Uglerod birligi fuqarolik huquqining obyekti sifatida
So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq munosabatlarning rivojlanishi natijasida yangi iqtisodiy instrumentlar, jumladan, uglerod birliklari (carbon units) shakllanmoqda. Ushbu birliklar iqlim loyihalari natijasida kamaytirilgan issiqxona gazlari hajmini ifodalaydi va amaliyotda mustaqil iqtisodiy qiymatga ega bo‘lgan muomala obyekti sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Uglerod birliklarining muomalasi reyestr orqali amalga oshirilishi, shartnomaviy asosda erkin aylanishi hamda ularning iqtisodiy qiymatga egaligi ushbu institutni fuqarolik huquqi doirasida tahlil qilish zaruratini keltirib chiqarmoqda. Biroq, ularning huquqiy tabiatini aniqlash masalasi hanuzgacha ochiq qolmoqda.
Uglerod birliklarini moddiy ashyo, ma’muriy ruxsatnoma yoki raqamli aktiv sifatida baholash to‘liq asosli emas. Shu sababli ularning fuqarolik huquqi tizimidagi o‘rni alohida ilmiy yondashuvni talab qiladi.
Mazkur maqolaning maqsadi uglerod birliklarining huquqiy tabiatini aniqlash hamda ularni fuqarolik huquqining yangi turdagi obyekti sifatida baholashdan iborat.
Uglerod birligi (carbon unit) oddiy qilib aytganda, bu – atmosferaga chiqarilmagan yoki kamaytirilgan issiqxona gazlarining “hisob birlikdagi ifodasi”dir. Odatda u 1 tonna karbonat angidrid (CO₂) ekvivalentiga teng bo‘ladi.
Buni kundalik hayotga yaqin misolda tushuntirish mumkin. Masalan, bir korxona ishlab chiqarish jarayonida juda ko‘p gaz chiqaradi. Boshqa bir korxona esa ekologik loyiha qilib, daraxt ekadi yoki chiqindilarni kamaytiradi va natijada havoga chiqadigan gaz miqdorini kamaytiradi. Shu kamaytirish natijasida hosil bo‘lgan “foyda” maxsus hisobga olinadi va u uglerod birligi sifatida rasmiylashtiriladi.
Endi birinchi korxona o‘z chiqindilarini “qoplash” uchun shu uglerod birliklarini sotib olishi mumkin. Ya’ni:
- ▪️bir korxona – ifloslantiradi;
- ▪️boshqa korxona – kamaytiradi;
- ▪️natijada ular o‘rtasida “uglerod birligi” orqali hisob-kitob bo‘ladi.
Shu jihatdan uglerod birligi oddiy mahsulot emas, balki ekologik natijaning qiymatga aylangan shakli hisoblanadi.
Uglerod birliklarining yana bir muhim jihati – ular oddiy buyum (ashyo) emas. Masalan, telefon, mashina yoki yer uchastkasini qo‘l bilan ushlab ko‘rish mumkin. Lekin uglerod birligini ushlab bo‘lmaydi. U faqat maxsus elektron reyestrda yozuv sifatida mavjud bo‘ladi.
Bu jarayonni bankdagi pulga o‘xshatish mumkin. Masalan, bank kartangizda 1 million so‘m bor. Siz uni qo‘lda ushlab turmaysiz, lekin u sizga tegishli. Uglerod birligi ham shunga o‘xshaydi: u reyestrda yozuv sifatida mavjud, egasi bor, boshqalarga o‘tkazish mumkin.
Huquqiy jihatdan qaraganda, uglerod birliklari bilan bog‘liq munosabatlar asosan shartnomalar orqali amalga oshiriladi. Masalan: sotish (oldi-sotdi), topshirish, kompensatsiya qilish.
Lekin bu yerda bir muhim farq bor: uglerod birligi oddiy mahsulot kabi qo‘ldan-qo‘lga berilmaydi, balki uning egasi reyestrdagi yozuvni o‘zgartirish orqali almashadi.
Bu jihatdan uglerod birliklari ma’lum darajada qimmatli qog‘ozlarga o‘xshash. Masalan, aksiyalar yoki obligatsiyalar ham ko‘pincha qog‘oz shaklida emas, balki elektron reyestrda qayd etiladi va ularning o‘tkazilishi ham aynan shu reyestrdagi yozuvni o‘zgartirish orqali amalga oshiriladi.
Shunga o‘xshash tarzda, uglerod birligining ham “mavjudligi” va “egasi” reyestr orqali aniqlanadi. Biroq, qimmatli qog‘ozlardan farqli ravishda, uglerod birliklarining qiymati moliyaviy instrument sifatida emas, balki tasdiqlangan ekologik natijaga asoslanadi.
Amaldagi qonunchilikda ham uglerod birligi iqlim loyihasi natijasida kamaytirilgan issiqxona gazlari miqdori sifatida belgilanadi va ular bilan bog‘liq barcha operatsiyalar maxsus reyestrda qayd etiladi. Bu esa ularning alohida tartibda muomalaga kiritilganligini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, uglerod birligi moddiy buyum emas, ekologik natijani ifodalaydi. U iqtisodiy qiymatga ega, reyestrda hisobga olinadi, shartnomalar orqali fuqarolik muomalasida qatnashadi. Shu sababli uni oddiy tovar yoki xizmat sifatida emas, balki o‘ziga xos (maxsus) huquqiy obyekt sifatida tushunish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Uglerod birliklarining fuqarolik huquqi tizimidagi o‘rnini aniqlash uchun, avvalo, ularning huquqiy tabiatiga nisbatan mavjud ilmiy yondashuvlarni tahlil qilish zarur. Chunki aynan ushbu masala ularni to‘g‘ri klassifikatsiya qilish – amaliyotda shartnomalarni tuzish, huquqlarni o‘tkazish va ularni himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi kunda ilmiy adabiyotlarda uglerod birliklarini turlicha talqin qilish holatlari uchraydi. Ularni asosan to‘rtta yondashuv doirasida ko‘rib chiqish mumkin.
I. Uglerod birligini ashyo (narsa) sifatida talqin qilish.
Ba’zi yondashuvlarda uglerod birliklari muomalada erkin qatnashgani sababli ularni oddiy mulk obyekti sifatida baholash taklif etiladi. Ya’ni ular sotiladi, sotib olinadi va iqtisodiy qiymatga ega bo‘lgani uchun “ashyo” sifatida ko‘riladi.
Biroq, bu yondashuv kamchiliklarga ega. Eng avvalo, uglerod birligi moddiy shaklga ega emas va uni individual tarzda ajratish yoki egallash mumkin emas. Fuqarolik huquqida ashyo tushunchasi odatda moddiy obyektlar bilan bog‘liq bo‘lib, uglerod birligi bu talablarga javob bermaydi.
Shu sababli, uglerod birliklarini ashyo sifatida e’tirof etish ilmiy jihatdan asosli emas.
II. Ma’muriy ruxsat yoki kvota sifatida talqin qilish.
Yana bir yondashuvga ko‘ra, uglerod birliklari davlat tomonidan beriladigan ruxsatnoma yoki kvotalarga o‘xshash tarzda talqin qilinadi. Masalan, ayrim tizimlarda korxonalarga ma’lum miqdorda chiqindi chiqarish huquqi beriladi va bu kvotalar muomalada qatnashadi.
Lekin, uglerod birliklari kvotalardan muhim jihatlari bilan farq qiladi. Kvotalar odatda davlat tomonidan beriladi va ommaviy-huquqiy xarakterga ega bo‘ladi. Uglerod birliklari esa, aksincha, ko‘pincha xususiy tashabbus asosida – iqlim loyihalari natijasida – yaratiladi va fuqarolik muomalasida erkin qatnashadi. Shu sababli ularni to‘liq ma’muriy-huquqiy institut sifatida baholash ham to‘g‘ri emas.
III. Raqamli aktiv sifatida talqin qilish.
Zamonaviy yondashuvlarda uglerod birliklarini raqamli aktivlar bilan qiyoslash holatlari ham mavjud. Haqiqatan ham, ularning reyestrda mavjudligi, elektron shaklda hisobga olinishi va ayrim hollarda tokenlash imkoniyati bunday o‘xshashlikni yuzaga keltiradi.
Ammo, bu yondashuv ham to‘liq asosli emas. Raqamli aktivlarning qiymati ko‘pincha texnologik yoki moliyaviy omillarga bog‘liq bo‘ladi. Uglerod birliklarining qiymati esa, birinchi navbatda, tasdiqlangan ekologik natija – ya’ni chiqindilarni kamaytirish – bilan belgilanadi.
Demak, ular shaklan raqamli aktivlarga o‘xshash bo‘lsa-da, mazmunan boshqa tabiatga ega.
IV. Mulkiy huquq sifatida talqin qilish.
Hozirgi ilmiy qarashlarda eng asosli yondashuv uglerod birliklarini mulkiy huquq (имущественное право) sifatida talqin qilish hisoblanadi.
Bu yondashuvga ko‘ra, uglerod birligi – bu moddiy obyekt emas, balki ma’lum bir ekologik natijani ifodalovchi va uni boshqa shaxslarga o‘tkazish imkonini beruvchi huquqdir. Ya’ni u o‘z mohiyatiga ko‘ra talab huquqiga yaqin turadi.
Bunday yondashuv bir nechta muhim belgilarga asoslanadi:
| № | Muhim belgilari |
|---|---|
| 1 | uglerod birligi moddiy shaklga ega emas; |
| 2 | u faqat reyestr orqali mavjud bo‘ladi; |
| 3 | uning o‘tkazilishi shartnoma asosida amalga oshiriladi; |
| 4 | u iqtisodiy qiymatga ega va muomalada qatnashadi. |
Shu bilan birga, bu huquq oddiy talab huquqidan ham farq qiladi. Chunki u an’anaviy majburiyat munosabatlariga emas, balki ekologik natijaga asoslanadi va maxsus reyestr tizimi orqali amal qiladi.
Yuqoridagi yondashuvlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, uglerod birliklari mavjud fuqarolik huquqi obyektlari tizimiga to‘liq mos kelmaydi. Ular ashyo emas, to‘liq ma’muriy ruxsat ham emas, oddiy raqamli aktiv ham emas. Shu sababli ularni eng to‘g‘ri talqin qilish – bu mulkiy huquqqa yaqin, lekin o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan yangi turdagi fuqarolik huquqi obyekti sifatida baholashdir.
Uglerod birliklarining huquqiy tabiatini aniqlashdagi eng muhim masalalardan biri – ularni fuqarolik huquqi obyektlari tizimida qayerga joylashtirish masalasidir. Chunki har qanday obyektning huquqiy maqomi uning muomaladagi ishtiroki, unga nisbatan qo‘llaniladigan normalar va himoya mexanizmlarini belgilaydi.
An’anaviy ravishda fuqarolik huquqi obyektlari ashyolar (moddiy obyektlar), pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar, mulkiy huquqlar, intellektual faoliyat natijalari, shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa moddiy va nomoddiy boyliklar kabi guruhlarga ajratiladi.
Uglerod birliklari yuqoridagi klassik kategoriyalarning hech biriga to‘liq mos kelmaydi.
- Birinchidan, ular moddiy shaklga ega emasligi sababli ashyolar qatoriga kiritib bo‘lmaydi.
- Ikkinchidan, ular pul yoki qimmatli qog‘oz sifatida ham to‘liq tavsiflanmaydi, chunki ularning qiymati moliyaviy majburiyat yoki daromadga emas, balki ekologik natijaga asoslanadi.
- Uchinchidan, ularni oddiy mulkiy huquq sifatida baholash ham yetarli emas, chunki ular an’anaviy majburiyat munosabatlaridan tashqarida shakllanadi.
Shu sababli, uglerod birliklari fuqarolik huquqida mavjud klassik obyektlar tizimidan “chiqib ketadigan” yangi fenomen sifatida namoyon bo‘lmoqda. Yuqoridagi tahlillar uglerod birliklarini eng to‘g‘ri talqin qilish – ularni fuqarolik huquqining o‘ziga xos (sui generis) obyekti sifatida e’tirof etish ekanini ko‘rsatadi.
Bu yondashuv ularning nomoddiy tabiatini, reyestrga bog‘liqligini, majburiy-huquqiy xarakterini, iqtisodiy muomaladagi rolini bir vaqtning o‘zida hisobga olish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasida 2025-yilda “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, unda uglerod birliklari tushunchasi va ularning muomalasi asoslari belgilab berildi.
Biroq ushbu normativ-huquqiy hujjatda uglerod birliklarining fuqarolik-huquqiy maqomi aniq ochib berilmagan. Ya’ni ularning obyekt sifatidagi turi, ularga nisbatan qo‘llaniladigan fuqarolik-huquqiy normalar va shartnomaviy rejimi yetarli darajada aniqlashtirilmagan.
Mazkur tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, uglerod birliklari fuqarolik huquqining an’anaviy obyektlari tizimiga to‘liq mos kelmaydi. Ular moddiy shaklga ega emas, reyestr orqali mavjud bo‘ladi va iqtisodiy muomalada faol ishtirok etadi.
Shu sababli uglerod birliklarini fuqarolik huquqining o‘ziga xos (sui generis) obyekti sifatida e’tirof etish eng maqbul yondashuv hisoblanadi.