Usucapio: egalikni vujudga keltiruvchi muddat
Egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddat (lotincha usucapio) fuqarolik huquqining klassik institutlaridan biri boʻlib, maʼlum shartlarga javob beruvchi amaliy egalik maʼlum muddat oʻtgach mulk huquqiga aylanishi mumkin. Fuqarolik kodeksining 187-moddasi ushbu institutni tartibga soladi.
Egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddat instituti Rim xususiy huquqidan kelib chiqqan. Usucapio dastlab, asosan, mulk huquqining to‘g‘ri o‘tmagan holatlarini tuzatish, ya’ni huquqiy nuqsonlarni bartaraf etish uchun xizmat qilgan.
Masalan, agar shaxs mulkni sotib olgan, lekin uni o‘tkazish jarayonida qonuniy tartib-qoidalar (masalan, mancipatio marosimi) buzilgan bo‘lsa, ma’lum muddat egalik qilib turish orqali u yuridik jihatdan to‘liq egasiga aylangan.
Antik davrda uzoq vaqt davomida amaliy egalikni qoʻlga kiritgan shaxsga mulk huquqi berish amaliyoti mavjud edi. Rim huquqidagi usucapio tamoyillari keyinchalik kontinental (civil law) tizimidagi davlatlarda kodifikatsiyalashtirildi va murakkablashgan huquqiy tartibotlar doirasida shakllandi. Ushbu institutning asosiy maqsadi — mulk munosabatlaridagi noaniqliklarni kamaytirish, ijtimoiy iqtisodiy munosabatlar barqarorligini taʼminlash va haqiqiy egalikdan kelib chiqadigan huquqiy natijalarni muvofiqlashtirishdir.
Fuqarolik kodeksining 187-moddasi quyidagi asosiy elementlardan tashkil topgan:
| № | Elementlar | Mazmun |
|---|---|---|
| 1 | Obyektlar va muddatlar | koʻchmas mol-mulk uchun 15 yil, boshqa mol-mulk uchun 5 yil amalda egalik qilish sharti bilan mulk huquqi hosil boʻladi. |
| 2 | Roʻyxatga olish | agar mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi talab qilingan boʻlsa, roʻyxatga olingan paytdan boshlab mulk huquqi vujudga keladi. |
| 3 | Himoya funksiyasi | muddat toʻliq oʻtmasidan oldin foydalanuvchi oʻz egaligini uchinchi shaxslardan himoya qilish huquqiga ega. |
| 4 | Vorislik va muddatni qoʻshish | muddatni oʻtashda huquqiy vorisning oldingi egalik davrini oʻz egalik muddatiga qoʻshish mumkin |
| 5 | Maxsus meyor | FK 228, 229, 230 va 232-moddalarga muvofiq majburiy qaytarib olinadigan narsalarga nisbatan muddatning boshlanishi tegishli daʼvo muddatlari tugagach hisoblanadi |
Ushbu konstruktsiya muayyan tizimli meʼyorlarni belgilab beradi va muvofiq holatlarda egalikni mulk huquqiga aylantirish mexanizmini aniqlaydi.
FK187-moddasi asosida mulk huquqini usucapio orqali olish uchun bir qator majburiy va shartli mezonlar mavjud. Ularni ikki guruhga — obyektiv va subyektiv elementlarga ajratish mumkin.
Obyektiv mezon sifatida quyidagilar belgilanadi:
- ▪️Muddat davomiyligi: koʻchmas mol-mulk uchun 15 yil, boshqa mol-mulk uchun 5 yil. Bu — kodifikatsiyaning aniq belgisi va sudlarda ham ushbu mezon asosida qarorlar qabul qilinadi.
- ▪️Uzluksizlik: egalik qilayotgan shaxs muddat davomida egalik qilishni uzluksiz olib borishi kerak. Uzluksizlik, amalda, egalikning davomiyligi davomida hech qanday qonuniy yoki faktik uzilishlar boʻlmasligini anglatadi.
- ▪️Oshkoralik (ochiqlik): egalik yashirin yoʻlda oʻtkazilmasligi shart. Egalik har bir tashqi subyekt uchun aniq va koʻrinadigan tarzda amalga oshirilishi kerak.
- ▪️Obyektning tabiati: baʼzi obyektlar (topilma, xazina, qarovsiz hayvonlar) alohida tartibga solingan boʻlib, ular uchun boshqa meʼyorlar ustunlik qilishi mumkin.
Subyektiv mezonlarga quyidagilar kiradi:
- ▪️Halollik (insоflilik): bu egalik qiluvchi shaxsning mol-mulkni o‘z mulki sifatida egallagan vaqtda uning boshqaga tegishli ekanligini bilmagan yoki bilishi oqilona tarzda talab etilmagan, shuningdek egalik jinoyat yoki boshqa g‘ayrihuquqiy yo‘l bilan yuzaga kelmagan holati. Bunda bo‘lmagan holat shaxs mol-mulk boshqaga tegishli ekanligini bilmagan yoki bilishi talab etilmaydi. Egalik hech qanday shartnoma yoki boshqa huquqiy asosga (sine titulo) tayanmagan bo‘lishi kerak.
- ▪️“O‘z mulki kabi” egalik: shaxs obyektni nafaqat faktik qo‘llashi, balki o‘zining boshqa mol-mulklariga egalik qilganidek, uni saqlash, himoya qilish, zarar va yo‘qotishlarning oldini olish, iqtisodiy va huquqiy risklarni zimmasiga olish, uning butligini ta’minlash va imkoni bo‘lsa qiymatini oshirishga doir choralarni ko‘rgan bo‘ladi. Mazkur egalikda shaxs obyektni vaqtinchalik egallovchi sifatida emas, balki ushbu mol-mulk ustidan xuddi egasi kabi hukmronlik qiladi, uni mulkdor sifati bilan boshqaradi va agar zarur bo‘lsa, uni himoya qilish uchun xarajatlar qilishi, ta’mirlashi, saqlashi yoki qo‘riqlashi kutiladi.
Muddat hisoblash tamoyili — egalikning paydo boʻlishidan boshlanadi, yaʼni egalik barcha rekvizitlarga javob bergan paytdan boshlab hisoblanadi. Oʻz navbatida, Fuqarolik kodeksini amaliyotga joriy qilish toʻgʻrisidagi Oliy Majlisning 1996-yil 29-avgust qarori 6-bandiga koʻra, 187-moddaga ortga qaytish kuchi berilgan, yaʼni muayyan shartlarda ilgari sodir boʻlgan egalik holatlari ham hisobga olinishi mumkin.
Muddat uzilishi quyidagi holatlarda sodir boʻlishi mumkin:
- 1. Mulkdor tomonidan haqiqiy daʼvo qoʻyilishi va egalikni tiklashga harakat qilinishi.
- 2. Egalik qiluvchining oʻz ixtiyori bilan obyektni boshqa shaxsga topshirishi yoki uni qaytarib berish niyatida ekani belgilanganda.
- 3. Obyektning oʻgʻirlanishi, yoʻqolishi va shunga oʻxshash holatlar odatda muddat uzilish sifatida baholanadi.
Vorislik va muddatni qoʻshish
FK 187-moddasining 4-qismiga koʻra, egalik muddatini vaj qilib keltiruvchi shaxs oʻzi huquqiy vorisi boʻlgan shaxsning obyektga egalik qilib kelgan barcha vaqtini oʻz egalik vaqtiga qoʻshishi mumkin. Bu mexanizm vorislik orqali oʻtgan egalik tarixini uzluksiz davom ettirish imkonini beradi va munosabatlarni barqarorlashtiradi.
Egalikning himoyasi va egalik asosida huquq olinishi natijasi
Ushbu nomra 3-qismiga koʻra, egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli mulk huquqini olgunga qadar egalik qilib turgan shaxs oʻz egaligini uchinchi shaxslardan himoya qilish huquqiga ega. Bu amalda egalik qiluvchiga quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- ▪️Vindikatsion daʼvo orqali himoya: agar uchinchi shaxslar obyektni noqonuniy egallashgan boʻlsa, egalik qiluvchi sud orqali uni qaytarishni talab qila oladi.
- ▪️Negator da’vo usuli orqali himoya: egalik qiluvchi obyekt ustidan huquqini himoya qilish uchun negator daʼvo (mulk huquqining buzilishiga qarshi)dan foydalanishi mumkin.
Biroq egalikning himoyasi cheklangan: jinoyat yoʻli bilan egallash, davlat mulki yoki qonun bilan himoyalangan boshqa toifadagi narsalar usucapio ostida mulk huquqini hosil qila olmaydi. Egalik huquqini vujudga keltiruvchi muddat fuqarolik huquqining muhim instituti boʻlib, u mulk munosabatlarida barqarorlik va huquqiy aniqlikni taʼminlashga xizmat qiladi.