 296.000 AQSH dollari to‘langan va ushbu mablag‘ning:
- ◾️40.341 AQSH dollari 47 senti — ADB-24/18-sonli shartnoma bo‘yicha,
- ◾️46.611 yevro 34 senti — DK EUR/01036/126467-sonli shartnoma bo‘yicha,
- ◾️2.063.352.637,39 so‘mi esa 2023 yil 10 iyuldagi FIR-FMO-6/01036/170964-sonli shartnoma bo‘yicha kredit qarzdorliklarini so‘ndirishga qaratilgan.
Shuningdek, shartnomada mulk bahosi 300.000.000 so‘m deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda u 296.000 AQSH dollariga sotilgan va ushbu mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri kredit qarzlarini so‘ndirishga yo‘naltirilgan.
Ikkinchidan, sud ushbu masalada muhim huquqiy jihatga e’tibor qaratmagan. Chunki sud qarorida “Ziyoviddin Rivoj” MCHJ ta’sischisi N. Qodirov tomonidan amalga oshirilgan moliyaviy operatsiyalarga huquqiy baho berishda ta’sischining huquqiy maqomi va ijro organining vakolatlari o‘rtasidagi fundamental farqlar e’tibordan chetda qoldirilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasi jamiyat ta’sischilarining huquqlarini belgilaydi. Ushbu huquqlar jumlasiga jamiyatning kundalik moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish yoki shartnomaviy majburiyatlarni bevosita bajarish vakolati kiritilmagan. Demak, ta’sischining huquqiy maqomi jamiyat kapitalidagi ulushdan kelib chiqadigan mulkiy va korporativ huquqlar bilan cheklangan bo‘lib, u jamiyat nomidan tashabbuskor tarzda bitim tuzishi yoki majburiyatlarni so‘ndirishga vakolatli emas.
Aksincha, qonunning 39-moddasiga muvofiq jamiyatning xo‘jalik faoliyatini yuritish, ishonchnomasiz jamiyat nomidan ish yuritish, uning manfaatlarini ifodalash huquqi faqat jamiyatning ijro organi — direktor vakolatiga kiradi. Bu normalar korporativ boshqaruv tamoyillarining asosiy ustunlaridan biri — vakolatlarning chegaralanishini mustahkamlaydi. Agar ta’sischi o‘zining korporativ huquqlaridan tashqariga chiqib, ijro organiga xos harakatlarni amalga oshirsa, bu bitim jamiyat manfaatlarini ifodalashda vakolatsizlik sifatida baholanishi lozim.
Uchinchidan, mazkur holat, bir qarashda, jamiyat manfaatlariga xizmat qilayotgandek tuyulishi mumkin. Ammo huquqiy doktrinada “vakolatsizlikni foydaga talqin qilish mumkin emas” degan qoidaga amal qilinadi. Ya’ni, ta’sischi jamiyat nomidan harakat qilish vakolatiga ega bo‘lmagan taqdirda, hatto uning harakatlari jamiyatga ma’lum darajada foyda keltirgan bo‘lsa ham, bunday operatsiyalar qonuniy deb topilishi mumkin emas. Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqaro N. Qodirov (“Ziyoviddin Rivoj” MCHJ ta’sischisi) tomonidan 2023 yil 7 iyul kuni 296.000 AQSH dollarini jamiyat nomidan kirim qilish va uni kredit qarzlarini so‘ndirishga yo‘naltirish harakati qonuniy vakolat doirasidan tashqarida bo‘lgan. Ya’ni, u jamiyat nomidan bunday harakatlarni bajarishga huquqiga ega emas edi.
Shu sababli, sudning N. Qodirov tomonidan amalga oshirilgan ushbu to‘lovni jamiyatning qonuniy majburiyati sifatida qabul qilishi hamda mulkka nisbatan undiruvni qonuniy deb topishi qonunchilik normalariga zid hisoblanadi.
2. Garov predmetini sotishda qonuniy tartibning buzilishi
Sud o‘z ajrimida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 281-moddasi to‘rtinchi va beshinchi qismlariga tayanib, garovga qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan undiruv qaratilganligi qonuniy ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, ajrimda Vazirlar Mahkamasining 704-son qarori qoidalari buzilmagan, degan xulosaga keladi. Biroq, mazkur yondashuv chuqur tahlildan yiroq bo‘lib, bir qator huquqiy va doktrinal e’tirozlarga sabab bo‘ladi.
Birinchidan, FK 281-moddasining mazmuniga e’tibor qaratilsa, unda garov predmetiga undiruv qaratishning aniq tartibi belgilangan. Xususan, moddaning to‘rtinchi qismida: “agar garovga qo‘yilgan mol-mulk kimoshdi savdosida sotilmagan deb e’lon qilinsa, bunday holda garovga oluvchi mazkur mol-mulkni o‘z balansiga sotib olishi mumkinligi nazarda tutilgan. Bu norma garovning mohiyatiga mos keladi, chunki garovga oluvchi — kreditor sifatida qarzdorning majburiyatlarini qoplash maqsadida garov predmetini egallash huquqiga ega bo‘ladi.
Ikkinchidan, nizoli holatga qaraganda, garovga qo‘yilgan mol-mulk garovga oluvchi ATIB “Ipak yo‘li” banki tomonidan sotib olinmagan. Aksincha, ushbu mulk “Ziyoviddin Rivoj” MCHJ va javobgar — fuqaro O`. Agzamova o‘rtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida sotilgan. Demak, garov predmetining realizatsiyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri FK 281-moddasi mexanizmidan chetga chiqqan.
Fuqarolik kodeksi hamda Garov to`g`risidagi qonun mazmuni shuni ko`rsatadiki, garov munosabatlari kreditor va qarzdor o‘rtasidagi majburiy huquqiy bog‘lanishni ta’minlash vositasi hisoblanadi. Garov predmetini sotishning qat’iy tartibga solinganligi esa kreditorlar manfaatlari bilan qarzdor mulkiy huquqlarini muvozanatlashtirishga xizmat qiladi. Agar sud garov predmeti ustidan tasarruf qilishda vakolatli subyektni (garovga oluvchi bankni) chetlab o‘tgan holda uchinchi shaxs bilan tuzilgan shartnomani qonuniy deb tan olsa, bu nafaqat FK 281-moddasiga, balki garov huquqining mohiyatiga ham zid bo‘ladi.
3. Shartnoma bahosining sun’iy pasaytirilishi va simulyatsiya bitimi alomatlari
Sud qarorida da’vogarning “ko‘chmas mulk past qiymatda sotilgan” degan vajiga e’tibor berilmagan. Sud o‘z qarorini To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi Qonunning 63-moddasiga tayangan holda asoslab, bitim taraflari ko‘rsatilgan bahoni sun’iy ravishda kamaytirish orqali boshqa kreditorlar oldidagi majburiyatlarni bajarmaslikni maqsad qilmagan, degan xulosaga kelgan.
Biroq, sudning ushbu talqini dalillar bilan mos kelmaydi:
Birinchidan, “Ziyovitdin Rivoj” MCHJ va javobgar O‘.Agzamova o‘rtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomaning 4-bandida ko‘rsatilishicha, ko‘chmas mulk 2023 yil 7 iyuldagi baholash dalolatnomasiga asosan 300.000.000 so‘mga baholangan va bu summa sotib oluvchi tomonidan to‘liq to‘langan. Shu bilan birga, javobgar O‘.Agzamova sudda bergan tushuntirishida ko‘chmas mulkni 296.000 AQSH dollari va 300.000.000 so‘mga sotib olganini, to‘lovlarni ham 2023 yil 7 iyul kuni AITB “Ipak yo‘li” bankida amalga oshirgachgina shartnoma imzolanganini bayon qilgan.
Demak, hujjatlardagi ma’lumot bilan javobgarning tushuntirishlari o‘rtasida jiddiy tafovut mavjud. Bu tafovutning o‘zi shartnoma bahosi ataylab past ko‘rsatilganini anglatadi.
Ikkinchidan, To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi Qonunning 63-moddasi mohiyatiga ko‘ra, agar bitim taraflari bahoni pasaytirib ko‘rsatish orqali kreditorlarning huquqlarini cheklashga erishgan bo‘lsa, bunday bitim haqiqiy emas deb topilishi lozim. Sud esa ushbu moddani tor talqin qilib, faqat taraflarning subyektiv maqsadini baholash bilan cheklangan. Aslida esa, qonun qoida sifatida obyektiv oqibatlarni — ya’ni kreditorlarning talablarini qondirish imkoniyati kamayishini — nazarda tutadi. Shartnomada faqat 300 mln so‘m ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, amalda bundan ancha yuqori miqdorda (296 ming AQSH dollari + 300 mln so‘m) to‘lov amalga oshirilgani kreditorlarni chalg‘itishga qaratilganligini ko‘rsatadi. Bu holat ya’ni shartnomada faqat 300 mln so‘m ko‘rsatilishi, aslida esa sezilarli darajada katta qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilgani, “simulyatsiya” (ko‘zbo‘yamachilik) bitimining klassik belgilariga mos keladi.
4. Plenum qarorining noto‘g‘ri talqini va qonun ustuvorligi
Sud ajrimida oldi-sotdi shartnomasida mulk bahosining past ko‘rsatilishi g‘ayriqonuniy emasligi asos qilib, Oliy sud Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi 17-son qarorining 18-bandidan foydalanilgan. Ushbu bandda ta’kidlanishicha: mulkning haqiqiy qiymati shartnomada ko‘rsatilgan bahodan yuqori bo‘lsa, bu notarial tartibda tuzilgan oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘la olmaydi.
Ammo mazkur qoidani mazkur nizoli holatga tatbiq etish asossiz hisoblanadi:
Birinchidan, Plenum qarorida gap faqatgina shartnoma bahosi mulkning haqiqiy qiymatidan “yuqori” ko‘rsatilgan hollarda bitim haqiqiyligini saqlab qolish haqida bormoqda. Bu qoida iqtisodiy hayotdagi narx-navo o‘zgarishlaridan kelib chiqadigan tafovutlarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Ammo bizning holatda baho mulkning haqiqiy qiymatidan “past” ko‘rsatilgan. Bu esa boshqa huquqiy oqibatlarga olib keladi va Plenum qarorining o‘zi bunday vaziyatni qamrab olmaydi.
Ikkinchidan, Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi Qonunga muvofiq, Plenum qarorlari tushuntirish xarakteriga ega bo‘lib, ular qonun qoidalaridan ustun bo‘la olmaydi. Shu bois, agar Plenum qarori va Qonun normalari o‘rtasida tafovut yuzaga kelsa, sud birinchi navbatda Qonun talablarini qo‘llashi shart. Bu yerda bevosita To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi Qonunning 63-moddasi tatbiq etilishi lozim, chunki unda kreditorlar manfaatlariga zarar yetkazuvchi, shartnoma bahosining sun’iy ravishda pasaytirilishi bilan bog‘liq bitimlar haqiqiy emas deb topilishi belgilangan.
Uchinchidan, Mulk bahosini past ko‘rsatish orqali qarzdor boshqa kreditorlarning manfaatlarini chetlab o‘tishga erishmoqda. Bu esa bitimni simulyativ (ko‘zbo‘yamachilik) bitim sifatida baholashga olib keladi. Sud esa Plenum qaroriga tayanib, qonunning aniq normativ talablari — kreditorlarning huquqlarini himoya qilish tamoyilini e’tibordan chetda qoldirgan.
Sudning Plenum qaroriga tayanib qabul qilgan xulosasi huquqiy asosga ega emas. Chunki Plenum qarori faqat bahoning yuqoriligi bilan bog‘liq vaziyatlarga taalluqlidir, bizning holatda esa baho ataylab past ko‘rsatilgan. Bu holat bevosita To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi Qonunning 63-moddasiga zid bo‘lib, Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida Qonunga muvofiq Plenum qaroridan ko‘ra Qonun normalariga ustuvorlik berilishi shart edi.
Tahlildan ko‘rinadiki, sud qarorlarida ta’sischining vakolatsiz harakatlari, garov predmetining noto‘g‘ri realizatsiya qilinishi, shartnoma bahosining ataylab past ko‘rsatilishi va Plenum qarorining noto‘g‘ri qo‘llanishi kabi muhim huquqiy jihatlar e’tibordan chetda qolgan. Bunday yondashuv nafaqat korporativ boshqaruv tamoyillariga, balki kreditorlar manfaatlarini himoya qilishga ham ziddir. Shu bois sud amaliyotida qonun normalarining ustuvorligi qat’iy ta’minlanishi, vakolatlar chegarasi va baholash shaffofligiga rioya qilinishi lozim.