“Bankrot qilib beramiz” reklamalardan ehtiyot boʻling
Jismoniy shaxs to‘lovga qobiliyatsizligi haqida fuqarolar bilishi kerak bo‘lgan jihatlar
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda “kreditdan qutqaramiz”, “bankrot qilib beramiz”, “qarzlarni yopib beramiz” kabi reklama mazmunidagi e’lonlar tez-tez uchramoqda. Ayrim xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar fuqarolarga bank kreditlari yoki boshqa qarz majburiyatlaridan qutulishning go‘yoki “oddiy va tezkor yo‘li” sifatida jismoniy shaxsni bankrot deb topish tartibini taklif qilmoqda.
Biroq bunday reklamalarda odatda jarayonning huquqiy mohiyati va uning oqibatlari haqida batafsil ma’lumot berilmaydi. Aslida esa jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi (bankrotligi) qarzlardan qutulishning oson mexanizmi emas, balki sud tartibida amalga oshiriladigan murakkab huquqiy jarayon hisoblanadi.
Quyida ushbu masalani amaldagi qonunchilik asosida ko‘rib chiqamiz.
Qachon jismoniy shaxs to‘lovga qobiliyatsiz deb hisoblanadi?
“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonuni 195-moddasiga ko‘ra, jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi alomatlari quyidagi shartlar mavjud bo‘lganda yuzaga keladi:
- ➖qarzdor shaxs pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini bajarishga qodir emasligi;
- ➖soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha majburiyatlarini to‘liq bajara olmasligi;
- ➖majburiyatlar yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch oy davomida bajarilmagan bo‘lishi;
- ➖qarz miqdori bazaviy hisoblash miqdorining kamida 200 baravarini tashkil etishi.
Demak, har qanday kredit yoki qarz majburiyati mavjud bo‘lsa, shaxs avtomatik ravishda bankrot deb topilmaydi. Buning uchun qonunda belgilangan aniq mezonlar mavjud.
Jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish masalasini kim ko‘tarishi mumkin?
Qonunning 197-moddasiga muvofiq, agar jismoniy shaxsning barcha majburiyatlari umumiy summasi bazaviy hisoblash miqdorining kamida ikki yuz baravariga teng bo‘lsa, u o‘zi ham sudga murojaat qilishga majbur bo‘lishi mumkin. Bunday holat yuzaga kelgan kundan boshlab 30 kun ichida ariza berilishi kerak.
Bundan tashqari, Qonunning 199-moddasiga asosan quyidagi subyektlar ham sudga murojaat qilishi mumkin:
- ▪️kreditorlar;
- ▪️davlat soliq xizmati organlari;
- ▪️boshqa vakolatli organlar.
Sud jarayoni qanday boshlanadi?
Qonunning 200-moddasiga ko‘ra, jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish to‘g‘risidagi ariza sudga kelib tushgan kundan boshlab besh kun ichida sudya tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Sud quyidagi qarorlardan birini qabul qilishi mumkin:
- ➖qarzdor shaxsning qarzini tarkibiy jihatdan o‘zgartirish (restrukturizatsiya) tartibini joriy etish;
- ➖jismoniy shaxsni bankrot deb topish va uning mol-mulkini sotish tartibini boshlash;
- ➖arizani qanoatlantirishni rad etish.
Sud qarori qabul qilinishidan oldin qarzdor shaxsga o‘z pozitsiyasini bildirish uchun muayyan muddat ham beriladi.
Qarzni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish (restrukturizatsiya) nimani anglatadi?
Amaliyotda bankrotlik jarayonining birinchi bosqichi ko‘pincha qarzni tarkibiy jihatdan o‘zgartirish hisoblanadi.
Bu jarayonda:
- ▪️kreditorlar yig‘ilishi tashkil etiladi;
- ▪️qarzni qayta to‘lash rejasi ishlab chiqiladi;
- ▪️kreditorlar ushbu rejani tasdiqlashi yoki rad etishi mumkin.
Qonun 204-moddasiga ko‘ra, kreditorlar yig‘ilishi muhim vakolatlarga ega. Jumladan, ular:
- ➖qarzni qayta tuzish rejasini tasdiqlashi;
- ➖uni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishi;
- ➖jismoniy shaxsni bankrot deb topish haqida sudga murojaat qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Jarayon davomida qarzdorga qanday cheklovlar qo‘yiladi?
Qarzni restrukturizatsiya qilish jarayoni joriy etilgandan so‘ng qarzdor shaxsning ayrim huquqlari cheklanadi.
Masalan, Qonunning 206-moddasiga binoan qarzdor:
| № | Oqibatlari |
|---|---|
| 1 | yirik mol-mulkni (BHMning 40 baravaridan ortiq mol-mulk) erkin sotolmaydi; |
| 2 | yangi kreditlar ololmaydi; |
| 3 | kafillik yoki kafolat bera olmaydi; |
| 4 | mol-mulkni garovga qo‘ya olmaydi. |
Bunday bitimlar faqat kreditorlar yig‘ilishining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Bundan tashqari, qarzdorning moliyaviy operatsiyalari moliyaviy boshqaruvchi nazorati ostida amalga oshiriladi.
Agar qarzni qayta tuzish rejasi amalga oshmasa nima bo‘ladi?
Agar qarzni restrukturizatsiya qilish rejasi tasdiqlanmasa yoki bajarilmasa, sud jismoniy shaxsni bankrot deb topishi mumkin.
Ushbu qonun 218-moddasiga asosan, bunday hollarda sud:
- ▪️jismoniy shaxsni bankrot deb topadi;
- ▪️uning mol-mulkini sotish tartibini boshlaydi.
Mol-mulk realizatsiya qilinib, undan tushgan mablag‘lar kreditorlarning talablarini qondirishga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, sud qarzdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketish huquqini vaqtincha cheklash choralarini ham qo‘llashi mumkin.
“Bankrot qilib beramiz” degan reklamalarga ehtiyot bo‘lish kerak
Ko‘rinib turibdiki, jismoniy shaxsning bankrotligi qarzlardan oddiy qutulish mexanizmi emas. Bu jarayon:
| 1 | sud nazorati ostida amalga oshiriladi; |
| 2 | qarzdorning mol-mulki sotilishi mumkin; |
| 3 | uning moliyaviy faoliyati cheklanadi; |
| 4 | ayrim huquqlari vaqtincha cheklanishi mumkin. |
Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan “bankrot qilib beramiz” kabi reklamalarga ehtiyotkorlik bilan yondashish zarur. Fuqarolarga ko‘pincha faqat jarayonning “ijobiy tomoni” tushuntiriladi, ammo uning real huquqiy oqibatlari haqida to‘liq ma’lumot berilmaydi.
Bankrotlik jarayoni sud tartibida amalga oshiriladi va u qator huquqiy hamda moliyaviy oqibatlarga olib keladi. Shu sababli fuqarolar bunday masalalarda ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarga ko‘r-ko‘rona ishonmasdan, avvalo qonunchilik talablarini o‘rganishi va zarur hollarda malakali yuristlardan maslahat olishi maqsadga muvofiqdir.