Dekret va kasallik nafaqalari endi qanday hisoblanadi?
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar — xodimning mehnat faoliyati vaqtincha to‘xtagan holatlarda (kasallik, homiladorlik va tug‘ish) uning minimal ijtimoiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan muhim mexanizmdir. Amaliyotda esa ushbu nafaqalar bilan bog‘liq eng ko‘p savollar hisoblash tartibi, qaysi daromadlar inobatga olinishi, kim va qaysi kunlar uchun to‘lovni amalga oshirishi masalalarida yuzaga keladi.
2025-yil 17-dekabrda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 796-son qarori bilan ushbu sohada tubdan yangi tartib joriy etildi. Mazkur qarorga 4-ilova sifatida tasdiqlangan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida vaqtincha mehnatga layoqatsizlik hamda homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida Nizom” nafaqalarni tayinlash va to‘lash mexanizmini aniq formulalar, cheklovlar va vaqt bo‘yicha farqlash orqali qayta belgiladi.
Muhim jihati shundaki:
- ➖homiladorlik va tug‘ish nafaqasi bo‘yicha yangi tartib 2026-yil 1-yanvardan qo‘llanila boshlagan bo‘lsa,
- ➖vaqtincha mehnatga layoqatsizlik (kasallik) nafaqasi bo‘yicha to‘lovlar 2026-yil 1-iyuldan kuchga kiradi.
Ushbu maqolada aynan shu yangi tartiblar huquqiy asoslari, hisoblash formulalari misollar orqali izchil tahlil qilinadi.
1. Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tushunchasi va turlari
Nizomga muvofiq, davlat ijtimoiy sug‘urtasi doirasida quyidagi asosiy nafaqalar tayinlanadi:
- 1. Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi
- 2. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi (kasallik, shikastlanish, karantin, sanatoriyda davolanish va boshqalar)
Har ikkala nafaqa turi uchun umumiy tamoyil bitta boʻlib, nafaqa faqat sug‘urtalangan shaxsga va sug‘urta badali to‘langan daromadlar asosida tayinlanadi.
2. Nafaqa tayinlanishining asosiy shartlari
Nizomning 7-bandiga ko‘ra, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar quyidagi shartlar mavjud bo‘lganda tayinlanadi:
Sug‘urtalangan shaxs maqomi
Nafaqa olish huquqi quyidagi davrlarda yuzaga kelishi mumkin:
- 1. xodim ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan bo‘lsa;
- 2. shaxs fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida ishlayotgan bo‘lsa;
- 3. qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa rasmiy faoliyat bilan band bo‘lsa.
Minimal sug‘urta staji talabi
- ➖Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi uchun — kamida 10 oy sug‘urta staji;
- ➖Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi uchun — kamida 6 oy sug‘urta staji talab etiladi.
Agar ushbu shartlar bajarilmagan bo‘lsa, nafaqa tayinlanmaydi.
3. Nafaqa hisoblashning umumiy prinsipi
Yangi tartibning eng muhim jihati shundaki, nafaqa faqat “oklad”dan emas, sug‘urta badali to‘langan barcha daromadlardan kelib chiqib hisoblanadi. Bunga quyidagilar kiradi:
- ➖asosiy ish haqi;
- ➖har oylik ustamalar;
- ➖mukofotlar;
- ➖qonunchilikda belgilangan tartibda sug‘urta badali ushlangan boshqa to‘lovlar.
Shu bilan birga, Nizom muhim cheklovni ham belgilaydi (bu haqida quyida batafsil tushuntirilgan).
4. O‘rtacha oylik ish haqini aniqlash tartibi: qaysi daromadlar hisobga olinadi?
Nizom nafaqalarni hisoblashda o‘rtacha oylik ish haqini aniqlashning yagona va aniq mexanizmini belgilab berdi. Bunda asosiy qoida quyidagicha “Sug‘urta badali to‘langan barcha daromadlar o‘rtacha ish haqi hisobida inobatga olinadi”.
Hisobga olinadigan daromadlar
Amaliyotda quyidagi to‘lovlar o‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda inobatga olinadi: asosiy ish haqi (oklad), har oylik ustamalar, mukofotlar (jumladan, bayram mukofotlari), boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar, agar ulardan sug‘urta badali ushlangan bo‘lsa.
Hisobga olinmaydigan daromadlar
Shu bilan birga, qonunchilik ayrim daromadlarni hisobdan chiqarib tashlashni nazarda tutadi. Xususan:
- ➖Soliq kodeksining 378-moddasiga muvofiq soliqdan (va sug‘urtadan) ozod qilingan moddiy yordamning belgilangan qismi;
- ➖sug‘urta badali hisoblanmaydigan kompensatsiyalar;
Demak, o‘rtacha oylik ish haqini aniqlashda faqat real sug‘urtalangan daromadlar e’tiborga olinadi.
5. Nafaqa hisoblashdagi eng muhim cheklov
Yangi tartibning eng muhim va eng ko‘p bahs-munozaraga sabab bo‘layotgan qoidalaridan biri — nafaqa hisoblash bazasining maksimal chegarasidir.
Nizomda to‘g‘ridan to‘g‘ri quyidagi norma belgilangan:
Sug‘urtalangan shaxsning o‘rtacha oylik ish haqining nafaqa tayinlanadigan sanada amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining (MHTEKM) o‘n baravaridan ortiq bo‘lmagan qismi inobatga olinadi.
Ushbu norma nimani anglatadi?
Bu qoidaga binoan endi xodimning real ish haqi juda yuqori bo‘lsa ham, nafaqa hisoblashda faqat MHTEKM × 10 doirasidagi qism olinadi. Ushbu chegaradan ortiq daromad nafaqani oshirmaydi. Mazkur cheklov barcha davlat ijtimoiy sug‘urtasi nafaqalariga, jumladan:
- ➖homiladorlik va tug‘ish nafaqasiga,
- ➖vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasiga tatbiq etiladi.
Faraz qilaylik, nafaqa tayinlanayotgan vaqtda MHTEKM – 1 271 000 so‘m. Bunda MHTEKM × 10 = 12 710 000 so‘m.
Agar xodimning o‘rtacha oylik ish haqi:
- 1. 12 mln so‘m bo‘lsa — nafaqa shu summadan hisoblanadi;
- 2. 25 mln yoki 30 mln so‘m bo‘lsa — nafaqa baribir 12,71 mln so‘mdan hisoblanadi.
Demak, yuqori daromadli xodimlar uchun davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘liq kompensatsiya mexanizmi emas, balki chegaralangan ijtimoiy himoya tizimi sifatida ishlaydi.
6. Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi
Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi bo‘yicha yangi tartib 2025-yil 17-dekabrdan kuchga kirgan bo‘lib, u quyidagi asosiy xususiyatlarga ega:
Mehnat kodeksiga muvofiq, homiladorlik va tug‘ish ta’tili 126 kalendar kunni tashkil etadi.
Biroq nafaqa hisoblashda:
- ➖yakshanba kunlari;
- ➖Mehnat kodeksining 208-moddasida belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari hisobdan chiqarib tashlanadi.
Sug‘urta stajiga qarab koeffitsiyentlar
Nizomga muvofiq, homiladorlik va tug‘ish nafaqasi quyidagi koeffitsiyentlar asosida hisoblanadi:
- ➖10 – 24 oy sug‘urta staji uchun 75 %;
- ➖25 – 60 oy sug‘urta staji uchun 85 %;
- ➖61 oy va undan ortiq sug‘urta staji uchun 100 %.
Homiladorlik va tugʻish taʻtili boʻyicha nafaqa hisoblashga oid aniq misolni quyidagi havola orqali koʻrishingiz mumkin.
7. Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi (kasallik nafaqasi) bo‘yicha eng muhim yangilik — uning hisoblash formulasi aniq belgilanganidir. Ushbu tartib 2026-yil 1-iyuldan amalda qo‘llanila boshlaydi.
Nafaqa qaysi holatlarda to‘lanadi?
Nizomga muvofiq, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi quyidagi holatlarda tayinlanadi:
- 1. kasallik yoki shikastlanish tufayli mehnat layoqatini vaqtincha yo‘qotganda;
- 2. sanatoriy va sog‘lomlashtirish muassasalarida davolanganda;
- 3. kasallangan oila a’zosini parvarishlash zarur bo‘lganda;
- 4. karantin holatida;
- 5. protez qo‘ydirish yoki reabilitatsiya muassasasida davolanish davrida.
Mazkur holatlarning barchasida mehnatga layoqatsizlik varaqasi qonuniy rasmiylashtirilgan bo‘lishi shart.
Nafaqani hisoblash formulasi
Nizom kasallik nafaqasini hisoblash uchun yagona formulani belgilaydi:
| № | Nafaqa = | O‘OIH ÷ 25,3 × SK × KS |
|---|---|---|
| 1 | O‘OIH | o‘rtacha oylik ish haqi; |
| 2 | 25,3 | ish kunlarining o‘rtacha oylik soni; |
| 3 | SK | sug‘urta stajiga qarab belgilanadigan koeffitsiyent; |
| 4 | KS | Jamg‘arma hisobidan qoplanadigan ish kunlari soni. |
Sug‘urta stajiga qarab qo‘llaniladigan koeffitsiyentlar
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi uchun staj koeffitsiyentlari quyidagicha:
- ➖6 oydan 96 oygacha sug‘urta staji — 60 %;
- ➖97 oy va undan ortiq sug‘urta staji — 80 %.
Ayrim toifadagi shaxslar (I–II guruh nogironligi bo‘lganlar, qaramog‘ida 4 va undan ortiq farzandi bo‘lganlar) uchun ushbu koeffitsiyentlar oshirilgan holda qo‘llanilishi mumkin. Nafaqa hisoblash boʻyicha aniq misolni quyidagi havola orqali koʻrishingiz mumkin.
8. Qaysi kunlar uchun nafaqa to‘lanmaydi?
Yangi tartib nafaqa hisoblashda kunlar bo‘yicha ham aniq cheklovlarni belgilaydi. Nizomga ko‘ra, mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan davr ichida:
- 1. yakshanba kunlari;
- 2. Mehnat kodeksining 208-moddasida belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari kasallik nafaqasini hisoblashda inobatga olinmaydi.
Bu qoida homiladorlik va tug‘ish nafaqasida ham, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasida ham bir xil amal qiladi.
9. Kim va qaysi kunlar uchun to‘laydi? (1–5 kun va 6-kundan keyingi tartib)
Yangi tartibning yana bir muhim jihati — to‘lov manbalarini aniq ajratib qo‘yilganidir.
Nizomga muvofiq:
- ➖mehnatga layoqatsizlik davrining dastlabki 5 kuni → ish beruvchi tomonidan to‘lanadi;
- ➖6-kundan boshlab → Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan to‘lanadi.
Yillik cheklov
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi:
- bir kalendar yil davomida
- 182 kalendar kundan oshmagan davr uchun to‘lanadi.
Bu qoida nafaqaning cheksiz davom etib ketishini oldini olishga qaratilgan.
10. O‘rindoshlikda ishlovchilar uchun yangi tartib
Avvalgi amaliyotda xodim asosiy ish joyidan ham, o‘rindoshlikdagi ish joyidan ham kasallik nafaqasini butun davr uchun alohida-alohida olar edi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab nima o‘zgardi?
Yangi tartibga ko‘ra:
- faqat ish beruvchi tomonidan to‘lanadigan qism (ya’ni dastlabki 5 kun) → o‘rindoshlik asosidagi ish joyi bo‘yicha ham to‘lanadi;
- 6-kundan boshlab to‘lanadigan nafaqa → faqat Jamg‘arma hisobidan va bitta to‘lov sifatida amalga oshiriladi.
Demak, o‘rindoshlik faqat birinchi 5 kun uchun ahamiyatga ega.
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar endi aniq formula, real sug‘urtalangan daromadlar va qat’iy cheklovlar asosida hisoblanadi. Homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini tayinlashda sug‘urta staji, MHTEKM × 10 chegarasi, bayram va dam olish kunlari, shuningdek to‘lov manbalari to‘g‘ri inobatga olinishi lozim. Yangi tartibni bilmaslik noto‘g‘ri hisob-kitob va asossiz kutilmalarga olib keladi.