Tokenlar virtual mulkning alohida turi
Zamonaviy raqamli iqtisodiyot sharoitida virtual mulk tushunchasi anʼanaviy mulkiy huquqlarning chegaralarini sezilarli darajada kengaytirmoqda. Informatsion texnologiyalarning jadal rivojlanishi, ayniqsa blokcheyn tizimlarining joriy etilishi natijasida paydo boʻlgan tokenlar metavers va Web3 muhitida yangi turdagi mulkiy munosabatlarning markaziy elementi sifatida namoyon boʻlmoqda.
Biroq, tokenlarning koʻp qirrali tabiati ularni huquqiy jihatdan klassifikatsiyalash va tartibga solishda jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Turli yurisdiksiyalarda tokenlarning huquqiy maqomiga nisbatan yagona yondashuv yoʻqligi xalqaro huquqiy munosabatlarni murakkablashtirmoqda va investorlar huquqlarini himoya qilishda zaifliklar yaratmoqda.
“Token” atamasi lotincha “signum” (belgi, nishon) soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, texnologik kontekstda blokcheyn tizimidagi taqsimlangan reyestrlarda qayd etilgan maʼlumotlar birligi sifatida tushuniladi. Token – bu maʼlum bir qiymat yoki huquqni ifodalovchi kriptografik kod boʻlib, blokcheyn texnologiyasi orqali yaratiladi va almashtiriladi.
Texnik nuqtayi nazardan, tokenlar ikki asosiy komponentga ega:
- 1) blokcheyn tizimidagi yozuv (ledger entry)
- 2) smart-kontrakt funksionalligi.
Smart-kontraktlar – bu oldindan belgilangan shartlar bajarilganda avtomatik ravishda ijro etiladigan algoritmik dasturlar majmuidir. Smart-kontraktlar shartnoma majburiyatlarini insonning aralashuvisiz bajarish imkonini beradi, bu esa huquqiy munosabatlarda fundamental oʻzgarishlarga olib keladi.
Tokenlarning huquqiy tabiatini tushunish uchun ularni anʼanaviy mulk obyektlari bilan taqqoslash zarur. Klassik fuqarolik huquqi doktrinasida mulk obyektlari moddiy va nomoddiy aktivlarga boʻlinadi. Biroq, tokenlar bu xususiyatga toʻliq mos kelmaydi.
Bir tomondan, tokenlar moddiy shaklga ega emas – ular raqamli kodlar majmuidir. Boshqa tomondan, ular aniq iqtisodiy qiymatga ega va ayirboshlash qobiliyatiga ega, bu ularni anʼanaviy mol-mulk kategoriyasiga yaqinlashtiradi.
Asosiy farqlar quyidagilardan iborat:
| 1 | Jismoniy mavjudlik | Anʼanaviy mulk moddiy yoki aniq obyekt boʻlsa, tokenlar faqat raqamli maʼlumotlar sifatida mavjud |
| 2 | Egalik mexanizmi | Anʼanaviy mulkda egalik, odatda, markazlashgan reyestrlarda (masalan, transport vositalari reeystri) qayd etiladi. Tokenlar esa markazlashmagan taqsimlangan reyestrlarda (distributed ledger) saqlanadi |
| 3 | Oʻtkazish usuli | Moddiy mulkning oʻtkazilishi, mulk turiga qarab notarial tasdiqlash yoki davlat roʻyxatidan oʻtishni talab qilishi ham mumkin. Tokenlar esa peer-to-peer tarmoqlarda deyarli oniy va vositachilarsiz bir shaxsdan boshqasiga oʻtkazilishi mumkin. |
| 4 | Identifikatsiya | Anʼanaviy mulk jismoniy xususiyatlar orqali identifikatsiya qilinsa, tokenlar kriptografik hash-funktsiyalar va noyob identifikatorlar (ID) orqali ajratiladi. |
Tokenlarning huquqiy maqomini aniqlashda turli xalqaro tashkilotlar turlicha yondashuvlarni taklif etmoqda.
- 1. OECD (Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti) tokenlarni “raqamli qiymat birliklarining yangi shakli” deb taʼriflaydi va ularni quyidagi xususiyatlarga koʻra klassifikatsiya qiladi: (a) maqsad (toʻlov, investitsiya, foydalanish huquqi); (b) huquqiy maqom (aktivmi yoki xizmat voucheri); (c) emitent majburiyatlari.
- 2. SEC (Amerika qimmatli qogʻozlar va birjalar komissiyasi) 2017-yildagi DAO tahlilida “Howey Test”ni qoʻllab, koʻplab tokenlarni qimmatli qogʻozlar sifatida tan oldi.
- 3. ESMA (Yevropa qimmatli qogʻozlar va bozorlar idorasi) tokenlarni uch asosiy turkumga ajratadi: toʻlov tokenlari, investitsion tokenlar va utility tokenlar. 2023-yilda qabul qilingan MiCA (Markets in crypto-assets regulation) regulyatsiyasi Yevropa Ittifoqida kripto-aktivlar uchun yagona tartibga solish bazasini yaratdi.
Tokenlarning koʻp qirrali tabiati ularni klassifikatsiya qilishda turli mezonlardan foydalanishni talab qiladi. Ilmiy adabiyotda eng keng tarqalgan tasnif funksional mezon asosida tuzilgan boʻlib, u tokenlarni utility, security va gibrid turlarga ajratadi.
1. Utility tokenlar – bu blokcheyn asosidagi xizmat, tarmoq yoki dasturga kirish huquqini taqdim etuvchi raqamli vositalardir. Ularning asosiy maqsadi – maʼlum bir ekotizim doirasida toʻlov vositasi yoki kirish kaliti vazifasini bajarish sanaladi. Utility tokenlar, qoida tariqasida, emitentga nisbatan mulkiy huquq yaratmaydi. Ular xizmat yoki mahsulotga oldindan toʻlov shakli sifatida qaraladi. Biroq, bu tasnif huquqiy jihatdan noaniq, chunki koʻplab utility tokenlar ikkilamchi bozorda spekulyativ savdo obyektiga aylanmoqda, bu esa ularni qimmatli qogʻozlarga yaqinlashtiradi. Ushbu token maʼlum platformada xizmatlar uchun toʻlov vositasi (masalan, Filecoin tarmogʻida saqlash xizmatlari uchun), tarmoq ichida ovoz berish huquqi, platformaning ichki iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatlash vositasi sifatida qoʻllaniladi.
Utility tokenlarning asosiy muammosi – ularning qimmatli qogʻozlar bilan chegarasini aniqlash qiyinligida koʻrinadi. Aksariyat utility tokenlar amalda investitsion maqsadlarda sotib olinadi, bu esa ularni SEC nazoratiga olib kelishi mumkin.
2. Security tokenlar – bu emitentning mulkiy majburiyatlarini ifodalovchi, investorlarga daromad olish huquqini beruvchi raqamli aktivlardir. Ular klassik qimmatli qogʻozlar (aksiya, obligatsiya) ning raqamli ekvivalenti sifatida qaraladi. Ushbu tokenlarning quyidagi turlari mavjud.
| 1 | Token-aksiyalar (Equity tokens) | Kompaniyaning ustav kapitalida ulushni ifodalaydi va dividend olish hamda korporativ boshqaruvda ishtirok etish huquqini beradi. Token-aksiyalarning anʼanaviy aksiyalardan asosiy farqi – ularning yuqori moslashuvchanligi va dispozitivlik imkoniyatlaridir |
| 2 | Qarz tokenlari (Debt tokens) | Emitentning qarz majburiyatlarini bildiradi. Ular ikki turga boʻlinadi: – Tokenizatsiyalangan qarz – mavjud qarz vositalarining (korporativ obligatsiyalar) raqamli koʻrinishi; – On-chain qarz – toʻliq avtomatlashtirilgan, blokcheyn asosida boshqariladigan qarz munosabatlari. |
| 3 | Hosilaviy tokenlar (Derivative tokens) | Qiymati boshqa aktiv yoki aktivlar guruhidan kelib chiqadigan vositalar. Masalan, oltin narxiga bogʻlangan tokenlar (DigixGlobal loyihasi). |
3. Gibrid tokenlar – bu utility va security tokenlarning eng yaxshi xususiyatlarini birlashtirgan innovatsion vositalardir. Gibrid tokenlar bir vaqtning oʻzida bir nechta funksiyani bajarishi mumkin:
- ▪️ Platformada xizmatlar uchun toʻlov vositasi (utility funktsiyasi);
- ▪️ Emitent daromadida ishtirok etish huquqi (security funktsiyasi);
- ▪️ Tarmoq boshqaruvida ovoz berish huquqi;
- ▪️ Chegirmalar va bonuslar olish imkoniyati.
Binance Coin, bu klassik gibrid tokenning namunasidir. BNB Binance birjasida tranzaksiya toʻlovlarini toʻlashda ishlatiladi (utility funktsiyasi), shu bilan birga birja oʻz foydasining 20%ini BNB tokenlarni “yoqish” (burn) orqali egalariga qaytaradi, bu esa tokenlarning umumiy hajmini kamaytiradi va qolgan tokenlar qiymatini oshiradi (security funktsiyasi).
KICKICO platformasi, Rossiyaning yirik ICO-loyihalaridan biri boʻlgan KICKICO gibrid tokenlardan foydalanadi. Token egalari nafaqat platformadagi alohida xizmatlarni sotib olishlari, balki ekotizimning rivojlanishidan foyda olishlari mumkin.
Gibrid tokenlarning huquqiy maqomi eng murakkab masala hisoblanadi. Ular bir vaqtning oʻzida ikki xil regulyatsiyaga – utility tokenlar va security tokenlar tartibiga – boʻysunishi mumkin. Bu gibrid tokenlarni ikkita tartibga solish rejimining kesishish nuqtasiga qoʻyadi. Baʼzi yurisdiksiyalarda gibrid tokenlar “asosiy funksiya” mezoniga koʻra tasniflanadi, yaʼni agar asosiy vazifa investitsiya boʻlsa – security, agar xizmat berish boʻlsa – utility.
4. NFT – bu noyob, oʻzaro almashtirilmaydigan tokenlar boʻlib, raqamli yoki jismoniy aktivlarning yagona nusxasini ifodalaydi. Ular fungible (oʻzaro almashtiriladigan) tokenlardan tubdan farq qiladi. NFT har bir tokenga noyob identifikator va metadata beruvchi ERC-721 yoki ERC-1155 standartlari asosida yaratiladi. NFT uning ichidagi maʼlumotni ruxsatsiz oʻzgartirish va oʻchirishdan himoya qiladi, bu esa mulkiy huquqlarni isbot qilishda muhim ustunlikdir.
NFT orqali rassomlar, musiqachilar va boshqa ijodkorlar oʻz asarlarini toʻgʻridan-toʻgʻri sotishlari va intellektual mulk huquqlarini nazorat qilishlari mumkin. Har bir nusxa koʻchirilganda ham asl muallif kuzatiladi va royalti toʻlovlar avtomatik amalga oshiriladi. Shuningdek, Decentraland kabi platformalarda virtual yer uchastkalarini NFT orqali sotib olish va sotish mumkin. 2021-yilda AQShda Decentraland metaversida yer uchastka 2,5 million dollarga sotilgan.
NFT ning huquqiy tabiati boʻyicha asosiy savol — u real aktivni ifodalaydimi yoki faqat unga boʻlgan huquqni? Koʻpincha NFT sotib oluvchisi faqat raqamli sertifikatga ega boʻladi, lekin asarning mualliflik huquqi yaratuvchida qoladi. Bu huquqlar chegaralarini aniq belgilashni talab qiladi.
Korporativ tokenlar – bu blokcheyn texnologiyasi asosida yaratilgan raqamli aktivlar boʻlib, ular anʼanaviy aksiyalarga oʻxshash funksiyalarni bajaradi. Ular kompaniya ustav kapitalidagi ulushni ifodalaydi hamda egasiga muayyan mulkiy va nomulkiy (korporativ) huquqlarni beradi. Jumladan, korporativ token egasi dividend olish, kompaniya tugatilganda qolgan mulkka boʻlgan ulushdan foydalanish va foydadan oʻz ulushi miqyosida ishtirok etish huquqiga ega boʻladi. Shu bilan birga, u umumiy yigʻilishlarda ovoz berish, kompaniya faoliyati toʻgʻrisida axborot olish, rahbarlik organlarini saylashda qatnashish va korporativ nizolarda daʼvo kiritish imkoniyatiga ham ega.
Ushbu tokenlarning anʼanaviy aksiyalarga nisbatan bir qator ustun jihatlarga ega boʻlishi mumkin. Xususan:
- ▪️anʼanaviy aksiyada mulkiy va nomulkiy huquqlar ajralmas birlashgan koʻrinishda boʻladi. Tokenlar esa bitta vosita doirasida turli huquqlarni alohida-alohida berishga imkon beradi. Masalan, minoritar aksiyador oʻz kichik ulushi tufayli ovoz berish huquqi unga kam foyda keltirishini anglab, bu huquqdan voz kechishi va mulkiy huquqlarni kengaytirishni tanlashi mumkin.
- ▪️aksiyadorlik jamiyati tashkil etish Yevropaning koʻpchilik mamlakatlarida kamida 50,000 yevro ustav kapitalini talab qiladi. Bundan tashqari, birjaga listing jarayonidan oʻtish kerak. Tokenlar esa mavjud blokcheyn-platformalarda minimal xarajatlar bilan yaratilishi mumkin.
- ▪️aksiyalarni anʼanaviy savdo qilish fond birjasi orqali 3 kungacha davom etadi va komissiya toʻlashni talab qiladi. Blokcheyn texnologiyasi asosida tokenlarni real vaqt rejimida oʻtkazish mumkin.
- ▪️aksiyalar bilan operatsiyalar fond birjasi, depozitariy, registrator va boshqa vositachilarni jalb qiladi. Tokenlar esa emitentdan toʻgʻridan-toʻgʻri investorga oʻtkaziladi, bu xarajatlarni sezilarli darajada kamaytiradi.
Bundan tashqari anʼanaviy aksiyalar va korporativ tokenlar oʻrtasida quyidagi huquqiy farqlar mavjud:
| Mezon | Anʼanaviy aksiya | Korporativ token |
| Emissiya tartibi | Qatʼiy tartibga solingan, davlat registratsiyasi talab etiladi | Nisbatan erkin, smart-kontrakt orqali avtomatlashtirilgan |
| Saqlash shakli | Hujjatli yoki hujjatsiz markazlashgan depozitariyda | Faqat raqamli, taqsimlangan reestrlarda (blokcheyn) |
| Oʻtkazish mexanizmi | Birja orqali, registrator qatnashuvida | Peer-to-peer, vositachilarsiz |
| Huquqlar tabiati | Qatʼiy imperativ normalar bilan belgilangan | Nisbatan dispozitiv, smart-kontrakt shartlariga bogʻliq |
| Egalikni tasdiqlash | Markazlashgan reestrdagi yozuv | Blokcheyndagi yozuv va kalit |
| Tartibga solish | Qatʼiy, qimmatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi qonunchilik | Turlicha, koʻp yurisdiksiyalarda aniq emas |
Korporativ tokenlar bilan bogʻliq eng jiddiy muammo – investorlarni himoya qilishning zaif mexanizmlari. Anʼanaviy qimmatli qogʻozlar bozorida qatʼiy tartibga solish, majburiy auditi, maʼlumot oshkorlik talablari mavjud. Tokenlar bozorida esa bunday mexanizmlar yetarli darajada rivojlanmagan.
Tokenlar – virtual mulkning yangi shakli bo‘lib, ular raqamli iqtisodiyotda mulkiy, moliyaviy va korporativ huquqlarni ifodalaydi. Ularning huquqiy tabiati an’anaviy mulk konsepsiyasiga to‘liq mos kelmaydi va sui generis obyekt sifatida qaralmoqda. Huquqiy tartibga solish esa hozircha turlicha va izchil yondashuvni talab qiladi.