Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi Nizomda yo‘l harakati qatnashchilarining bir qator huquqlari qayd etilgan.
Ulardan biri YPX xodimlaridan dislokatsiyani so‘rashdir. Lekin bu huquqdan har qanday vaziyatda foydalanish mumkinmi? Yo‘q unday emas!
Nizom 34-bandiga muvofiq ko‘chma fotoradar va mobil komplekslarni qo‘llash joyi va vaqti DYHXX saf bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan dislokatsiyaga muvofiq belgilanadi.
Mana shu qoidaga ko‘ra YPX xodimi dislokatsiyaga asosan biriktirilgan hududda xizmat olib borishi mumkin.
Bunda yuqoridagi nizomning 18-bandida haydovchi huquqbuzarlik to‘g‘risida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgandan so‘ng tegishli DYHXX saf bo‘limi (bo‘linmasi)ga murojaat etib, o‘zi to‘xtatilgan hududda YPX xodimi xizmat olib borishi mumkinligi to‘g‘risidagi dislokatsiya haqida yozma ma’lumot berishni talab qilish huquqiga egaligi belgilangan.
Shunday ekan, agar haydovchida uni YPX xodimi tomonidan to‘xtatilib unga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilishiga e’tiroz bo‘lgan taqdirda, u dislokatsiyasini YPX xodimidan emas, balki DYHXX saf bo‘limi (bo‘linmasi)dan so‘rashga haqli.
Agar xodim bayonnoma rasmiylashtirilgan hududda dislokatsiyasiz xizmat qilayotgan bo‘lsa, u tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnoma va jarima bekor qilinishi mumkin.
Chunki YPX xodimi tomonidan o‘ziga biriktirilgan hudud dislokatsiyasidan tashqarida qoidabuzarliklar bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirish taqiqlanadi (nizom 42-band).