Alkotesterdan o‘tishdan bosh tortish mumkin
Har birimizga yaxshi ayonki, Ichki ishlar xodimlari va fuqarolar o‘rtasida doimiy nizolar kuzatiladigan holatlardan biri bu xaydovchining mastlik holatini aniqlashdir.
Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 05.04.2024-yildagi 190-son Qaroriga asosan, quyidagilar alkotester tekshiruvini o‘tkazish uchun asos bo‘ladi:
- shaxsning og‘iz bo‘shlig‘idan alkogol hidi kelishi;
- shaxsning bir holatda to‘g‘ri tura olmasligi (chayqalib turishi);
- shaxs nutqining buzilganligi;
- shaxs qo‘l barmoqlarining qaltirashi;
- shaxs yuz terisi rangining sezilarli o‘zgarganligi.
Ushbu holatlardan boshqa holatlar haydovchini alkotester tekshiruviga jalb qilish uchun asos hisoblanmaydi.
Bundan tashqari, alkotester tekshiruvini ushbu tekshiruvni o‘tkazadigan ma’sul xodim har doim ikki nafar xolis ishtirokida o‘tkazishi kerak hamda xolislar talab qilgan vaqtda ularga alkotesterning qiyoslash sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatishi shart.
Agar ma’sul xodim tekshiriluvchi shaxs va xolislarni alkotesterning hujjat va boshqa ko‘rsatkichlar bilan tanishtirilmaganda yoki maxsus moslama nosozligiga shubha mavjud bo‘lganda yoxud alkotester tekshiruvini o‘tkazish jarayonida sanitariya-gigiyena qoidalari buzilganda, shaxs alkotester tekshiruvidan o‘tishdan bosh tortishga haqli bo‘ladi.