Vindikatsiya: klassik model va zamonaviy muammolar
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarda mulkni himoya qilish muhim ahamiyatga ega bo‘lib, uning asosiy vositalaridan biri vindikatsiya hisoblanadi. Fuqarolik kodeksining 228-moddasiga ko‘ra, mulkdor o‘z mol-mulkini qonunsiz egalikdan talab qilib olishga haqli.
Biroq raqamli iqtisodiyot rivoji natijasida hujjatsiz qimmatli qog‘ozlar, raqamli huquqlar va kriptovalyuta kabi nomoddiy aktivlar keng tarqalmoqda. Bu esa klassik vindikatsiya institutining qo‘llanishi bilan bog‘liq savollarni yuzaga keltiradi.
Mazkur maqolada ushbu muammo ilmiy-ommabop yondashuvda tahlil qilinadi.
Vindikatsiya instituti
Fuqarolik huquqida mulk huquqini himoya qilish turli usullar orqali amalga oshiriladi. Ularning ichida ashyo-huquqiy himoya vositalari alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ular mulkdorning huquqlarini bevosita tiklashga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Vindikatsiya aynan shunday vositalardan biri bo‘lib, u mulkdorning o‘z mol-mulkini boshqa shaxsning noqonuniy egaligidan qaytarib olishiga xizmat qiladi.
Vindikatsiya (lotincha rei vindicatio) – bu mulkdorning o‘ziga tegishli mol-mulkni uni qonunsiz egallab turgan shaxsdan naturada qaytarib olishga qaratilgan ashyo-huquqiy da’vodir. Mazkur institutning asosiy vazifasi buzilgan mulk huquqini tiklashdan iborat bo‘lib, u mulkni aynan o‘z holatida qaytarishga yo‘naltirilgan.
Vindikatsiya institutini boshqa huquqiy himoya vositalaridan ajratib turuvchi bir qator muhim belgilar mavjud. Ushbu belgilar va uni qo‘llash haqida quyidagi maqola orqali tanishib chiqishingiz mumkin.
Vindikatsiya institutining evolyutsiyasi
Vindikatsiya instituti fuqarolik huquqining eng qadimiy va barqaror kategoriyalaridan biri hisoblanadi. Uning ildizlari Rim huquqiga borib taqaladi va aynan shu davrda shakllangan rei vindicatio instituti bugungi zamonaviy huquq tizimlarida ham o‘z aksini topgan. Shu jihatdan, vindikatsiya instituti tarixiy jihatdan sinovdan o‘tgan va mulk huquqini himoya qilishning universal vositasi sifatida qaralib kelgan.
Rim huquqida rei vindicatio – bu mulkdorning o‘z mulkini noqonuniy egallab turgan shaxsdan qaytarib olishga qaratilgan da’vo sifatida shakllangan. Ushbu modelda asosiy urg‘u mulk bilan shaxs o‘rtasidagi mustahkam huquqiy bog‘liqlikka qaratilgan bo‘lib, aynan shu bog‘liqlik mulkdorga o‘z mulkini har qanday uchinchi shaxsdan talab qilish imkonini bergan.
Mazkur yondashuv keyinchalik kontinental huquq tizimlari orqali rivojlantirilib, zamonaviy fuqarolik qonunchiligida o‘z ifodasini topdi. Jumladan, O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 228-moddasi ham aynan ushbu klassik modelga asoslangan bo‘lib, unda mulkdorning o‘z mol-mulkini noqonuniy egalikdan talab qilib olish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.
Klassik model quyidagi asosiy elementlarga tayanadi:
- ▪️mulkning moddiy (ashyoviy) tabiati;
- ▪️egalikning faktik mavjudligi;
- ▪️mulkni naturada qaytarish imkoniyati borligi.
Ushbu elementlar vindikatsiyaning uzoq vaqt davomida samarali ishlashini ta’minlab kelgan.
Iqtisodiy munosabatlarning murakkablashuvi va yangi mulk obyektlarining paydo bo‘lishi vindikatsiya institutining klassik shaklini qayta ko‘rib chiqish zaruratini yuzaga keltirdi. An’anaviy yondashuvga ko‘ra, vindikatsiya faqat moddiy ashyolarga nisbatan qo‘llanilishi lozim edi. Chunki ushbu institutning markazida “egalik” tushunchasi turadi. Egalik bu – mol-mulk ustidan faktik hukmronlik, ya’ni uni real tarzda boshqarish imkoniyatidir.
Biroq amaliyot shuni ko‘rsatdiki, zamonaviy iqtisodiyotda muhim ahamiyat kasb etuvchi ko‘plab obyektlar moddiy shaklga ega emas.
Shu sharoitda sud amaliyotida va ilmiy doiralarda vindikatsiya institutini keng talqin qilish tendensiyasi yuzaga keldi. Xususan, ayrim hollarda nomoddiy obyektlarga nisbatan ham vindikatsiya qoidalarini analogiya asosida qo‘llash holatlari kuzatiladi. Bu esa klassik modelning qat’iy chegaralari amaliy ehtiyojlar ta’sirida asta-sekin kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Agar klassik modelda egalik mol-mulk ustidan faktik nazoratni anglatgan bo‘lsa, zamonaviy sharoitda ko‘plab obyektlar ustidan “egalik” tushunchasi reyestr yoki axborot tizimidagi yozuv orqali ifodalanadi. Masalan, hujjatsiz qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan huquq ularning fizik mavjudligi bilan emas, balki tegishli hisobvaraq yoki reyestrdagi yozuv bilan belgilanadi.
Natijada, muhim savol yuzaga keladi: agar mulk ustidan faktik egalik mavjud bo‘lmasa, uni “qonunsiz egalikdan qaytarib olish” qanday amalga oshiriladi?
Bu esa vindikatsiya institutining klassik konstruksiyasi zamonaviy iqtisodiy munosabatlarga to‘liq mos kelmasligini ko‘rsatadi. Shu bois, ilmiy adabiyotlarda quyidagi yondashuvlar shakllanmoqda:
- ▪️klassik vindikatsiyani analogiya orqali qo‘llash;
- ▪️ayrim obyektlarga nisbatan uni cheklash;
- ▪️yoki umuman yangi huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish.
Demak, vindikatsiya instituti tarixan barqaror va samarali bo‘lib kelganiga qaramay, zamonaviy iqtisodiy sharoitda u muayyan transformatsiyaga muhtoj ekanligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu esa ushbu institutning zamonaviy qo‘llanish muammolarini yanada chuqurroq tahlil qilish zaruratini keltirib chiqaradi.
Zamonaviy huquq tizimlarida ayrim obyektlarga nisbatan “ishonchlilik” prinsipi qo‘llaniladi. Mazkur prinsipga ko‘ra, davlat reyestrlarida qayd etilgan ma’lumotlar ishonchli deb hisoblanadi va uchinchi shaxslar aynan shu ma’lumotlarga tayanib harakat qiladi.
Bunday sharoitda mulk huquqi reyestrda boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa va hatto u noto‘g‘ri asosda vujudga kelgan bo‘lsa ham, uni oddiy vindikatsiya da’vosi orqali qaytarib olish imkoni cheklanadi (bu yana bir institut Torrens tizimiga mos keladi).
Bu, ayniqsa, quyidagi obyektlarga nisbatan yaqqol namoyon bo‘ladi:
- ▪️ko‘chmas mulk (davlat reyestri mavjud bo‘lgan hollarda);
- ▪️hujjatsiz qimmatli qog‘ozlar;
- ▪️korporativ huquqlar;
- ▪️ayrim raqamli aktivlar.
Natijada, mulkni qaytarish masalasi ko‘pincha vindikatsiya emas, balki reyestr yozuvini bekor qilish yoki huquqni e’tirof etish kabi boshqa huquqiy mexanizmlar orqali hal etiladi.
Raqamli aktivlar kontekstida vindikatsiya institutining qo‘llanishi ayniqsa murakkablashadi. Buning asosiy sababi shundaki, bu obyektlarda klassik “ashyoviylik” elementi umuman mavjud emas.
Masalan, kriptovalyuta yoki tokenlar jismoniy shaklga ega emas, ularning mavjudligi blokcheyn tizimidagi yozuvlar bilan belgilanadi, ularga egalik qilish maxfiy kalitlar orqali amalga oshiriladi.
Bunday obyektlarga nisbatan quyidagi savollar tug‘iladi:
- 1. ularni “qonunsiz egalik” sifatida qanday baholash mumkin?
- 2. ularni “naturada qaytarish” nimani anglatadi?
- 3. sud qarori orqali blokcheyndagi yozuvni o‘zgartirish mumkinmi?
Bu savollar klassik vindikatsiya konstruksiyasi raqamli obyektlarga nisbatan to‘liq qo‘llanish imkoniyatiga ega emasligini ko‘rsatadi.
Shu bois, ilmiy adabiyotlarda ayrim hollarda vindikatsiyani analogiya asosida qo‘llash mumkin, biroq ko‘plab hollarda maxsus huquqiy mexanizmlar zarurligi, ayniqsa, “registratsiya qilinadigan mulk” tushunchasini alohida kategoriya sifatida ajratish taklif etilmoqda.
Yuqoridagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, vindikatsiya instituti fuqarolik huquqining klassik va fundamental elementlaridan biri bo‘lishiga qaramay, zamonaviy iqtisodiy munosabatlar sharoitida u muayyan transformatsiyaga muhtojdir.
Ilmiy adabiyotlar va huquqni qo‘llash amaliyotida vindikatsiya institutini zamonaviy obyektlarga nisbatan qo‘llash borasida turli yondashuvlar shakllangan.
| Birinchi yondashuv | Ikkinchi yondashuv | Uchinchi yondashuv |
|---|---|---|
| klassik modelni saqlab qolgan holda uni keng talqin qilishdir. Bu yondashuv tarafdorlari ayrim hollarda nomoddiy obyektlarga nisbatan ham vindikatsiya qoidalarini analogiya asosida qo‘llash mumkinligini ta’kidlaydi. Bunday yondashuv amaliy ehtiyojlardan kelib chiqadi va muayyan darajada moslashuvchanlikni ta’minlaydi. | vindikatsiyani qat’iy ravishda moddiy ashyolar bilan cheklashdan iborat. Ushbu pozitsiyaga ko‘ra, nomoddiy obyektlarga nisbatan klassik ashyo-huquqiy mexanizmlarni qo‘llash mantiqan asosli emas, chunki bu obyektlarda egalik tushunchasi an’anaviy mazmunda mavjud emas. | yangi huquqiy konstruksiyalarni ishlab chiqish zaruratini ilgari suradi. Mazkur yondashuv zamonaviy iqtisodiyot sharoitida mavjud huquqiy vositalar yetarli emasligini tan oladi va yangi institutlar yoki kategoriyalarni shakllantirishni taklif etadi. |
Bizningcha, yuqoridagi yondashuvlar ichida uchinchi yondashuv eng istiqbolli hisoblanadi. Xususan, zamonaviy fuqarolik muomalasida keng tarqalgan obyektlarni yagona nazariy asosda tushuntirish uchun “registratsiya qilinadigan mulk” (yoki “reyestrga asoslangan mulk”) tushunchasini alohida kategoriya sifatida ajratish maqsadga muvofiqdir.
Mazkur kategoriya yuqoridagi nomoddiy aktivlarni qamrab olishi mumkin.
Bu obyektlarning umumiy jihati shundaki, ularga bo‘lgan huquq faktik egalik orqali emas, balki tegishli reyestr yoki axborot tizimidagi yozuv orqali belgilanadi. Shu bois, ularni himoya qilish ham klassik vindikatsiya emas, balki:
- ▪️reyestr yozuvini o‘zgartirish,
- ▪️huquqni qayta tiklash,
- ▪️yoki maxsus protsessual mexanizmlar orqali amalga oshirilishi lozim.
Vindikatsiya instituti fuqarolik huquqining eng muhim va tarixiy jihatdan shakllangan himoya vositalaridan biri hisoblanadi. U mulk huquqining buzilgan holatlarini tiklashda samarali va ishonchli mexanizm sifatida uzoq vaqt davomida qo‘llanilib kelmoqda.
Biroq zamonaviy iqtisodiy rivojlanish, ayniqsa raqamli aktivlar va nomoddiy mulk obyektlarining keng tarqalishi ushbu institutning universal xususiyatini shubha ostiga qo‘yadi. Klassik vindikatsiya modeli barcha turdagi mulk obyektlariga bir xil darajada tatbiq etilishi mumkin emasligi tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Shu sababli, zamonaviy fuqarolik huquqi oldida turgan asosiy vazifalardan biri mulk huquqini himoya qilishning yangi, moslashuvchan va samarali mexanizmlarini ishlab chiqishdan iboratdir. Bu jarayonda vindikatsiya instituti o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi, biroq u yangi iqtisodiy sharoitlarga mos ravishda qayta talqin etilishi va rivojlantirilishi zarur.