Aliment bolaning haqqi! Shu tufayli ota-ona ularni moddiy jihatdan ta’minlamasa, davlat qonuniy yo‘l bilan ulardan voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment undiradi.
Oila kodeksining 96-moddasida har bir ota-ona o‘zining voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to‘lashi shart ekanligi belgilangan.
Mana shu qoidalarga ko‘ra ota-ona aliment to‘lashdan bosh torta olmaydi. Bolaning manfaatlari uchun ota-onadan aliment undirishda ularning ish joyiga egaligi ahamiyatga ega emas. Ota qayerda ishlashidan qat’iy nazar undan aliment belgilangan tartibda undiriladi.
Aliment undirish uchun fuqarolik sudining hal qiluv qarori yoki buyrug`i asos bo`ladi. Mazkur asoslardan biri mavjud bo`lganda MIBga murojaat qilish lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-maydagi PQ–3016-son qaroriga 4-ilova bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi to‘g‘risida”gi nizomga 9-bandiga muvofiq
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash, ijro hujjatlari hamda undirilgan mablag‘larning haqqoniy hisobini yuritish, ijro ishi yuritishda sansalorlik va suiste’molchilik holatlarini oldini olish Majburiy ijro byurosi (MIB)ning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, nizomning 12-bandiga ko‘ra sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarning o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini ta’minlash sohada MIB javobgar hisoblanadi. Ushbu qoidaning mazmuniga ko‘ra sud qarorlarini ijro etishga vakolatli va majburiyatli organ bu MIB. Shunga ko‘ra ijrochi sud hujjatini unday qanday tartibda yozilgan bo‘lsa, shunday tartibda ijro etishi kerak.
Agar aliment to‘lovchi o‘z vaqtida alimentni to‘lmasa, uning o‘rniga bu summani davlat to‘lab berishi rost. Biroq buning uchun aliment to‘lovchiga nisbatan jinoiy javobgarlik chorasi qo‘llanilgan bo‘lishi kerak.
Qarang! Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 avgustdagi 427-son qaroriga ilovada tasdiqlangan “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi to‘g‘risida”gi nizom 12-bandiga ko‘ra
voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdordan jinoyat ishlari bo‘yicha suddan kelib tushgan aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni (ushbu jinoyat natijasida yetkazilgan zararni) undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochisi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan undirish choralari ko‘riladi.
Bunda qonunchilik hujjatlarida belgilangan barcha choralar natijasiz bo‘lgan taqdirda, davlat ijrochisi tomonidan aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi hamda ikki ish kunidan kechiktirilmagan holda to‘lovlarni amalga oshirish uchun tizim orqali Jamg‘armaga yuboriladi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, davlat aliment undirish bo‘yicha barcha choralar natijasiz bo‘lgandagina, alimentni to‘lab beradi.
Bunda Oila kodeksining 139-moddasiga muvofiq
aliment qarzini undirish ish haqi va (yoki) boshqa daromad yetarli bo‘lmaganda, aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning:
- banklar va boshqa tashkilotlaridagi hisobvaraqlarida turgan pul mablag‘idan (agar mavjud bo‘lsa);
- tijorat va tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlarga shartnoma asosida o‘tkazilgan pul mablag‘idan undiriladi, Bu mablag‘ yetarli bo‘lmaganda undirish aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning qonun bo‘yicha undirish qaratilishi mumkin bo‘lgan har qanday mol-mulkiga qaratiladi.
Yuqoridagi qoidalarning mazmuniga ko‘ra aliment to‘lovchi shaxsdan aliment qarzdorligini undirishning yuqoridagi choralari ko‘riladi. Agar ular natija bermasa, unda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 47-4(prim)-moddasiga ko‘ra o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga yoki ushbu Kodeksga muvofiq ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yodda tuting! Shaxsni yuqoridagi norma bilan javobgarlikka tortish uni aliment qarzdorligini to‘lashdan ozod qilmaydi.
Shundan so‘ng ham aliment to‘lovchi 1 yil ichida o‘z majburiyatini bajarmasa, keyin unga Jinoyat kodeksining 122-moddasiga ko‘ra jinoiy ish qo‘g‘zatiladi.
Yuqoridagi harakatlar amalga oshirilgandan keyin aliment davlat tomonidan to‘lab beriladi.